Oʻzbekistonda Turkmaniston Prezidenti asarlari taqdimoti boʻlib oʻtdi

19:18 04 Noyabr 2019 Madaniyat
361 0

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov asarlarida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va xalq farovonligini yanada oshirish masalalari” mavzuidagi ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi aʼzolari, taniqli iqtisodchi olimlar, moliya va iqtisodiyot sohalarining mutaxassislari hamda Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari qatnashdi.

Anjumanda bugungi kunda Turkmaniston zamonaviy taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlayotgani taʼkidlandi. Turkman qardoshlarimizning mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish va xalqning farovon hayotini taʼminlash borasida erishayotgan yutuqlari xalqaro doirada ham eʼtirof etilmoqda. Bunda mamlakat Prezidentining uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan izchil islohotlari muhim ahamiyat kasb etayotir.

Tadbirda Turkmaniston Prezidenti GurbanguliBerdimuhamedov asarlari taqdimoti oʻtkazildi.

— Oʻzbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, yaqin doʻst va qoʻshni boʻlib kelgan, — deydi Turkman milliy madaniy markazi rahbari oʻrinbosari Guldona Avezdurdiyeva. — Tarixi, madaniy va diniy qadriyatlari, anʼana va urf-odatlari mushtarak, tili oʻxshash ikki xalq bugun ham oʻzaro hamkorligu hamjihatlikda hayot kechirayotir. Albatta, mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari rivojida davlat rahbarlarining yaqin doʻstligi, bir-biriga hurmati va ishonchi muhim oʻrin tutmoqda. Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan keng koʻlamli hamkorlik jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda mana shunday nufuzli anjumanlarni tashkil qilish muhim ahamiyatga ega, deb oʻylayman.

GurbanguliBerdimuhamedovning “Turkmaniston — farovonlik va taraqqiyot mamlakati” kitobida turkman xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari, shuningdek, aholining farovon turmush darajasini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz boradi. Asarda qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi chuqur ilmiy asoslangan tahlillar asosida koʻrsatib berilgan.

“Arkadagning baxtiyorlik zamoni” asarida muallif tomonidan turkman xalqining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yuksaltirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash yoʻllari ilmiy jihatdan asoslangan.

Muallifning “Turkmaniston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida” kitobi boy tabiiy, koʻp tarmoqli ishlab chiqarish va infratuzilma salohiyatiga ega Turkmanistonni kompleks rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalar qalamga olingani, “Turkmaniston qudrat va saodat davrida” asari mamlakat va xorijiy nashrlarda chop etilgan keng koʻlamli va xilma-xil maʼlumotlar tizimli tahlil qilingani bilan katta ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.

Konferensiyada GurbanguliBerdimuhamedovning asarlarida Turkmanistoning zamonaviy taraqqiyot asoslari ilmiy-nazariy jihatdan chuqur tahlil qilib berilgani qayd etildi. Ushbu kitoblarini oʻqish orqali mamlakatning boy madaniyati, shonli oʻtmishi haqida, qolaversa, bugungi taraqqiyotga qanday erishayotgani, bu borada qanday islohotlar amalga oshirilayotgani borasida muhim va qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlish mumkinligi alohida taʼkidlandi.

Shahzod GʻAFFOROV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?