Oʻzbekistonda jamgʻarib boriladigan pensiyaning umumiy miqdori salkam 3 trillion soʻmga yetdi

15:25 26 Sentyabr 2018 Jamiyat
862 0
Illyustrativ foto

2018 yil 26 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda «Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Aksiyadorlik tijorat «Xalq banki”da ijro etilishini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda senatorlar, bank-moliya sohasi mutaxassislari, vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, «Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi Qonunga muvofiq 2005 yilning 1 yanvaridan Oʻzbekistonda jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti tizimi joriy etilgan boʻlib, hukumatning 2018 yil 26 martdagi qaroriga asosan 2018 yil 1 aprelidan eʼtiboran barcha fuqarolarni pensiya taʼminoti tizimida hisobga olish ishlari faqat Davlat xizmatlari agentligi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilib kelinmoqda. Tatbiq etilgan yangiliklar tufayli jarayon ishtirokchilarining ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qoʻyildi.

Maʼlum boʻlishicha, pensiya taʼminoti tizimidagi shaxsiy maʼlumotlar AT «Xalq banki"da alohida tashkil etilgan yagona maʼlumotlar elektron bazasi va arxivlarida xavfsizlik choralari koʻrilgan holda saqlanadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 31 maydagi qarori koʻra, hisobvaraqlar tartib raqami Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan fuqaroning identifikatsiya raqami asosida berib kelinmoqda.

2018 yil 1 iyul holatiga AT “Xalq banki” filiallarida pensiya taʼminoti tizimi ishtirokchilari soni 11,3 millionga yetib, ulardagi mablagʻlar miqdori 2,9 trillion soʻmdan oshgan.

Tizim joriy etilganidan boshlab 2018 yilning 1 iyuligacha nafaqa yoshiga yetgan yoki qonunchilikda belgilangan boshqa holatlar bilan jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlarini olish huquqi vujudga kelgan 1,2 million shaxsga 450,2 milliard soʻm miqdorida mablagʻlar toʻlab berilgan. 2017 yil yakuni boʻyicha pul qadrsizlanishiga nisbatan tizim ishtirokchilari hisobvaraqlariga 324,5 milliard soʻm mablagʻ hisoblab qoʻshilgan.

Shu bilan birga, majlisda «Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Aksiyadorlik tijorat «Xalq banki”da ijro etilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarda qator kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilganligi qayd etildi.

Jumladan, AT «Xalq banki"ning tranzit hisobraqamiga pensiya taʼminoti tizimi uchun ish beruvchilar tomonidan oʻtkazilgan mablagʻlarga xodimlar reyestrlari berilmaganligi sababli 2018 yilning 1 iyul xolatiga 768 mingdan ortiq tizim ishtirokchilari hisobvaraqlariga 16,2 milliard soʻm kirim qilinmagan.

Davlat soliq qoʻmitasi hamda AT “Xalq banki” respublika boshqaruvi oʻrtasida reyestr taqdim etmagan subyektlar toʻgʻrisida oylik onlayn maʼlumot almashuvi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, soliq idoralari tomonidan bu topshiriqlar ijrosiga eʼtibor berilmagan.

Misol uchun, “Fargʻona elektr tarmoqlari” korxonasi 10 ta holatda 3,3 million soʻm, Namangan shahar “Lider-Alfa security” MCHJ 25 ta holatda 1,1 million soʻm, Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi 6 ta holatda 0,5 million soʻm mablagʻlarga xodimlar roʻyxatini taqdim etmagan. Tabiiyki, bu holatlar ishtirokchilar mablagʻlariga foizlarning hisoblanmasdan qolishiga sabab boʻlgan.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan mazkur tizimda mavjud muammolarni hal etishda «Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini toʻliq taʼminlashga, tizim mablagʻlarini depozitlarga joylashtirishda amaldagi inflyatsiya darajasini inobatga olishga, tegishli vazirlik va idoralar bilan oʻzaro hamkorlikni qayta koʻrib chiqish va uning tizimliligiga erishish, axborot almashuvining interfaol usullaridan samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Majlis yakuni boʻyicha Qoʻmitaning ushbu yoʻnalishda qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish yuzasidan qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?