Parlament diplomatiyasi dunyo mamlakatlari orasida oʻzaro ishonch va hamjihatlikni shakllantirishda muhim oʻrin tutadi

04:42 23 May 2020 Siyosat
82 0

2020-yil 22-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan “Parlament diplomatiyasi — xalqaro maydonda yangi Oʻzbekiston imidjini mustahkamlashning muhim vositasi” mavzusida videokonferensiya oʻtkazildi.

Xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimiz milliy manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish va amalga oshirishda parlament diplomatiyasining imkoniyatlarini tahlil qilish va uni rivojlantirish istiqbollariga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil qilingan mazkur videokonferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-oʻqituvchilari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdilar.

Qayd etilganidek, milliy parlamentimiz oʻtgan qisqa davr mobaynida koʻplab nufuzli xalqaro parlamentlararo tashkilotlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Soʻnggi uch yil davomida mamlakatimiz Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentlararo assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo assambleyasi kabi nufuzli parlamentlararo uyushmalarga aʼzo boʻldi.

Videokonferensiya ishtirokchilari parlament diplomatiyasi mamlakatimiz tashqi siyosatining uzviy tarkibiy qismi sifatida xalqaro munosabatlarning mazmuni, darajasi va istiqboliga katta taʼsir koʻrsatishini alohida qayd etdilar.

Ularning fikricha, parlament diplomatiyasi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining maqsad va vazifalarini amalga oshirish, davlatlar oʻrtasida oʻzaro tushunish va ishonchni rivojlantirish, mamlakatning ijobiy xalqaro imidjini shakllantirish, qonunchilik faoliyati, parlament nazorati va parlamentlararo hamkorlik orqali chet elda davlat va uning fuqarolarini huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishning muhim mexanizmi hisoblanadi.

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda “parlament diplomatiyasi” tushunchasi anʼanaviy hukumatlararo aloqalar bilan keng qamrovli xalq diplomatiyasi oʻrtasidagi vosita sifatida qaralmoqda. Parlament diplomatiyasi xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama munosabatlarning huquqiy poydevorini yaratishda, milliy qonunchilikni xalqaro hamkorlik talab-tamoyillari bilan uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonda parlament diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi Konsepsiyasi” loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, hozirda muhokama qilinmoqda. Mazkur Konsepsiya loyihasida parlament diplomatiyasining maqsadi, vazifalari va prinsiplari, shuningdek, Oʻzbekistonda parlament diplomatiyasining shakllanishiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar hamda parlament diplomatiyasini amalga oshirish mexanizmlari oʻz aksini topmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan maʼruzachilar Oʻzbekiston Respublikasi parlament diplomatiyasining asosiy tamoyillari sifatida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarining ustuvorligi; davlatlarning suveren tengligini hurmat qilish, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; parlament diplomatiyasining maqsad va vazifalari davlatning milliy manfaatlariga muvofiqligi; xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish kabilarni sanab oʻtdilar hamda parlament diplomatiyasi dunyo mamlakatlari orasida oʻzaro ishonch va hamjihatlikni shakllantirishda muhim oʻrin tutishini, muammolarni hal qilish, mojarolarning oldini olish, xalqaro hamkorlikning huquqiy asoslarini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladilar.

Darhaqiqat, davlatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini koʻtarish, faol tashqi siyosat olib borish Oliy Majlis oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga oid tasdiqlangan koʻplab “yoʻl xaritalari” ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha ham Oliy Majlisning faoliyatini yana-da takomillashtirish maqsadga muvofiq.

Videokonferensiyada parlament diplomatiyasini rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari atroflicha muhokama etildi va bildirilgan takliflar hamda fikr-mulohazalar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?