O‘zbekistonga 500 ming dollar sarmoya kiritgan investorni MIB xodimlari haydab chiqarmoqda

12:14 08 Avgust 2018 Iqtisodiyot
2482 0

Joriy yilning bahorida xitoylik tadbirkor Kuan Rumbo Olmazor tumanidagi kichik sanoat zonasidan bino olib, O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlagan edi, deb yozmoqda O‘zA.

Oradan o‘tgan vaqt davomida u butkul tashlandiq holga kelib qolgan binoni tozalab, tartibga keltirdi. Zanglamaydigan metalldan oshxona anjomlari tayyorlashga mo‘ljallangan zamonaviy uskunalarni Xitoydan olib keldi. Montaj ishlarini yakunlab, 30 nafar yosh yigitga uskunalarni boshqarish darslarini o‘tishni boshlamoqchi bo‘lib turganda, MIBdan kelgan vakillar korxona binosini sotilishini aytishdi.

Boshlanishiga 500 ming dollar sarmoya kiritib, yana mablag‘ olib kelishni o‘ylab turgan investor bundan hayratda.

– O‘zbekistonda har tomonlama raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqchi edim, – deydi tadbirkor. – Tenderda ishtirok etib, 10 yilga foydalanish uchun bino yutib oldim va investitsiya kiritdim. Hozirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan buyurtmachilar bor. Ular mahsulotni chiqarishimizni kutib turibdi. Lekin faoliyat boshlashimizga xalal bermoqda. Olmazor tumani MIB kelib, bizni yopmoqchi, ularning aytishicha, bu joyning qarzi borligi uchun xatlab, sotishmoqchi. Qarzi bo‘lsa, nega tenderga qo‘yilgan?

Biz ana shu savolga javob izlab “Olmazor kichik sanoat zonasi“ rahbarlari va tadbirkorlar bilan uchrashdik.

– Shu yilning bahorida Prezidentimiz qarori bilan “Oniks“ (sobiq “Mikond“) billur zavodi “Olmazor kichik sanoat zonasi“ga aylantirilgan edi, – deydi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Shukurov. – Aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etilgan bu korxona hududidagi bino, inshootlarni imtiyozli shartlar asosida ijaraga berish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qaroriga ko‘ra, 2017 yilda tanlov savdolari o‘tkazildi. Natijada hudud 40 tadbirkorga 10 yillik muddatga, imtiyozli ravishda taqdim etildi. Ular bilan eksportbop, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan ijara shartnomalari tuzdik.

Ayni vaqtda 18 korxonada ta’mirlash va montaj ishlari olib borilmoqda. 22 korxona ish boshlagan bo‘lib, ularning 8 tasi eksport bilan shug‘ullanmoqda. Bugungi kunda uchta korxona 37,3 ming dollar miqdorida eksportni amalga oshirdi.

Bunday yutuqlarga erishilgani yaxshi albatta. Biroq, yurtimizda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, investorlarga sharoitlar yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganda ularga berilgan bino nega sotuvga qo‘yilmoqda? Bu savolga hudud rahbarlari shunday javob berdi: “Tuman soliq idorasi hech narsani, hatto Vazirlar Mahkamasi qarorini ham tan olmay, bizga MIB xodimlarini yubormoqda. Aslida hech qanday qarzdorlik ham, qarz ham yo‘q. Vaholanki, jamiyatning 01.07.2017 yil holatiga byudjet, davlat maqsadli jamg‘armalari bo‘yicha mavjud qarzdorliklari va unga hisoblangan penya hisobiga davlat ulushi oshirilishi belgilangan. Biz topshiriq ijrosini ta’minladik. Biroq... Toshkent shahar davlat soliq inspeksiyasi...”

Biz, tuman soliq idorasi vakillari bilan bog‘lanishga, masalaga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdik. Biroq, harakatlarimiz izsiz ketdi. Ulardan aniq javob olish uchun biror bir mutasaddi rahbarni topishning iloji bo‘lmadi.

Ular jamiyatni qarzdorlikda ayblab, hisob raqamiga band solganligi sababli hududda ish boshlagan tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoit yaratish, ularni energiya resurslari bilan ta’minlash imkoni bo‘lmayotgan ekan. Eng yomoni MIB jamiyat hududidagi, qisman tadbirkorlarga ijaraga berilgan binoni sotish chorasini ko‘rmoqda. Bundan esa tadbirkorlar xavotirda.

