“Oʻzbekistonning turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qoʻshilishi ulkan tarixiy voqeadir”

15:40 20 Sentyabr 2019 Siyosat
272 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni imzolashi xalqaro miqyosda, xususan, xorijiy ommaviy axborot vositalarida katta aks sado berdi.

Jumladan, ushbu tarixiy voqea xususida Turkiyaning “Daily Sabah” gazetasida “Anqara Oʻzbekistonning Turkiy kengashga aʼzo boʻlishini olqishlaydi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga havola qilgan holda, materialda “Rasmiy Toshkentning tashkilotga toʻliq aʼzoligi turkiy tilli davlatlar hamjihatligiga hissa qoʻshadi, hamkorlikni chuqurlashtiradi, xalqlarimiz ­farovonligi yoʻlida muvofiqlashtirish darajasini oshiradi”, deyiladi.

Rossiyaning “Regnum” axborot-tahliliy agentligi mazkur voqeaga bagʻishlangan maxsus maqola eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning tashkilot toʻlaqonli aʼzosiga aylanishi uning faoliyatini takomillashtirish, aʼzo davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi. “Qulay jugʻrofiy joylashuvi va yuksalib borayotgan salohiyati tufayli Oʻzbekiston bugungi kunda nafaqat qardosh mamlakatlar, balki butun mintaqani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda”, deb yozadi agentlik muxbiri.

Eʼtirof etilishicha, bugun dunyoda shakllanayotgan geosiyosiy vaziyat, kuchayib borayotgan xavfsizlikka tahdidlar sharoitida hamkor davlatlar saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish ehtiyoji ortib borayotir. Oʻzbekistonning Kengashga aʼzo boʻlishi ulkan tarixiy voqea boʻlib, u turkiy tilli davlatlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi, mintaqaning barqarorligi va xavfsizligi, uning iqtisodiy rivojlanishi va farovonligiga koʻmaklashadi.

Qozogʻistonning “Xabar 24” telekanali namoyish etgan maxsus reportajda Oʻzbekiston tashkilot faoliyatiga sezilarli turtki berishi qayd etiladi. Buyuk Ipak yoʻlining markazi, shonli Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari joylashgan zamin — Oʻzbekiston turkiy tilli davlatlar dunyosining iqtisodiy va madaniy beshigi, ilm-fan va madaniyat markazi boʻlib kelgan. Oʻzbek xalqi oʻzining boy milliy va tarixiy merosi bilan jahon tamadduniga ulkan va bebaho hissa qoʻshgan, bugungi kunda esa mamlakat oʻzining oʻsib bo­rayotgan imkoniyatlari bilan nafaqat qardosh davlatlar, balki dunyoning barcha mamlakatlari bilan hamkorlikning yangi bobini ochmoqda. Qayd etilishicha, Kengashga aʼzolik Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi, dono rahbarligi va faol diplomatiyasi mahsuli boʻlgani barobarida, turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi aloqalarning mutlaqo yangi tarixiy bosqichini boshlab beradi.

“Azrbaycan 24” telekanali Ozarbayjon Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tarkibi Oʻzbekiston hisobiga kengayishini toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Jurnalistlarning fikricha, Oʻzbekiston Respublikasining Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilishi turkiy tilli davlatlarning hamjihatligini mustahkamlashda tarixiy muhim voqea boʻldi. Ozarbayjon ­Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi esa “Qardosh Oʻzbekistonni ushbu qaror qabul qilinganligi munosabati bilan tabriklaymiz” mazmunidagi rasmiy ­bayonot tarqatgani ham qayd etib oʻtiladi.

“Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi rahbari Ilgar Velizadening fikriga koʻra, Oʻzbekistonning Kengashga qoʻshilishi ushbu tuzilma faoliyatining yangi, faol dinamikasini taʼminlaydi, uning mintaqa va dunyodagi oʻrni hamda ahamiyatini oshiradi.

“Oʻzbekiston mintaqadagi markaziy davlat boʻlib, nafaqat Markaziy Osiyo­ning barcha davlatlari, balki Afgʻoniston bilan chegaradosh yagona mamlakatdir. Shu sababli respublikaning tashkilotga qabul qilinishi uning kun tartibini sezilarli darajada diversifikatsiya qiladi, umumiy salohiyatini yuksaltirishga ijobiy taʼsir etadi. 33 million aholisi boʻlgan Oʻzbekiston mintaqaning eng yirik mamlakati boʻlib, uning tashkilotga aʼzoligi Kengashda turkiy aholi sonini sezilarli darajada oshiradi. Ushbu muhim voqea tashkilotning Sharqiy qanotini mustahkamlaydi”, deydi ekspert.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?