Parlamentarizm — demokratik taraqqiyotning asosiy omili

16:58 30 Iyun 2020 Siyosat
187 0

30-iyun — Xalqaro parlamentarizm kuni 

Maʼlumki, dunyoda 30-iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida keng nishonlanadi. 1889-yil aynan shu sanada Parijda Parlamentlararo ittifoq — parlamentlarning global tashkiloti tuzilgan. 2018-yilning 22-mayida esa BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ushbu kunni Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Aslida ushbu sana parlament tizimining oʻrni va uning butun dunyo boʻyicha insonlar hayotini yaxshilashdagi rolini eʼtirof etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Zero, xalqning fikri hamda irodasini aks ettiruvchi kuchli parlamentlar demokratiyaning asosiy omili va tayanchi hisoblanadi.

Davlat qurilishi borasidagi jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, jamiyatni demokratlashtirish faqat aholining keng qatlamlarini turli vakillik organlari orqali hokimiyatni amalga oshirishga jalb etish vositasida bajariladi. Shu bois hozirgi zamonda parlamentarizm tobora rivoj topayotgan hodisa boʻlib, jamiyatni boshqarishning progressiv va demokratik tizimi sifatida tavsiflanadi.

Bugun parlament muassasalari dunyoning 190 dan ortiq davlatlarida faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning deyarli 80 tasida ikki palatali, qolganlarida esa bir palatali qonun chiqaruvchi organlar ish yuritadi. Bu juda muhim, chunki parlament jamiyatning turli-tuman qatlamlarini yaxlit tarzda birlashtiradigan va ularning huquq va manfaatlarini yoqlaydigan yagona institutdir. Uning eng birlamchi vazifasi, shubhasiz, jamiyatdagi turli manfaatlarni yurt ravnaqi yoʻlida birlashtirishdan iborat. Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlarda parlament davlat va jamiyatning boshqa institutlari bilan turli aloqalar tizimini yoʻlga qoʻyish buyicha muhim kommunikatsiya vositasi vazifasini oʻtab kelayotganidan xabarimiz bor. Sodda qilib aytganda, u davlat va xalq oʻrtasidagi oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtaydi. Shu jihatdan parlamentarizmning nechogʻlik ravnaq topganligiga qarab, demokratik taraqqiyot, fuqarolar huquq va erkinligiga rioya qilish, umuman esa fuqarolik jamiyatining taraqqiyoti darajasini belgilash mumkin boʻladi.

Taʼbir joiz boʻlsa, bu qoida mamlakatimizda ham amal qilib kelmoqda. Davlatimiz rahbari joriy yil Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida “Yangi Parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi — Oʻzbekistonda yashayotgan koʻp millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat boʻlishi shart”, deganda ana shu xalqaro tajribaga ishora qilgan edi, desak ayni haqiqat. Birgina shu soʻzlar bilan yurtimizda parlament, parlamentarizmning xalq uchun naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi koʻz oldimizda yaqqol gavdalantirib berdiki, bu biz, parlament vakillaridan yuksak masʼuliyat bilan mehnat qilishni talab etadi. Qolaversa, keyingi faoliyatimizda shu talab ustuvorlik qilib kelyapti, desak mubolagʻa emas.

Darhaqiqat, yurtimiz parlamenti bugun mutlaqo yangicha sharoitlarda faoliyat olib borayotir. Yaʼni bugun davrning oʻzi bizning oldimizga avval misli koʻrilmagan, lekin parlament funksiyalariga toʻlaligicha mos vazifalarni qoʻya boshladi. Prezidentimizning bu yilgi Murojaatnomasida mazkur vazifalar aniq koʻrsatib berildi. Xususan, aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha aniq dastur va “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, ularni mutasaddi idoralar tomonidan toʻliq amalga oshirish zarurligini, ushbu yoʻnalishdagi ishlarning bajarilishi yuzasidan parlament nazoratini oʻrnatishni alohida taʼkidladi. Shu maʼnoda, Oliy Majlis Senati hududiy vakillik organi sifatida oʻz oldiga qoʻygan vazifalarga alohida masʼuliyat bilan yondashib, ularni oʻzining vakolatlari doirasida hal etib kelyapti. Jumladan, senatorlardan har biri respublikamizning muayyan hududlariga biriktirildi, Senat qoʻmitalarining joylardagi Kengashlarning doimiy ishlaydigan komissiyalari, ularda faoliyat yuritayotgan deputatlar bilan yaqindan ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Shu oʻrinda aytish joizki, keyingi yillarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat oʻrnatish va odamlarni oʻylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi ulkan salohiyati yuzaga chiqa boshladi. Bu boradagi ishlar, avvalo, mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim va koʻnikmasi darajasini oshirish maqsadida seminar va oʻquvlar tashkil etishdan boshlandi. Bu, oʻz navbatida, mahalliy Kengashlar faolligini tubdan oshirish, ularning vakolatlaridan keng foydalanish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir.

