Oʻzbekistonda shamol elektr stansiyasini qurishda qatnashishga 70 ta investor ariza berdi

12:37 20 May 2020 Iqtisodiyot
112 0

30 ta mamlakatdan 70 kompaniya va konsorsiumlar Oʻzbekistonda quvvati 100 MVt ga teng boʻlgan birinchi shamol elektr stansiyasi (SHES) qurilishida ishtirok etish uchun ariza berdi. Arizalar shu yilning 13-mayigacha qabul qilindi, deb xabar berdi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Qayd etilishicha, mustaqil elektr energiya ishlab chiqaruvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi qoshidagi davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish agentligi tomonidan loyihada ishtirok etishga taklif qilindi.

Tender gʻoliblari ushbu loyiha doirasida obyektlarni ishlab chiqish, moliyalash, qurish, ularga egalik qilish va foydalanishga ishtirok etadi.

Shamol energetika loyihasi boʻyicha birinchi tender Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim doirasida amalga oshiriladi. Bundan koʻzlangan maqsad umumiy quvvati 1 GVt. ga teng shamol elektr stansiyalarini qurishdir.

Ushbu shamol elektr stansiyalarini va tegishli infratuzilmani qurish uchun maydoncha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumanidan tanlangan.

Aytish kerakki, ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi elektr manbalarini ishga tushirish boʻyicha keng koʻlamli strategiyaning bir qismidir. Umuman olganda, yaqin 10 yilda mamlakatda elektr energiyaga oʻsib borayotgan talabni qondirish maqsadida iqtisodiy samarali va ekologik sof shamol elektrstansiyalari qatorini kengaytirish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?