Parlamentlar roli har qachongidan ham muhimdir

20:53 29 Oktyabr 2020 Siyosat
183 0

Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaning Shveysariyaga tashrifi davomida BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi Boʻlinmasi Bosh direktori T. Valovaya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Tatyana Valovaya Oʻzbekistonni BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga saylangani bilan tabriklab, bu mamlakatning tashqi va ichki siyosatidagi muhim bosqichi hamda aslida respublikaning inson huquqlarini himoya qilish va yana-da qoʻllab-quvvatlash borasidagi qatʼiy sodiqligi ifodasi ekanligini taʼkidladi.

- BMTning Jenevadagi Boʻlinmasi Oʻzbekiston Respublikasida Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ular izchilligi, jadalligi va samaradorligi bilan ajralib turadi, va, shubhasiz, sizning xalqingiz uchun ijobiy natijalar bermoqda», - dedi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi Boʻlinmasi Bosh direktori.

T. Valovaya Oʻzbekiston rahbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi davomida bayon etilgan, shu jumladan parlamentlarning rolini oshirish boʻyicha bildirilgan tashabbuslarni mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi va uning turli davlatlar qonun chiqaruvchi hokimiyati uchun nafaqat davlatlarni rivojlantirishdagi rolini qayta koʻrib chiqish imkoniyati, balki xalqlar taqdiriga taʼsir qiladigan qarorlari uchun oʻz saylovchilari oldidagi masʼuliyatini oshirish deb atadi. Uning fikricha, bu oʻz vaqtida bildirilgan tashabbus, chunki yangi global tahdidlar, shu jumladan COVID-19 pandemiyasi mamlakatlar tomonidan BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bu borada parlamentlarning roli har qachongidan ham muhimdir.

BMT Bosh kotibining oʻrinbosari Oʻzbekiston Prezidentining taklifi chet el parlament aʼzolarining mutlaq koʻpchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi, chunki bu ularning xalqlariga foyda keltirish istagi bilan hamohangdir.

Shu munosabat bilan ushbu tashabbuslarni yana-da rivojlantirish va tatbiq qilish uchun BMTning Jenevadagi mavjud maydonchasidan faol ravishda foydalanish taklif qilindi. Shunday platformalardan biri “SDG Lab” laboratoriyasidir. Bu yerda mamlakatlar xalqaro tashkilotlar, xususiy sektorlar va ilmiy doiralar bilan birgalikda BRMga erishish uchun koʻp tarmoqli hamkorlikni oʻrganib, uni rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritadi.

T.Valovaya Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayevani kelgusi yilda Prezident Sh.Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasi davomida eʼlon qilingan tashabbuslariga bagʻishlangan “SDG Lab” laboratoriyasining maxsus yigʻilishida nutq soʻzlashga taklif qildi.

Oʻz navbatida, BMT Bosh kotibining oʻrinbosari "Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda joriy yilning 19-noyabrida tashkil etiladigan “Bolalarning taʼlim olish huquqlari: pandemiya davrida dolzarbligi, uzluksizlik va innovatsiyalar” xalqaro veb-forumida oʻz chiqishi bilan ishtirok etish taklifini qabul qildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha boshqa masalalar yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?