Har bir mahalliy Kengashlarda oʻzlari yigʻilib, muammolarni muhokama qilishlari uchun alohida “deputatlar xonasi”, “senatorlar xonasi” tashkil etildi, aholini qabul qilishlari uchun sharoitlar yaratildi.

Bu jihat pandemiya davrida yanayam yaqqol namoyon boʻlamoqda. Xususan, karantin davrida butun mamlakat boʻylab keng quloch yozgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasidan aholining kam taʼminlangan va muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash jarayonida senator va mahalliy Kengashlar deputatlari yana-da jipslashdi. Ular birgalikda odamlar bilan yelkama-yelka turib, muhtojlarga yordam bermoqda, ajratilgan moddiy yordamlar oʻz egalariga manzilli yetib borishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatmoqda.

Qayerda parlament taraqqiyot sari dadil odimlaydi? Albatta, izlanish, intilish va ragʻbat boʻlgan jamiyatda. Bu jihatdan biz har qancha faxrlansak arziydi. Gap shundaki, soʻnggi uch yilda Oʻzbekistonimiz ulkan islohotlar pallasiga qadam qoʻydi hamda keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jadal tus oldiki, bu parlament rivojiga ham taʼsir qilmasdan qolmadi. Jamiyatdagi har bir yangilanish, oʻz navbatida, parlamentarizm yoʻnalishidagi imkoniyatlarimizni ochib yubordi. Xususan, qonun chiqaruvchi hokimiyatning tom maʼnodagi mustaqilligi taʼminlandi, parlamentning vakolatlari kengaytirilib, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalar aʼlo darajada bajarilishi uchun shart-sharoitlar yaratildi. Natijada esa Oliy Majlis Senati faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi.

Qonunlarni qabul qilmasdan oldin mahalliy Kengashlarda muhokama qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Hududlar manfaatlarining qonunlarda aks ettirilishi, qabul qilingan Prezident Farmon va qarorlari, hukumat qarorlari, “Yoʻl xaritalari”ning bajarilishi ahvoli yuzasidan davlat idoralari, mahalliy hokimiyatlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish joriy etildi.

Bugun Parlamentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi vazifalarni bajarilishini taʼminlashga ham qatʼiy bel bogʻlagan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi.

Ushbu yangi tuzilmaning asosiy vazifalaridan biri — Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda ijro hokimiyati faoliyatining samaradorligini oshirish, ushbu maqsadlar har bir hududda bajarilishini taʼminlashdan iborat. Bu yoʻlda Parlament komissiyasi Hukumat huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi, nazorat qiladi va unga koʻmaklashadi. Shunisi eʼtiborliki, Senat tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida yuqorida aytganimiz — xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan keng foydalanilyapti. Shu maqsadda ular senatorlar rahbarligida har bir maqsad boʻyicha qabul qilingan hujjatlarning joylarda bajarilishini oʻrganib bormoqda, yuzaga kelgan muammolarni amaliy hal etish choralarini koʻrmoqdalar. Agar ushbu muammolarni mahalliy yoki hududiy darajada hal qilish imkoni boʻlmasa, ular Senatga olib chiqilmoqda. Aynan shu kabi saʼy-harakatlarimiz yuqori palata obroʻsining yuksalishiga, xalqimizning unga boʻlgan ishonchining tobora ortib borishiga xizmat qiladi, degan niyatdamiz.

Muntazam ravishda Parlament va jamoatchilik eshituvlari tashkil etilmoqda. Oldimizga qoʻyilgan vazifalarning har biri ijrosi yuzasidan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti, mavjud muammolarning yechimi yuzasidan Senatning tegishli qarorlari ishlab chiqilib, hukumat oldiga tegishli vazifalar qoʻyilmoqda. Albatta, bu intilishlar ham oʻz samarasini bermasdan qolmayapti. Yaʼni joylarda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar birin-ketin hal qilinmoqda.

