Plastik mahsulotlarni taqiqlash mexanizmi ishlab chiqilmoqda

13:59 23 May 2019 Dunyo
424 0

Har yili Buyuk Britaniyada milliardlab plastik ichimlik naychalari ishlatiladi, deb yozadi New Scientist jurnali. Ularning, asosan, dengizga tashlanishi oqibatida suv oʻsimliklariga zarar yetkazilmoqda. Buning oldini olish maqsadida hukumat 2020 yil apreldan aynan plastik ichimlik naychalaridan foydalanishni butunlay taqiqladi. Shuningdek, plastik quloq tozalagichlar ham ishlatilishdan toʻxtatiladi.

Garchi taqiq toʻgʻrisidagi takliflar bir necha yillardan beri bildirib kelinsa-da, u joriy yildan boshlab hammani jiddiy oʻylantira boshladi.

Koʻpchilik kafe, bar va restoranlar allaqachon oʻzlariga mos boshqa choralarni izlashmoqda. Masalan, ularning koʻpchiligi qogʻoz naychalarni sotib ola boshlashgan. Maʼlumotlarga qaraganda, Britaniyaning yillik plastik naychalar isteʼmoli 4,7 milliard, quloq tozalagichlardan foydalanishi esa 1,8 milliard donani tashkil qiladi. Shu tufayli ularning butunlay taqiqlanishi ayrim toifa odamlariga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Bu borada hukumat tibbiy muammosi bor baʼzi fuqarolarga erkinlik berishi mumkin.

Lekin umumiy jamoatchilik qarordan norozi emas. Sinov ishlari oʻtgan yili oktyabrdan boshlangan boʻlsa, shundan buyon jamoatchilikning katta qismi bunga xayrixoh ekanligini bildirgan.

— Bu buyumlar garchi bir necha soniyagina ishlatilsa-da, yuz yillar davomida ham yoʻq boʻlib ketmaydi. Bir lahzalik qulayligimiz uchun biz dengiz olamining qancha yillar davomida zararlanishiga yoʻl qoʻyib beryapmiz — deydi mutaxassislardan biri Mixail Gove.

Garchi yuqoridagi mahsulotlarning taqiqlanishi tabiat muhofazasi uchun qilinayotgan muhim ish boʻlsa-da, hali mamlakatda boshqa bir marta ishlatiladigan turli buyumlar, masalan, ichimlik konteynerlari, kofe idishlariga nisbatan maʼlum miqdorda soliq belgilanmagan. Biroq agar Buyuk Britaniya Yevroittifoq aʼzoligini saqlab qoladigan boʻlsa, 2021 yildan boshlab Yevropa Parlamenti qoidalariga asoslanib bir martalik plastik sanchqi, qoshiq va pichoqlarga ham taqiq qoʻyishni rejalashtirgan. Hukumat vakillariga koʻra, bularning barchasi atrof-muhitni himoya qilish uchun kerakli chora-tadbirlardir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?