Oʻzbekistonda mineral oʻgʻitlarsiz hosil olish biotexnologiyasi yaratildi

14:05 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
245 0

OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov tomonidan Oʻzbekistonda mineral oʻgʻitlarsiz kuzgi bugʻdoy yetishtirish biotexnologiyasi ishlab chiqildi va amalda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtdi. Mazkur biotexnologiya usuli yordamida – azotli va fosforli mineral oʻgʻitlarsiz bugʻdoy hosildorligi oshiriladi. Dala sharoitidagi tadqiqotlar Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani Kalgan massividagi bugʻdoy dalalarida oʻtkazildi. Bu haqda OʻzFA matbuot xizmati xabar berdi.

Biotexnologiyaning asosini tuproqlarda, oʻsimlik ildizlari atrofida koʻpayadigan foydali bakteriyalarning noyob biologik xususiyatlariga asoslanadi. Tuproq bakteriyalari oʻsimliklarning oʻsishi, rivojlanishi va hosildorligini oshirishda talab etiladigan biologik azot va fosfor, turli fiziologik faol moddalar, oqsillar (shuningdek, aminokislotalar), vitaminlar hosil qiladi. Tuproqning muhim bio-ekologik xususiyatlarini tiklaydi – tuproq yosharadi. Taklif etilgan ushbu biotexnologiyada ana bakteriyalardan foydalaniladi.

Biotexnologiyaning fundamental tadqiqotlari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari, jumladan XXR FA fizika va kimyo hamda ekologiya-geografiya institutlarida tadqiq etilgan.

Dala sharoitidagi tadqiqotlarda ushbu biotexnologiya asosida va mineral oʻgʻitlar qoʻllanmasdan oʻrtacha 50 ts/ga hosil olingan. Olimning fikriga koʻra, bugʻdoyning bu hosili yuqori chegara emas. Biotexnologiyaning qoʻllash usullarini optimallashtirish orqali bugʻdoy hosildorligini bundanda oshirish mumkin. Shuningdek, mazkur ishlanma, ayniqsa, shoʻrlangan tuproqlarning biologik xususiyatlarini tiklash va bugʻdoy hosildorligini oshirishda juda foydali, Oʻzbekiston sharoitlarida istiqbolli hisoblanadi. Shoʻrlangan tuproqlarda mineral oʻgʻitlarning qoʻllanishi tuproq minerallashuvi – shoʻrlanishini kuchaytiradi. Taklif etilgan biotexnologiya esa, shuningdek, tuproq minerallashuvini kamaytirishga katta yordam beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?