Pandemiya hayit bayrami ruhiga qanday taʼsir qilyapti?

05:26 23 May 2020 Dunyo
356 0

Musulmon dunyosi Iydul-Fitr yoki Ramazon hayitini nishonlash arafasida. Biroq pandemiya bayram ruhiga soya solmoqda, deb yozadi “Amerika ovozi”

Musulmon davlatlarida odamlarga hayitdan oldin bozor qilish uchun doʻkonlar ochilgan. Baʼzilar ijtimoiy masofani saqlash qoidalarini butunlay unutgan.

“Hech qisi yoʻq. Hayot odatdagidek davom etishi kerak. Peshonaga yozilgani boʻladi”, — deydi islomobodlik bir talaba.

Hayitdan oldin odatda savdo chaqqon boʻladi, ammo pandemiya sabab bu yili koʻp savdogarlar zarar koʻrdi.

“Oʻtgan yili xaridorlar koʻp edi, daromad yaxshi boʻlgan. Ammo bu yili hayitni his qilganimiz ham yoʻq”, — deydi qohiralik poyabzal sotuvchisi Karim Muhammad.

Koʻp mamlakatlarda hayit namozi bekor qilingan, Saudiya Arabistoni hukumati musulmonlarni uyda ibodat qilishga daʼvat etmoqda.

Eronda diniy amallarni ochiq havoda ijtimoiy masofani saqlagan holda bajarishga ruxsat berilgan.

Bu yili bayram shukuhi sezilmayapti.

“Odatda hayit namozidan soʻng odamlar qarindoshlari va doʻstlarinikiga mehmonga borishadi, ammo bu gal koʻplar uyda qoladi deb oʻylayman”, — deydi nigeriyalik davlat xizmatchisi Hojiya Rukoyat Usmon.

Ayrimlar hozirgi vaziyatga ijodiy yondashishga harakat qilmoqda.

“Hayit raqamli boʻladi. Tabriklar, asosan, telefon qoʻngʻiroqlari va videochatlar bilan cheklanadi”, — deydi islomobodlik Sehrish Loʻdi ismli ayol. 

Farzand bor oilalarda xonadonda bayramona muhit yaratish oson boʻlmaydi. 

“Ularni balkonga chiqaramiz, sharlarni shishirib, bayramona muhit yaratishga harakat qilamiz”, — deydi qohiralik ota.

“Men hovlimda bayram qilaman. Odamlar hovlisida stol-stul oʻrnatib bayram qilishi mumkin”, — deydi Nyu-Jersi shtatidagi Tinek shahrining musulmon meri Muhammad Hamiduddin.

Odamlar bu yilgi hayitni hali anchagacha eslab yurishi shubhasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?