Payariqda 300 ta dehqon xoʻjaligi tashkil etildi

14:56 18 May 2020 Iqtisodiyot
126 0

Samarqand viloyatining Payariq tumanida yangi loyiha amalga oshirildi. Aniqrogʻi tuman hokimi, mutaxassislar, jamoatchilik taklifi bilan Navoli massivida uzumchilik bilan shugʻullanish samara berishi aniqlandi. “Agromir grupp” konserini rahbarlari bilan foydalanilmay yotgan bu maydonda dehqonchilik klasteri tashkil etish rejalashtirildi. Dehqonobod, Shoʻrtepa, Istiqlol, Oqtosh mahallasida yashovchi qoʻlidan ish keladigan, mehnat qilishga ishtiyoqi bor, ammo moddiy ahvoli ogʻir, shuningdek, xorijdan qaytganlardan 1200 kishi tanlab olindi. Ular bilan dildan suhbatlashib, masala mohiyati tushuntirilgach, hozircha ularning 300 nafariga bu maydonlardan yarim gektardan yer ajratib berildi.

“Agromir grupp” konserni tomonidan 300 nafar kishining yeri uchun artezian qudugʻi qazib, suv chiqarildi. Tok nihollari, tomchilatib sugʻorish vositalari eltib berildi. Tok uch yilda hosilga kiradi. Shu sababli ikkinchi bosqichda nihollar orasiga ekish uchun bodring, qovun, tarvuz urugʻlari berildi. Hozir palaklar koʻzga tashlanib qoldi. Nasib boʻlsa, hosilni yigʻishtirib olsa, shu maydonga toʻqsonbosti ekinlaridan ekadi. Darvoqe, bodringning eksportbop navi tanlangan, “Agromir” uni oʻzi sotib oladi, qayta ishlaydi.

— Bu loyiha hammaga naf keltiradi, — dedi senator Sh.Jalolov. — Qishloq ahli mulkdor, daromadli boʻladi, yer egasini topadi va xalqqa foyda keltiradi, biz esa dehqonchilik klasterini shakllantiramiz, eksport hajmini oshiramiz. Zero davlatimiz rahbari oldimizga qoʻygan vazifa ham aslida shu.

Faqat bugina emas, “Agromir grupp” konserni negizida Payariqda “Baraka chekkin” MCHJ tashkil etildi. Yer dehqonlarga 49 yilga ijara shartnoma asosida berildi va 300 ta dehqon xoʻjaligi shakllantirildi.

Bundan tashqari fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari jamgʻarmasi bu dehqonlarga uch yil muddatga (shundan 6 oyligi imtiyozli) 15 foizli kreditlar ajratdi. Darvoqe, tomchilatib sugʻorish tizimini boshqarish uchun birlashib, kooperatsiya tuziladi, yaʼni har kim oʻz ishini qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?