Oʻzbekistonda mingdan ortiq yozgi oromgohlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi

17:34 12 Iyun 2019 Jamiyat
142 0

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ishtirokida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi “Barkamol” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida 12-iyun — Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir doirasida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va XMT mutaxassislari tomonidan turli yoshdagi bolajonlarga mazkur sananing mohiyati interaktiv usullar orqali tushuntirib berildi. Xususan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari tomonidan ishtirokchilarga qishloq xoʻjaligida mehnat muhofazasi ishlari hamda mamlakatimizda bola huquqlarining taʼminlanishi toʻgʻrisidagi slayd va roliklar yordamida batafsil maʼlumotlar berilib, mavzu oid qator tanlov va viktorinalar tashkil etildi.

Xalqaro mehnat tashkilotining oxirgi maʼlumotlariga koʻra dunyo boʻyicha 5 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 218 mln. bola ishlashga majburdir. Ularning 152 million nafari bolalar mehnatidan jabrlanganlar boʻlib, shundan 73 million nafar bola xavfli mehnatga jalb qilingan.

Tadbir doirasida bolalar uchun maxsus tayyorlangan tematik filmlar va roliklar namoyish etildi. Bolalar oʻrtasida “Dunyo bolalariga baxt va umid” mavzusida tashkil etilgan rasmlar, kuy-qoʻshiq va sheʼrlar tanlovlari, oʻgʻil-qizlar bilan bola huquqlari borasida oʻtkazilgan savol-javob viktorinalari tashkil etildi.

Joriy yilgi sogʻlomlashtirish mavsumida mamlakat miqyosida 1067 ta bolalar oromgohi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularning 224 tasi statsionar turdagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari boʻlib, 843 tasi sogʻlomlashtirish maydonchalaridir. Bu koʻrsatkichlar joriy yilda faoliyat koʻrsatuvchi statsionar oromgohlar soni oʻtgan yilga nisbatan qariyb 20 taga koʻpayganidan dalolat beradi. Yoz mavsumi davomida jami oromgohlarda 310 ming nafarga yaqin bolajonlar sogʻlomlashtiriladi. Ularning 171 ming nafarga yaqini statsionar turdagi oromgohlarda, 138 mingdan ziyodi sogʻlomlashtirish maydonchalariga jalb etiladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 91 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanishi rejalashtirilgan.

Tadbir yakunida bolajonlar butun dunyo bolalariga ezgulik va baxt tiladilar hamda dunyo bolalarining urushsiz va ziddiyatlarsiz hayotga boʻlgan umidlari timsoli sifatida samoga yuzlab rang-barang pufaklar uchirdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?