Poytaxt koʻchalaridagi reklama-eʼlonlar qachon tartibga solinadi?

11:01 22 Oktyabr 2019 Jamiyat
547 0

Arxiv foto

Barchamiz guvohi boʻlib turibmizki, kun sayin poytaxtimiz tobora goʻzal qiyofa kasb etib bormoqda. Ammo baʼzi bir holatlar ham borki, sarishtalik va ozodalikka soya solayotgandek…Soʻzimiz isboti sifatida koʻchalarda betartib ravishda joylashtirilib ketilayotgan reklama, eʼlonlarni aytishimiz mumkin.

Balki, mavzu kim uchundir oddiy holdek, eʼtibor qaratishga arzimasdek tuyular.

Poytaxtimizning markaziy koʻchalaridamiz. Agar bu yoʻllardan mamlakatimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar va sayyohlar kuniga bir necha marta oʻtishini inobatga olganimizda yoinki mavzuni yurtning umumiy imiji hamda bundayin manzaralar bizning qadriyat va urf-odatlarimizga, oʻzligimizga toʻgʻri kelmasligi bilan bogʻlaydigan boʻlsak, masalaning mohiyatini teranroq anglash hech gap emas.

Simyogʻochlar, daraxtlar va avtobus bekatlariga joylangan reklama va eʼlonlar xunuk qiyofa kasb etmoqdaki, bu holga kimni aybdor qilib koʻrsatish haqida oʻyga tolasan, kishi.

Ayrim manzaralarga boqib, bundayin tarzda oʻz xizmatlarini taklif qilish faqatgina atrof-muhitga zarar keltirmoqda, shahar chiroyiga putur yetkazyapti xolos deb aytishimiz mumkin.

Yana kimdirning bir turdagi reklamasini turnaqator qilib, daraxtlarga yopishtirib chiqqanini kuzatar ekansiz, oʻninchi yo oʻn birinchi daraxtga kelganida ham nahot qilayotgan ishi toʻgʻri emasligini anglamagan boʻlsa degan oʻy oʻtadi koʻnglimizdan.

Oʻzbekiston davlat Jahon tillarining universitetining shundoq yonginasidagi avtobus bekati. Yoʻlingiz tushsa, bir eʼtibor bilan qarab oʻting. Nahot, jilla qursa, universitet rahbariyati shu masalaga eʼtibor qaratmadi. Eshigingdan chiqishing bilan shunday betartib ravishdagi qogʻozlar bilan toʻqnash kelishingizni nahotki oddiy holdek qabul qilaverasiz?!

Yana bilmadik…Bu bilan balki, boshqalar shugʻullanishi kerakdir. Kim bilsin deysiz?!

Biz ushbu holat boʻyicha shu oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan talabalar fikri bilan qiziqdik. Fikrlar deyarli bir xil. Eʼlonlar taxtasining yoʻqligini bu holning bosh sababi deya izohlashdi. Bevosita mana shu hudud ozodaligiga masʼul boʻlgan Inobat Toʻychiyevaning aytishicha, har kuni joylangan eʼlon va reklamalar olib tashlanmasin, baribir befoyda boʻlyapti, biridan keyin ikkinchisi shu ishni takrorlayapti degan mulohazaga duch keldik.

Aytilgan gaplarga ishongan boʻlsak-da, sinchkovlik bilan olib borilgan kuzatuvlarimiz buni aksini koʻrsatdi. Simyogʻochlar, daraxtlar, bekatlar, devorlarda yil va oylar davomida turgan eʼlonlarni topish unchalik ham qiyin emas. Yozuvlari oʻchib ketgan, qogʻoz parchalari ancha vaqtdan beri turganligini boʻlsa qanday izohlash mumkin.

Bizning navbatdagi ishimiz oʻz tadbirkorlik faoliyatini shu yoʻl bilan reklama qilmoqchi boʻlgan tashkilot, firmalar tomonidan eʼlonlarda qoldirilgan telefon raqamlariga bogʻlanib bu holatga ulardan izoh talab qilish boʻldi.

Kimdir soʻzini uzr soʻrash bilan yakunlagan boʻlsa, kimdir bu hamma uchun qulayligini taʼkidladi. Yana kimdir esa barcha koʻchalarda ham eʼlonlar taxtasi yoʻqligini iddao qilishdi.

Mana shu yerda muammoning bir sababi topilgandek, xuddi. Masalaning yechimining bir uchi eʼlonlar taxtasiga borib, taqalmoqda.

Umuman olganda shahar boʻylab kun sayin avj olayotgan bu kabi holatga nima sabab? Balki nafsini yurt chiroyi, uning obodligidan baland qoʻyayotganlar bosh sababchilardir? Unday boʻlsa, nega ularga jazo choralari kuchaytirilmayapti?

Obodonlashtirishga bevosita masʼul shaxslarning koʻzlari qayerda?

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga murojaat qilgan edik. Tunning yarmida belgilangan va tong saharlab yodiga solingan, intervyu berishga rozilik bildirgan mansabdor shaxslar- harchand urinmaylik telefonlarimizni javobsiz qoldirishdi. Tashkilotga kelganimizda savollarimizga javob berish uchun hech kim yoʻqligi, hamma xodimlar muhim ishlar bilan yurganligini aytishdi. Ish kuni shunday katta tashkilotda bir paytning oʻzida hech kim topilmasligi bizni biroz shubhaga soldi hamda shahar koʻchalaridagi bundayin xunuk qiyofalarga mutassaddi tashkilot rahbarlarining oʻz vazifasini sidqidildan bajarmayotgani sabab boʻlmayaptimikan degan savolni berib koʻrdik oʻzimizga…

Sohibjon HOTAMOV(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?