Oʻzbekistonga vizasiz rejim boʻyicha tashrif buyurgan birinchi Xitoy fuqarosi kutib olindi

18:25 04 Yanvar 2020 Welcome to uzbekistan
327 0

Kuni kecha Urumchi-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha parvoz qilgan aviareysda Xitoy Xalq Respublikasidan vizasiz rejim boʻyicha kelgan ilk mehmonlar Toshkent xalqaro aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari tomonidan kutib olindi. Qizigʻi shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi chegarasidan vizasiz oʻtgan birinchi Xitoy fuqarosi Li Ji Lin Oʻzbekistonga investitsiya kiritish maqsadida yurtimizni yaqindan oʻrganish uchun tashrif buyurgan ekan. 
“Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barcha sohalarda katta oʻzgarishlar boʻlayotganini eshitib, mamlakatingizga biznes turizmi boʻyicha tashrif buyurdim, lekin bu darajada chiroyli kutib olishlarini kutmagan edim, ochigʻi. Oʻzbekiston haqida hozircha yetarlicha bilimga ega emasman, lekin tashrifim davomida koʻp narsalarni bilib olishga umid qilaman. XXR fuqarolari uchun vizasiz rejimning yoʻlga qoʻyilishi xitoyliklarga juda katta imkoniyatlar yaratadi. Shaxsan men Xitoyning Shandun provinsiyasidagi yirik kompaniya direktoriman. Shu sababli mamlakatingizni oʻrganib chiqib, unga katta investitsiya kiritishni rejalashtiryapman. Bugungi kunda xitoyliklar dunyo boʻylab juda koʻp sayohat qilishadi — oʻtgan yili 120 million xitoylik dunyo boʻyicha sayohatga chiqqan. Vizasiz rejimning tatbiq qilingani, albatta, yaxshi yangilik boʻldi. Oʻylaymanki, bundan keyin Oʻzbekistonga koʻplab xitoyliklar kela boshlashadi”, — deydi Li Ji Lin. 
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilning 12-sentyabrdagi 5819-sonli Farmoniga asosan 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun 7 kundan koʻp boʻlmagan muddatga Oʻzbekistonga vizasiz kirish imkoni yaratilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?