Oʻzbekistonlik epidemiologlar Xopkins universiteti ekspertlari bilan onlayn muloqot o'tkazdi

22:38 21 May 2020 Jamiyat
119 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va AQSHning Jons Xopkins universiteti Salomatlik xavfsizligi markazi(CHS) ekspertlari oʻrtasida onlayn-konsultatsiya boʻlib oʻtdi. Bu haqda yurtimizning Vashingtondagi elchixonasi maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, CHS Jons Xopkins universitetining Tibbiyot markazi va Jamoatchilik salomatligi maktabi tizimiga kiradi. U dunyodagi eng yaxshi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari roʻyxatida Garvard universiteti tibbiyot maktabidan keyin, ikkinchi oʻrinda turadi.

Markaz pandemiya bilan bogʻliq vaziyatni kuzatish va butun dunyoda onlayn rejimida koronavirus tarqalishi xaritasini yuritish(Wuhan Coronavirus (2019-nCoV) Global Cases)da ishtirok etib kelyapti. Ushbu dargoh karantin choralarini olib tashlash va biznes faollikni qayta tiklash, virusni yuqtirganlarni test qilish va kuzatish boʻyicha qator yoʻriqnomalarni, shuningdek, AQSHning serologik (Covid-19ga antitanachalarni aniqlash) testlarini joriy etish boʻyicha milliy strategiyasini ishlab chiqqan.

Muloqotda AQSH tomonidan CHS yetakchi tadqiqotchisi, Jons Xopkins universiteti yuqumli kasalliklar tarqalishi ustidan nazorat qilish boʻyicha Kengash rahbari doktor Jenifer Nusso, Oʻzbekiston tomonidan esa Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Botirjon Qurbonov, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori Xabibulla Oqilov va boshqa mutaxassislar, mintaqamiz davlatlaridan shifokorlar hamda epidemiologlar ishtirok etdi.

Suhbat davomida epidemiologik nazorat, Covid-19 tarqalishi xaritasini yuritish metodologiyasi, virus tarqalishini prognozlash va bemorlarni kuzatish masalalari muhokama qilindi.

Karantin cheklovlarini olib tashlash shartlari va tartiblari, immunitet darajasini aniqlash uchun serologik testlarni qoʻllash samaradorligi, vaksinalarni yaratish boʻyicha tadqiqotlar natijalari ham koʻrib chiqildi.

Amerikalik ekspertlar u yoki bu mamlakat bilan aviaqatnovlarni qayta yoʻlga qoʻyish istiqbollari boʻyicha ham tavsiyalar berishdi. Ularning fikricha, reyslar boradigan joydagi virus tarqalishini baholashda yuqtirganlarning mutlaq sonini emas, balki har 100 ming aholi hisobiga nisbiy koʻrsatkichlarni inobatga olish maqsadga muvofiqdir.

Doktor Jenifer Nussoning taʼkidlashicha, vaksina qilish vositasida aholi immunitetining zarur darajasiga yetib olgunga qadar virus tarqalishi davom etaveradi. Uning aytishicha, yoz oyida koronavirus tarqalishida tanaffus kuzatilishi mumkin, biroq boshqa respirator viruslaridan farqli ravishda Covid-19 bunday sharoitda oʻzini qanday “tutishi” haqida hozircha aniq maʼlumotlar yoʻq. Shu bois koʻz faslida pandemiyaning takroriy avj olishiga eʼtiborni qaratish va zarur karantin choralarini koʻrish zarur, dedi amerikalik olim.

Vebinar yakunida tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar boʻyicha konsultatsiyalarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?