Oʻzbekistonda jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga oshirilgan

17:58 23 Avgust 2019 Siyosat
150 0

Kecha liy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan 2019-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar ham muhokama qilindi, deb xabar berdi yuqori palata axborot xizmati.

Taʼkidlanganidek, 2019-yilda Mudofaa vazirligi tomonidan 24 ta maqsadli vazifa bajarilishi belgilangan. Shundan 4 ta topshiriqning bajarilishi muddati 2019-yilning II-choragi etib belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarga asosan oʻtkazilgan tahlillar natijasida ularning barchasi bajarilganligi aniqlandi.

Jumladan, Qoʻshinlarda jangovar tayyorgarlikni darajasini oshirish va toifa darajasiga ega mutaxassislar miqdorini koʻpaytirish maqsadida 2019-yil II-choragi davomida chet el safarlariga harbiy xizmatchilarni yuborish va jangovar tayyorgarlik tizimida tajriba almashish uchun chet el mutaxassislarini jalb etish belgilangan. Xususan, hozirda xorijiy davlatlarda Mudofaa vazirligining 290 nafar harbiy xizmatchisi tahsil olmoqda. Shuningdek, tajriba almashish maqsadida qoʻmondonlik tarkibining Rossiya Federatsiyasida harbiy amaliyot oʻtkazilgan.

Hisobot davrida 100 oiladan ortiq boʻlgan yopiq harbiy shaharchalarda mahalla fuqarolar yigʻinlarini tashkil etish maqsadida 2019-yil birinchi yarim yilligida shunday shaharchalarni aniqlash va mahalla fuqarolar yigʻinlarini tartibga solish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash topshirigʻi belgilangan. Uning ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilingan.

Shunga koʻra, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari tomonidan Mudofaa vazirligining joriy yilning birinchi yarmidagi faoliyati qoniqarli, deb topildi.

Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining Mudofaa doktrinasining amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etish, bunda asosiy eʼtiborni harbiy qurilish masalalariga qaratish va ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni kuchaytirish hamda Qurolli Kuchlarda jangovar ruhni yuksaltirish, askar va zobitlarimizni jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, 2019-yilning oʻtgan davrida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa doktrinasining amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etish, bunda asosiy eʼtiborni harbiy qurilish masalalariga qaratish va bu yoʻnalishdagi faoliyatni kuchaytirish hamda Qurolli Kuchlarda jangovar ruhni yuksaltirish, askar va zobitlarni jismoniy va maʼnaviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, xalqaro maydonda kechayotgan voqea-hodisalar, Markaziy Osiyo hamda unga yaqin mintaqalardagi harbiy-siyosiy vaziyat monitoringi oʻtkazilib, uning rivojlanish tendensiyalari aniq tahlil va prognozlar asosida baholanib borilgan. Mavjud maʼlumotlar tahlili natijasida tegishli hujjatlar tayyorlanib, mutasaddi tashkilotlarga tizimli ravishda kiritilgan.

Bundan tashqari, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligida guruh, vzvod va batalyonlarning avtonom ravishda jangovar vazifalarni bajarish imkoniyatlarini oshirishga asosiy eʼtibor qaratilgan. Shu sababli jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarga oshirilgan. Xususan, oʻq otish mashgʻulotlari qurollaridan 2,6 barobar koʻp foydalanilgan hamda jangovar mashinalardan otish mashgʻulotlari 2,1 barobar koʻp oʻtkazilgan. Zirhli va avtomobil texnikalarini haydash mashgʻulotlari soni ham 1,3 foizga oshirilib, qoʻshinlarning jangovar koʻnikmalari mustahkamlangan. Umuman bugungi kunga qadar qoʻshinlarda 130 ta taktik maxsus oʻquv va 124 ta qoʻmondonlik shtab oʻquvi oʻtkazilgan. Shuningdek, xorijiy davlatlar bilan harbiy hamkorlik rejasiga asosan 10 dan ortiq hamkorlik oʻquvlari oʻtkazilgan.

Majlisda Mudofaa vazirligining mamlakatimizning mudofaa salohiyatini oshirish, uning suverenitetini himoya qilish, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Shu jumladan, moliyaviy resurslar va moddiy-texnika vositalaridan maqsadli foydalanish, mulk hamda qurol-yaroqlarning saqlanishini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlarining bajarilishi ustidan taʼsirchan prokuror nazoratini amalga oshirish hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish kabi yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masala boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?