Parlament xatosi tufayli chet el madhiyalariga oid qonun qabul qilindi. Prezident esa deputatlarni uygʻonishga chaqirdi

15:57 08 Aprel 2019 Dunyo
528 0

Illyustrativ foto

Slovakiyada parlament xatosi tufayli mamlakat hududida boshqa davlatlar madhiyalarini ijro etishga taqiq qoʻyilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda Idnes.cz manbasi xabar berdi.

Gap shundaki, slovak parlamenti davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartish kiritish uchun ovoz bergan. Mazkur oʻzgartishga koʻra, boshqa davlatlar madhiyasini ijro etishni taqiqlash nazarda tutilgan edi. Unga koʻra, chet el madhiyalari faqat xorijdan rasmiy delegatsiyalar tashrif buyurgandagina qoʻyilishi mumkin.

Ushbu tuzatish Slovak milliy partiyasi tomonidan tayyorlangan. Deputatlar oʻz kamchiliklarini qonunga ovoz berib boʻlishganlaridan soʻng, bilib qolishgan.

“Most-Xid” partiyasi vakillari qonun xato tufayli qabul qilinganini tasdiqlab, parlament aʼzolari oʻzlari ovoz bergan qonun loyihasining ichiga kirib bormaganini tan olgan.

Deputatlar mamlakat prezidentiga murojaat qilib, ushbu hujjatga imzo qoʻymaslik va uni qayta koʻrib chiqish uchun parlamentga qaytarishni soʻrashgan. Oʻz navbatida davlat rahbari deputatlarni ovoz berishdan oldin hujjatlarni yaxshilab oʻqib, maʼnosini tushunib olishga chaqirgan.

Eslatib oʻtamiz, Slovakiya prezident saylovining 31 mart kuni boʻlib oʻtgan ikkinchi turida advokat Zuzana Chaputova gʻalaba qozongan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?