O‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan 14297 ta qurilma buzildi

17:34 16 Aprel 2018 Jamiyat
106 0

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda 33 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ularni boshqarish bo‘yicha 4488 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yili 8343 ta turarjoyda 3 mln. 611 ming kv.m tomlar, 18 696 ta kirish yo‘lagi, 8454 ta uyning yerto‘la qismida muhandislik tarmoqlari, 2080 ta bolalar maydonchasi ta’mirlandi. Shuningdek, 1216 ta yangi bolalar maydonchasi qurilib, 14 ming 297 ta o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan noqonuniy qurilma buzilgan. 

— Ammo muammolar ham yo‘q emas, — deydi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov. — Ularni joriy yilda dastur doirasida o‘tgan yildagiga qaraganda ikki barobar ko‘proq ishlarni amalga oshirish hisobidan bartaraf qilamiz. Xususan, ko‘p qavatli uylarning tom va yerto‘la qismini ta’mirlash, toza ichimlik suvi yo‘qligi bois qiynalayotgan aholiga toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, bolalar maydonchalarini qurish, mavjudlarini ta’mirlash kabi vazifalar bajariladi.

Shuningdek, shirkat xodimlarining bilim-saviyasini oshirish maqsadida “Kommunalo‘quv” o‘quv-uslubiy markazida o‘qitish ko‘zda tutilgan. 

Rahim SHERQULOV.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?