O‘zbekistonda minimal iste’mol savati va kun kechirish uchun zarur miqdorni hisoblash tartibi joriy qilinadi

12:50 13 Iyun 2018 Iqtisodiyot
173 0

O‘zbekistonda “minimal iste’mol savati” va “kun kechirish uchun eng kam zarur miqdor” tushunchalari joriy qilinadi va ularni hisoblash tasniflari aniqlanadi. Bu haqda Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasi hududida minimal iste’mol savati va eng kam miqdordagi iste’mol savatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjatda ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, mazkur tashabbus 1 iyulgacha amalga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda. Loyihani Iqtisodiyot vazirligi taqdim etgan.

Rejaga ko‘ra, 2021 yilga borib eng kam ish haqi miqdori tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorga nisbatan 100 foizga yetkaziladi. Pensiyalar va nafaqalar esa 2025 yilgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor doirasida 100 foizga yetkaziladi.

Hujjatda qayd etilishicha, birinchi navbatda hozirgi kundagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati va iste’mol qilishning kunlik o‘rtacha minimal tibbiy me’yorlari bugungi iste’mol darajasiga mos kelmaydi.

Ikkinchidan, eng kam iste’mol savatchasi va eng kam miqdordagi iste’mol savatining qiymati va tarkibi haqida jamoatchilikni xabardor qilish uchun ochiq va oshkora mexanizm yo‘q. Uchinchidan, hisob-kitob qilishning metodologiyasi yo‘q va to‘rtinchidan, aholining ayrim qatlamlari pensiya, nafaqa va to‘lanadigan ish haqining miqdoridan norozi.

Shu nuqtai nazardan, vazirlik to‘la-to‘kis va sog‘lom ovqatlanish uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va ovqatlanishning o‘rtacha bir kunlik minimal tibbiy me’yorlarini tayyorladi.

Asosiy ijtimoiy-demografik guruhlar (bolalar, mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar) uchun bir sutkalik oziq-ovqat mahsulotlari qiymati oziq-ovqat mahsulotlari iste’molining o‘rtacha bir sutkalik normativini bir oylik o‘rtacha iste’mol narxlari haqidagi tegishli ma’lumotlarga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi.

Umumiy hamda asosiy ijtimoiy-demografik guruhlar bo‘yicha aholi uchun minimal iste’mol savati qiymati oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar to‘plami narxini jamlash yo‘li bilan aniqlanadi.

Kun kechirish uchun zarur miqdor qiymati minimal iste’mol savati hamda majburiy xarajatlar va yig‘imlar narxini jamlash bilan aniqlanadi.

Minimal iste’mol savati va kun kechirish uchun zarur miqdor qiymatlari Iqtisodiyot vazirligi tomonidan oylik asosda kelasi oyning 15-sanasigacha hisoblab chiqiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?