O‘zbekistonning eng ko‘p aholisi qaysi viloyatga to‘g‘ri keladi?

11:31 10 Iyul 2018 Jamiyat
2993 0
Foto: tashrif.uz

O‘zbekistondagi eng ko‘p aholi Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil 1 iyul holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida ko‘rsatib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, ayni vaqtda Samarqand viloyatidagi aholi soni 3 mln 753,3 ming kishini (respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4 %ni) tashkil qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda Farg‘ona viloyati qayd qilingan bo‘lib, hududdagi aholi 3 mln 644,9 ming kishidan (11,1 %) iborat. Eng kam aholi soni esa Navoiy viloyatida 964,7 ming kishi (2,9 %) va Sirdaryo viloyatida 821,9 ming kishini (2,5 %) tashkil etmoqda.

Hududlar kesimida aholining eng yuqori o‘sish sur’ati 2017 yilning mos davriga nisbatan Surxondaryo viloyatida 2,1 %ni, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 2,0 %ni, Jizzax viloyatida 1,9%ni, Namangan viloyatida 1,8%ni, aksincha eng kam o‘sish sur’ati Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1,4%ni va Toshkent viloyatida 1,2 %ni tashkil etdi

Tug‘ilish. 2018 yilning yanvar-iyun oylarida 324,3 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib (bu yerda va bundan keyin tug‘ilganlarga faqat tirik tug‘ilganlar inobatga olingan), mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 20,0 promilleni (promille — biron-bir sonning mingdan bir ulushi yoki foizning o‘ndan bir qismi — tahririyat izohi) tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,5 promillega oshgan (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 19,5 promille bo‘lgan). Tug‘ilish koeffitsiyenti 2017 yilning mos davriga nisbatan Samarqand (21,0 promilledan 22,9 promillega) va Qashqadaryo (21,4 promilledan 22,4 promillega) viloyatlarida sezilarli o‘sgan bo‘lib, aksincha sezilarli kamayish Navoiy (19,8 promilledan 19,1 promillega) va Xorazm (16,7 promilledan 16,2 promillega) viloyatlarida kuzatildi.

Jami tug‘ilganlarning 31,6 %i onaning 1-farzandi, 36,6 %i onaning 2-farzandi va 31,8 %i onaning 3-va undan yuqori farzandlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Ma’lumot uchun, tirik tug‘ilganlik mezonlaridan (nafas, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyoriy qisqarishi) biri mavjud bo‘lsa ham bola tirik tug‘ilgan hisoblanadi. Bunda onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning bo‘yi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq bo‘lishi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?