Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar AQSH Markaziy qoʻmondonligida Navroʻzni nishonlashdi

16:23 22 Mart 2019 Dunyo
434 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Kecha Navroʻz ayyomi munosabati bilan AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligida (Tampa shahri, Florida shtati) rasmiy vakil sifatida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari xorijlik hamkasblariga bayram tadbiri uyushtirishdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda AQSH Qurolli kuchlari CENTCOM rahbariyati hamda u yerda hamkorlik faoliyatini yuritayotgan 50 dan ortiq davlatlar vakili qatnashdi. Oʻzbekistonlik harbiylar va ularning oila aʼzolari tomonidan bahoriy taomlardan iborat oʻzbekona bayram dasturxoni yozilib, tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi. Koʻksomsayu chuchvaralar hamda oshni tatib koʻrgan mehmonlar oʻzbekona mehmondorchilikka qoyil qolib, milliy taomlarimiz mazasini yuqori baholashdi.

 

Shuningdek, tadbir davomida “Yangi Oʻzbekiston” nomli targʻibot taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Unda oʻzbek xalqining buyuk merosi, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, tarixiy obidalari, iqtisodiyoti va siyosati, milliy armiyasi, Oʻzbekiston hududida yashab ijod qilgan buyuk siymolari hamda ularning dunyo tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasi, bugungi kundagi yangi Oʻzbekistonning barcha sohada erishayotgan ulkan yutuqlari va boshqa jihatlari taqdim etildi.

“Oʻzbekiston boʻylab sayohat” mavzuida namoyish qilingan qisqa metrajli hujjatli film yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining mazkur tadbirga tayyorgarligi va ishtirokiga AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi tomonidan yuksak baho berilib, tashakkur izhor etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?