Parijda Namangan viloyati tekstil salohiyati namoyish etildi

15:47 10 Iyul 2019 Madaniyat
335 0

Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagielchixonasi tashabbusi bilan Parijda Namangan viloyatidagi yirik tekstil korxonalarining taqdimoti oʻtkazildi.

Mamlakatimizning mazkur davlatdagi elchixonasi binosida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi uch korxona-“Istiqlol tekstil dizayn”, “Tekstil libos” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari hamda “Chust tekstil” xususiy korxonasi oʻz mahsulotlarini namoyish qildilar. Taqdimot avvalida bugungi kunda Namangan viloyati brendiga aylangan tekstil sanoatining salohiyati xususida batafsil maʼlumot berildi.

Bu yerga tashrif buyurgan Fransiyaning bir qator savdo va ishlab chiqarish kompaniyalari, Parij moda akademiyasi vakillari koʻrgazmaga qoʻyilgan masʼhulotlar bilan yaqindan tanishdilar. Ularni, ayniqsa, Namanganda tikilayotgan erkaklar kostyum shimlari va boshqa trikotaj mahsulotlari bejirimligi bilan qiziqtirib qoʻydi.

-Fransiya-Namangan iqtisodiy munosabatlari oʻrnatilganiga koʻp boʻlgani yoʻq,shunga qaramay joriy yilning oʻtgan davrida 580 ming AQSH dollari atrofida tovar aylanmasi amalga oshirildi, -deydi viloyat investitsiyalar va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi Asrorbek Haydarov. – Mazkur davlatga birinchilar qatorida eksport amaliyotini yoʻlga qoʻygan “Chusttekstil” xususiy korxonasi oʻtgan oyda 105,4 ming dollar qiymatdagi trikotaj mahsulotlarini oʻz hamkorlariga yubordi. Chustlik trikotajchilar yil oxiriga qadar bu koʻrsatkichni 600 ming dollarga yetkazish boʻyicha shartnoma imzolagan.

Taqdimot jarayonida Fransiya kompaniyalari Namangan tekstil korxonalari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan takliflarini bildirdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV.“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?