Pokistonning toʻrt shahrida Namangan savdo uylari ochiladi. Ularda qanday mahsulotlar sotuvga qoʻyiladi?

10:45 08 Noyabr 2019 Jamiyat
188 0

Karachi, Lahor, Peshovar va Multon shaharlarida Namangan savdo uylari ochiladigan boʻldi. Pokistonning “Najeb Consultants Pvt” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan bu savdo ofislarida Namangan viloyatida ishlab chiqarilgan tekstil va boshqa yengil sanoat mahsulotlari hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotiladi. Kecha viloyat hokimligi hamda “Najeb Consultants Pvt” kompaniyasi oʻrtasida bu haqda kelishuv imzolandi.

-Oʻzbekiston bilan, Namangan bilan hamkorlik qilamiz, degan kompaniyalar koʻp boʻlishi mumkin, lekin biz bu hamkorlikni amalda koʻrsatayotgankompaniyalardan birimiz, - deb qayd etdi “Najeb Consultants Pvt” rahbari Najib MushrakVoxra. -Afgʻoniston orqali Pokistonga Oʻzbekiston mahsulotlarini sotishni yoʻlga qoʻyganmiz. Uzoq yillardan beri Pokistonning asosiy savdo hamkori boʻlgan Hindiston bilan bugungi kunda munosabatlarimiz biroz taranglashgan. Eron bilan sanksiyalar tufayli tijorat qilish imkoniyati kam. Bunday vaziyatda Oʻzbekiston uchun Pokistonga katta hajmlarda eksport taklif qilish imkoniyati mavjud . Buni amalga oshirishda asosiy rol oʻynamoqchimiz.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xorijiy ishbilarmonga Pokiston shaharlarida ochilayotgan Namangan savdo uylari bilan bir qatorda viloyatning Pop tumanida yirik logistika markazi tashkil etish taklifini aytdi. Bunday logistika markazi nafaqat Namangan, balki vodiyning boshqa viloyatlaridan ham mahsulotlarni yigʻish va qadoqlash uchun qulaylik yaratadi. Najib Mushrak Voxra tomonidan bu taklif ijobiy qabul qilindi.

BAA va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar bilan ham hamkorlik ichida ekanliklarini aytib oʻtgan “Najeb Consultants Pvt” rahbari Namanganda yetishtirilgan organik qishloq xoʻjalik mahsulotlariga bu mamlakatlarda ham talab katta ekanini, biroq aviatransport bilan yuk tashish narxlari biroz baland ekanligi, yetkaziladigan mahsulotlarning tannarxini koʻtarib, raqobatbardoshligini pasaytirayotganini qayd etdi va bu borada chegirma berilishi taʼminlansa, eksport hajmini bir necha bor koʻtarish imkoni borligini taʼkidladi. Viloyat hokimligi tomonidan bu masalada yordam berilishiga kelishib olindi.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?