Pekinda dunyodagi eng katta aeroport ochildi. U dengiz yulduziga oʻxshaydi

16:08 26 Sentyabr 2019 Dunyo
374 0

Xitoy poytaxti Pekin shahrida Dasin nomli yangi aeroport ochildi. U kelib chiqishi iroqlik boʻlgan britan meʼmori Zaxi Xadid loyihasi asosida qurilgan. Bu dunyodagi eng katta aeroport boʻlib, maydoni 700 ming metr kvadratni tashkil etadi, deb xabar berdi BBC. Bu 98 ta futbol maydoni deganidir.

XXR ushbu inshoot uchun 11 mlrd. dollar sarfladi. U kecha Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 70 yilligi sanoqli kunlar qolganda ochildi. Rasmiy marosimda mamlakat rahbari Si Szinpin qatnashdi.

Xalqaro aeroportlar kengashi maʼlumotlariga koʻra, Dasin yoʻlovchi qabul qilish koʻrsatkichi boʻyicha Atlanta(AQSH) aeroportidan soʻng ikkinchi oʻringa chiqib oladi.

Xitoy rasmiylari ushbu yangi obyekt toʻlib ketgan Pekin xalqaro aeroporti “yuki”ni yengillashtirish uchun zarur ekanligini taʼkidlashmoqda. U yiliga qariyb 130 mln. yoʻlovchini qabul qila oladi, deb yozadi Global Times.

Dasin toʻrtta uchish-qoʻnish yoʻlagi va 150 ta samolyotni sigʻdira oladigan parkka ega. U yerdan 116 ta yoʻnalish(101 ta ichki, 15 ta xalqaro) reys amalga oshiriladi.

Ochilish kunida yangi aeroportdan yettita aviakompaniya parvozlarni bajardi. Birinchi boʻlib China Southern Airlines samolyoti mahalliy vaqt bilan 16:23da havoga koʻtarildi.

Oʻz navbatida British Airways, Aeroflot kabi aviakompaniyalar Dasinga reyslarni yoʻlga qoʻyishini maʼlum qilgan.

Eʼtiborlisi, xavfsizlik tekshiruvi vaqtida yoʻlovchilardan qandaydir hujjatlar yoki posadka taloni talab qilinmaydi. Sababi aeroport shaxsni aniqlash boʻyicha eng ilgʻor tizim bilan taʼminlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?