Parvoz zavqi oʻzingizni topishga yordam beradi

12:12 19 Avgust 2019 Madaniyat
161 0

Richard Baxning “Parvoz zavqi” kitobini oʻqib chiqdim. Rosti ayrim kitoblarni bir oʻqishni boshlab keyin tashlab ham qoʻyaverardim. Lekin “Parvoz zavqi”ni bir qoʻlga olib oxirigacha oʻqimaguncha koʻnglim tinchimadi. Ehtimol bunga kitobning sodda va ravon yozilganligi sabab boʻlgandir. Xoʻsh, bu asar nimasi bilan meni sehrlab oldi, uni nima uchun tavsiya qilayapman?

Koʻpchiligimiz ertadan kechgacha qayoqqadir shoshilamiz, yumushlarimizni tugatishga intilamiz. Shu tariqa kun, oy hatto yillar ham oʻtib ketaveradi. Yonimizdan sirgʻalib oʻtib ketayotgan yillarni sezmay qolamiz va afsuski shu asnoda oʻzimizni qayerdan kelib qayerga ketayotganimizni ham goho tahlil qilolmaymiz. Parvoz zavqi qahramoni Jonatan ismli baliqchi qush atrofidagilarga qaraydi, ularning bir xilda oʻtadigan kunlari, faqat yemish uchun intilishlari unga juda zerikarli tuyuladi. Axir, hayot faqat suv yuzasiga chiqib qolgan oʻlimtik baliqlarni yeyishdan iborat emasku, umrimizni bundan kattaroq va salmoqliroq vazifaga sarflaganimiz maʼqul deb oʻylaydi. U nafaqat oʻylaydi balki shu asnoda yuqoriroqqa, oʻzidan oldingilar zabt etmagan tepaliklarga uchishga erishadi. Afsuski, xuddi hayotdagidek u koʻtarilgani sari uni tushunadiganlar, uni qoʻllab quvvatlaydiganlar kamayadi. Axir kuning tinch oʻtayotgan boʻlsa, yemish tayyor boʻlsa, yuqoriga chiqishni, tepalikka parvoz qilishni oʻrganishning nima keragi bor? Jonatannning qabiladoshlari shunday fikrda. Bu Jonatanni ham oʻz fikridan qaytarishi mumkin edi. Lekin u bir bor boʻlsa-da parvoz mashaqqatini, qiyinligini va albatta zavqini tuygandi. Endi uni hech kim va hech narsa parvoz zavqidan mahrum qilolmasdi.

Siz oxirgi marta qachon orzu qildingiz? Aminmanki, koʻpchiligingiz eslolmaysiz. “Parvoz zavqini oʻqib undan ruhlangach orzu qilishdek buyuk neʼmatni unutib qoʻyganimni sezdim va yana xudda bolakaydek orzu qila boshladim.

Ushbu kitob hech mubolagʻasiz oʻzligingizni topishga yordam beradi. Bu dunyoda tomoshabindek emas, oʻyinchidek yashash kerakligini anglatadi. Oʻzi kichik ammo maqsadi ulkan qushcha bilan vaqtingiz qanday oʻtganini sezmay qolasiz. U bilan birga hayajonlanasiz, kuyinasiz, maqsad qoʻyasiz va hayotga yanayam muxabbat bilan qaray boshlaysiz.

Aslida har birimizda Jonatanga oʻxshagan qushcha yashaydi, afsuski, uni payqashga doim ham vaqt topolmaymiz. Ikkinchi darajali yumushlar uchun vaqtimizni, umrimizni sarflab, asosiy vazifamiz kimgadir yordam berish, ezgulik uchun shoshilishga ulgurmay qolamiz. Jonatan esa muhimi tezlikka erishish, asosiy ishlarga ulgurish ekanligini uqtiradi.

Kitobdan iqtiboslar:

Sen aqldan ozgan qushlar toʻdasini sevishing shart emas. Sen umuman nafrat va yovuzlikka mehr-muxabbat bilan javob qaytarishing shart emas. Sen mashq qilishing va bu qushlarning har birida rahmdil asl baliqchi qushni koʻrishing hamda ularga oʻzlaridagi oʻsha baliqchi qushni koʻrishlariga yordam berishing kerak. Mana shu yordamni men muhabbat, mehr, rahm deb atayman. Sen hamma narsani bilishing mumkin, ammo buni amaliyotda isbot qilmasang, demak, hech narsani bilmaysan.

Baliqchi qush qanchalik yuksak parvoz qilsa, shunchalik uzoqni koʻra oladi.

Jonatan baliqchi qushlarning umri nima uchun qisqaligini angladi: ularning umrini zerkish, qoʻrquv, va gʻazab yeb qoʻyardi, ammo Jonatan zerikish, gʻazab hamda qoʻrquvni unutdi va uzoq baxtiyor hayot kechirdi.

Zuhra ROʻZIYEVA, kitobxon.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?