O'zbekistonlik deputatlar Tojikistondagi parlament saylovlarini kuzatib borishadi

19:50 28 Fevral 2020 Siyosat
220 0

2020-yilning 27-fevral kuni MDH Parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchilari guruhi muvofiqlashtiruvchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Ulugʻbek Inoyatov, shuningdek, quyi palata deputati Gulruh Aʼzamova Tojikistonga tashrif buyurishdi. Ular Tojikistonda shu yil 1-mart kuni boʻlib oʻtadigan parlament quyi palatasi saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini kuzatib borishadi.

Kuzatuvchilar missiyasi Tojikiston Respublikasi Demokratik partiyasi raisi Saidjaʼfar Usmonzoda va Tojikiston Respublikasi Sotsial partiyasi raisi Abduhalim Gʻafforov bilan uchrashdi.

Eʼtirof etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar jadal surʼatlarda rivojlanyapti, strategik sheriklik darajasiga chiqqan koʻp qirrali hamkorlikda ijobiy oʻsish kuzatilmoqda.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida siyosiy hamda savdo iqtisodiy aloqalar faollashgani alohida taʼkidlandi. Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv resurslarini taqsimlash, chegara oldi oʻzaro hamkorligi kabi muhim masalalar oʻz yechimini topayotir.

Muloqotda Tojikiston saylov qonunchiligi, parlament saylovi jarayonida Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, mamlakatdagi mahalliy saylov komissiyalari faoliyatiga toʻxtalib oʻtildi.

Kuzatuvchilar missiyasi oʻz ishini 3-martgacha davom ettiradi va ushbu davlat shahar hamda tumanlarida bevosita boʻlishadi. Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Tojikicton siyosiy partiyalari yetakchilari, YEXHT DIIHBB Missiyasi rahbari Eberxard Pol bilan uchrashishadi, MDH PAdan xalqaro kuzatuvchilar guruhlari majlislarida ishtirok etishadi, Dushanbedagi saylov uchastkalari ochilishi va saylovlarning borishini kuzatishadi. Yakunda MDHdan Kuzatuvchilar missiyasining yakuniy matbuot anjumanida ishtirok etishadi.

Tojikiston MSK maʼlumotlariga koʻra, Tojikiston parlamenti quyi palatasi saylovlarida 63 ta deputatlik mandati uchun 241 nomzod kurash olib boradi. Shulardan 176 nafari 41 ta bir mandatli saylov okruglari boʻyicha, 65 nafari yagona umumrespublika saylov okrugi partiya roʻyxati boʻyicha saylovlarda qatnashadi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?