Poytaxt koʻchalarida dizel dvigatelli avtomobillar harakati cheklanadi

12:10 11 Oktyabr 2018 Dunyo
516 0
Foto: dpa

Maʼmuriy ishlar boʻyicha Berlin sudi Germaniya poytaxtidagi ayrim koʻchalarda dizel yoqilgʻisi bilan harakatlanadigan avtomobillar harakatini taqiqlash boʻyicha qaror chiqardi. Bunga atrof-muhitga chiqayotgan azot oksidi meʼyoridan ortib ketayotgani sabab boʻlgan.

Deutsche Welleʼning yozishicha, bunday taqiq 2019 yilning iyul oyiga qadar Berlinning kamida 11 yirik koʻchalariga amalga kiritiladi. Maʼlum qilinishicha, bu Yevro-1 dan Yevro-5gacha boʻlgan ekologik standartlarga ega boʻlgan dizel dvigatelli yengil va yuk mashinalariga tegishlidir. Bundan tashqari, umumiy uzunligi 15 kilometrga teng koʻchalarda ham eski dizel dvigatelli avtomobillar harakati cheklanishi mumkin.

Joriy yilning fevral oyida Leypsig Federal maʼmuriy sudi Hukumatdan Germaniya shaharlarida dizel dvigatelli mashinalar harakatini taqiqlashni soʻrab murojaat qilgan edi. Oʻshanda bu atrof-muhitga tarqalayotgan ozod oksidi miqdori Yevropa Ittifoqida oʻrnatilgan meʼyorlardan oshib ketayotgani bilan izohlangan.

Shundan soʻng Gamburg, Aaxen va Frankfurtda dizelli avtomobillar harakati cheklandi. Ushbu masala Germaniyada ekspertlar, ekologlar va avtomobil egalari oʻrtasida qizgʻin bahs hamda munozaralarga sabab boʻlmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?