Shunday qilib, bugungi kunda mamlakatimiz parlamenti faoliyati davlatimiz va jamiyatimiz uchun muhim boʻlgan barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanmoqda. Buni parlament qoshidagi turli tuzilma va institutlar faoliyati keyingi yillarda sezilarli darajada oshgani misolida ham koʻrish qiyin emas. Bugun ular ishida samara yaqqolroq sezilmoqda. Ulardan biri — Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi. Uning Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorligi natijasida mamlakatimizda bolalar mehnatiga va tizimli majburiy mehnatga barham berildi, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar yildan-yilga kamayib bormoqda.

Bu holat dunyo miqyosida ham tan olinayotgani alohida eʼtiborga molik. Xususan, AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning yaqinda eʼlon qilingan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishga bagʻishlangan yillik hisobotida “Markaziy Osiyoning baʼzi mamlakatlari odamlarni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majburlash boʻyicha uzoq tarixga ega. Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari mintaqa davlatlari uchun ushbu muammoga qarshi kurashning yangi standartlarini namoyish etmoqda”, degan eʼtirofi, albatta, har bir oʻzbek farzandini quvontiradi. Bu esa, oʻz-oʻzidan, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlar va shu yangilanishlarga kamarbasta boʻlib kelayotgan parlamentimizning ham yutugʻidir.

Oʻzbekistonda parlamentarizmni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar xususida toʻxtalar ekanmiz, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasini chetlab oʻta olmaymiz. Chunki bu yoʻnalishdagi yutuqlarimiz mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash respublikamiz siyosatidagi muhim yoʻnalishlardan biri sanaladi. Shundan kelib chiqib, xotin-qizlarning qonun ijodkorligi va boshqaruv qarorlarini qabul qilishdagi ishtirokini taʼminlashga katta eʼtibor qaratila boshlandi. Jumladan, bu borada Oliy Majlis Senatida gender komissiyasi hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmita faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yilda parlamentimiz tomonidan ikkita muhim hujjat, yaʼni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Gender tenglikni taʼminlash yuzasidan milliy strategiya ishlab chiqildi.

Davlat miqyosida qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning ishtirokini kuchaytirish, ularni deputat, senator, vazir, hokim va elchi kabi masʼuliyatli lavozimlarga saylanishi va tasdiqlanishi ham mamlakatimizda xotin-qizlarga koʻrsatilayotga yuksak eʼtibor namunasidir.

Oʻzbekistonda parlamentarizm taraqqiyotining yana bir yoʻnalishi – oliy qonun chiqaruvchi organning davlatimizning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va xalqaro maydondagi nufuzini yaxshilashdagi ishtirokini kuchaytirishdan iborat. Aynan shuning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan parlament rahbarligida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi. Bu faoliyatimizdagi yangi va nihoyatda dolzarb yoʻnalish. Mazkur Kengashning asosiy vazifasi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish orqali Oʻzbekistonning Xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yana-da yaxshilashdan iborat. Bunda asosiy eʼtibor quyi boʻgʻinlarga qaratiladi. Yaʼni reytinglarga taʼsir qilayotgan sabab va omillar viloyat, tuman va lozim boʻlsa mahalla darajasida oʻrganiladi hamda bartaraf etish choralari izlab topiladi.

Bu masalada ham mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikning oʻrni katta. Biz xalqaro reyting va indekslarda respublikamizga berilgan baho — bu hududlarga berilgan baho deb qarashga oʻrganyapmiz.

Demak, Kengashning asosiy vazifasi — nafaqat mamlakat miqyosida, balki 14 ta hudud va barcha tarmoqlarda mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar samaradorligini taʼminlashdan iboratdir.

Umuman, bugungi kunda parlamentarizmni rivojlantirish oʻta dolzarb ahamiyatga ega. Negaki, insoniyat duch kelayotgan misli koʻrilmagan xatarlar oldida, avvalo, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, demokratiyani bashariyat taraqqiyotining asosi sifatida qoʻllab-quvvatlash vazifalari tobora yangicha mazmun-mohiyat kasb etib bormoqda. Demak, respublikamizda bu yoʻnalishdagi ishlarni izchil davom ettirish orqali oldimizga qoʻyilgan ulkan maqsadlarga erishamiz. Muhimi, bizga umid koʻzi bilan qarab turgan yurtdoshlarimizning oldida yuzimiz yorugʻ boʻladi.

Tanzila NARBAYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?