– O‘tgan yilning dekabrida tenderda yutib, mart oyidan uskunalarimizni bosqichma-bosqich o‘rnatib, 25 ish o‘rni yaratdik, – deydi “Yelkan AK“ korxonasi rahbari Abdubosit G‘anixo‘jayev. – Biz ishlab chiqarayotgan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar avvallari Koreya, Xitoydan katta mablag‘ evaziga olib kelinardi. Mahsulotlarimiz import o‘rnini bemalol bosib, sifati va narxi borasida raqobatlasha oladi. Ayni vaqtda Xitoydan Yevropa standartlariga javob bera oladigan zamonaviy uskunalar olib kelish harakatidamiz. Qirg‘iziston va Rossiya bilan hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishdik. Ishlarimiz oldinga siljiyotgan shu kunlarda o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib, halovatimizni o‘g‘irlayotgan muammo chiqib qoldi. U ham bo‘lsa, binolarni sotuvga qo‘yilayotgani.

Hozirda oylik aylanma mablag‘i 60 million so‘mni tashkil etayotgan korxonada kelgusida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish borasida yirik biznes loyiha mavjud. Binoni epaqaga keltirish, ishchilarga qulay sharoit yaratish, ovqatlanish xonalari tashkil etish maqsadlari uchun tadbirkor 50 ming dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan bo‘lib, endi yana ko‘chishga to‘g‘ri kelsa, moddiy va ma’naviy zararni kim to‘lashi bilan qiziqmoqda.

– Biz ham yilning oxiriga qadar 40 dan ziyod ish o‘rni yaratmoqchimiz, – deydi “Riqsiyeva Shohista“ mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Abulbori Tursunov. – Hozir 25 nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlaganmiz. Hokim qarori asosida o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘lib, mart oyida ish boshlaganmiz. Ulkan niyatlar qilib, rejalar tuzib turgandik. Endi sotuvga qo‘yish haqidagi gap chiqib qoldi. Agar haqiqatda shunday ekan, nega tender o‘tkazib, bizni ovora qilishdi. Bu joylar vayrona bo‘lib yotgandi. Tozalab, ishlash mumkin bo‘lgan sharoitga keltirguncha ozmuncha mablag‘ va kuch sarfladikmi? Endi uni kimdir sotib, mo‘may daromad qilmoqchiga o‘xshaydi? Biz, tadbirkorlar nima qilishimiz kerak?

Bu kabi tadbirkorlarning haqli e’tirozlarini tinglab, nahotki, yurtimiz iqtisodiy salohiyatiga munosib ulush qo‘shayotgan ishbilarmonlarning dardini hech kim eshitmasa, deya hayron bo‘ldik. So‘ngra Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining tumandagi vakillariga murojaat qildik.

– Biz joriy yilning 31 iyulida hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashdik, – deydi partiya Olmazor tumani kengashi rahbari Jasurbek Qodirov. – “Olmazor kichik sanoat zonasi“da faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning bir qator muammolari aniqlandi. Deputatlik guruhi bilan birgalikda bu muammolar yechimini topish choralarini ko‘rmoqdamiz.

Xususan, masalani o‘rganib, mutasaddi idoralarga deputatlik so‘rovlarini yubordik. Ular qonun bo‘yicha o‘n kunda javob berishadi. Shunga qarab, nima qilishni o‘ylab ko‘ramiz.

Fikrlarni tinglab, aslida muammo nimada, xorijiy investorni jalb etish borasida hatto Prezidentimiz jon kuydirib turganda MIB va soliq idoralari xodimlari nimani o‘ylab bu ishlarni boshladi ekan, degan savollarga javob izladik.

Masalani mohiyatini bilgach, tuman soliq idorasining muddaosi nima? Tadbirkorlarni ishdan ko‘nglini sovitib, yurtimiz iqtisodiyotiga zarar keltirmoqchimi? Nahotki, ular Vazirlar Mahkamasining qaroriga ham qarshi chiqa oladigan qudratga ega bo‘lsa, yoki ular hech kimni nazar pisand qilmaydimi? degan xayolga bordik. Vaholanki, oldin bu hududda faoliyat yuritgan “Mikond“ning 9 milliard qarzi bo‘lib, yer kichik sanoat zonasiga o‘tgach, qarz ham unga meros bo‘lib qolgan. Shunga qaramay Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, qarzdorlik kechilgan va Toshkent shahar hokimligi tomonidan o‘tkazilgan tanlov asosida joylar tadbirkorlarga imtiyozli ravishda 10 yillik muddat bilan ijaraga berilgan.

Ayni vaqtda esa soliq idorasining talabiga ko‘ra, MIB tomonidan xatlov ishlari olib borilmoqda. Bundan esa tadbirkorlar aziyat chekmoqda. Investorlar esa ketish kayfiyatida. Uylab qolasan kishi: Soliqchi va MIB maqsadi, asl muddaosi nima?


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?