O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 463,1 mln dollarga kamaydi

14:42 11 Iyul 2018 Iqtisodiyot
391 0
Foto: gtn.uz

Joriy yilning iyun oyida yalpi oltin-valyuta zaxiralarining 463,1 mln. AQSH dollariga pasayishi kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati “Xalq so‘zi Online”ga taqdim etgan press-relizda ko‘rsatib o‘tilgan.

MBning qayd qilishicha, mazkur holat hisobot davrida asosan oltin narxining 1303,50dan 1250,55 doll./tr.unsiyaga pasayishi hisobiga yuzaga keldi. (narxning oltin-valyuta zaxiralarining kamayishiga ta’siri – 573,5 mln. doll.)

Oltin narxi pasayishi hisobga olinmaganda yalpi oltin-valyuta zaxiralari 110,4 mln. AQSH dollariga oshdi.

Kadr: Markaziy bank

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Markaziy bankning asosiy vazifalaridan biri sifatida respublika oltin-valyuta zaxiralarini saqlash va boshqarish belgilangan.

Oltin-valyuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasining standartlari asosida yuritiladi. Oltin-valyuta zaxiralarining tarkibi xorijiy valyuta aktivlari va quyma shaklidagi monetar oltindan iborat.

Oltin-valyuta zaxiralarini samarali boshqarish maqsadida Markaziy bank tomonidan zaxiralarning yalpi va sof qiymatlari hisobi yuritiladi.

Sof oltin-valyuta zaxiralari tijorat banklari va davlat boshqaruvi organlarining (Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bundan mustasno) Markaziy bankda ochilgan hisobvaraqlaridagi valyuta mablag‘larini, ya’ni Markaziy bankning ushbu tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini hisobga olmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?