Oʻzbekistonda Signal va Wire messenjerlarini koʻchirib olish keskin oʻsgan. Nega?

21:02 17 Sentyabr 2019 Jamiyat
193 0

AQSHning Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Eduard Snouden WhatsApp va Telegramʼdan foydalanish xavfdan xoli emasligini aytgani haqida xabar bergan edik. U “Agar sizda muqobil variant boʻlsa, WhatsApp yoki Telegramʼdan foydalanmang”, - deb aytib, har ikki dasturdan koʻra Signal yoki Wire messenjerlaridan foydalangan maʼqul ekanligini taʼkidlagandi.

Buni qarangki, ushbu xabardan soʻng Oʻzbekistonda Signal va Wire messenjerlarini koʻchirib olish keskin koʻpaygan. Buni App Annie tahlil servisi maʼlumotlaridan bilib olish mumkin.

Xususan, Signal bu borada 65, Wire esa 86-pozitsiyaga koʻtarilgan. Ilgari bunday oʻsish kuzatilmagan edi.

Maʼlumot uchun, Signal 2014-yilda Moksi Marlinspayk va u asos solgan Open Whisper Systems (OWS) kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Ushbu ilovada OWS tomonidan ishlab chiqilgan Signal Protocol mufassal shifrlash algoritmidan foydalaniladi. Bu algoritm juda mashhur boʻlib ketgan va boshqa messenjerlarga ham tatbiq etilgan.

Uning mualliflari tomonidan bildirilishicha, xabarlar serverda emas, balki yuboruvchining qurilmasida shifrlanadi, shifrni ochish kaliti esa qabul qilib oluvchida boʻladi. Shunday qilib faqat ulargina maʼlumotlarni oʻqiy olishadi.

Wire esa Skypeʼning sobiq top-menejerlari Jonatan Kristensen, Yanus Friis, Priid Zilmar tomonidan yaratilgan va kuchaytirilgan himoyaga ega messenjerlarning yangi avlodidir. Undagi shifrlash tizimida ham OWS protokoli qoʻllaniladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?