Oʻzbekistonda milliondan ortiq kadastr idoralarida hisobga olinmagan uy-joylar mavjud

11:11 28 Fevral 2019 Jamiyat
420 0

Maʼlumki, davlatimiz rahbari raisligida 2017 yil 13 dekabrda oʻtkazilgan majlisda Bosh vazirning tegishli oʻrinbosarlari, Davlat soliq qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi zimmasiga qator vazifalar yuklatilgandi.

Yer maydonlari va koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha kadastr va soliq idoralarida mavjud maʼlumotlar bazasining oʻzaro mutanosibligi va toʻliqligini taʼminlash, hujjatsiz uy-joy va yer maydonlarini kadastr organlarida roʻyxatga qoʻyish; mazkur maydonlar, koʻchmas mulklar hamda ularning egalari toʻgʻrisida “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi oʻrtasida kunlik elektron axborot almashish tizimini joriy etish shular jumlasidandir. Qolaversa, Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi Farmoniga muvofiq, oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha 2019 yilning 1 mayiga qadar oʻtkaziladigan bir martalik umumdavlat aksiyasi eʼlon qilindi.

“Biroq qayd etilgan vazifalar hamda Farmon talablarining shu kunga qadar masʼullar tomonidan lozim darajada ijro etilmagani qator muammolarni yuzaga keltirmoqda, - deya alohida taʼkidladi Senat raisi yalpi majlisda - Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridagi maʼlumotlar bilan kadastr idoralaridagi mavjud jismoniy shaxslar uy-joylari soni keskin farq qiladi.

Kadastr idoralarida hisobga olinmagan uy-joylar ayrim hududlarda hamon koʻpligicha qolmoqda.

Misol uchun, ular soni Andijon viloyatida 157 mingtani, Buxoro viloyatida 193 mingtani va Qashqadaryo viloyatida 401 mingtani tashkil etadi.

“Yergeodezkadastr” va Davlat soliq qoʻmitalaridagi mavjud maʼlumotlar bazalarini muvofiqlashtirish hamda kunlik elektron axborot almashish tizimining talab darajasida yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida mazkur qoʻmitalar maʼlumotlar bazalarida ham jiddiy farqlar yuzaga kelgan.

Jumladan, soliq organlarida roʻyxatga olinib, kadastr organlarida roʻyxatga olinmagan jismoniy shaxslar uy-joylari soni mamlakat boʻyicha qariyb 812 mingtani tashkil qiladi.

Ayniqsa, bu salbiy koʻrsatkichning Buxoro viloyatida 147 mingtani, Andijon viloyatida 167 mingdan ortiqni,Qashqadaryo viloyatida 400 mingtani tashkil etayotgani achinarlidir.

Shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari maʼlumotlarida va “Yergeodezkadastr” bazasida mavjud boʻlib,soliq organlari bazasiga kiritilmagan jismoniy shaxslarning 1,2 mln.dan ortiq uy-joyi boʻyicha 2018 yilda byudjetga 131 mlrd. soʻmdan ortiq soliqlar hisoblanmasdan qolgan.

Agar 2019 yilda ushbu soliq kamida 20 foizga oshishi inobatga olinsa,160 mlrd. soʻmdan ortiq qoʻshimcha soliq undirish imkoni mavjudligi maʼlum boʻladi.

Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda viloyatlar hokimlarining eʼtiborini shunga alohida qaratmoqchimanki, turar joylarga nisbatan mulk huquqini belgilash boʻyicha umumdavlat aksiyasining tugashiga ikki oy vaqt qoldi.

Biroq, maʼlumotlarga qaraganda, aksiya doirasiga tushishi mumkin boʻlgan koʻchmas mulklarning bor-yoʻgʻi 30 foizi boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan, xolos.

Bunday holatlarning yuzaga kelishiga davlat organlari,eng avvalo, mahalliy hokimiyat, shu jumladan, kadastr,arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning masʼuliyatsizligi sabab boʻlmoqda.

Byurokratik toʻsiqlar sababligina turar joylari uchun mulk huquqini qoʻlga kirita olmayotgan fuqarolarning ertaga yana turli idoralar oʻrtasida sarson boʻlmasligiga kim kafolat beradi?

Vaholonki, oʻz uy-joylariga nisbatan mulk huquqining asossiz eʼtirof etilmayotganidan norozi boʻlib, fuqarolar turli vazirlik va idoralar, xususan, Senatga koʻplab murojaat qilmoqdalar.

Uy joylarning kadastr hujjatlari yoʻqligi ayrim hollarda ushbu uylarda yashash huquqiga ega boʻlgan shaxslar, hatto ota onalar va ularning farzandlari, boshqa yaqin qarindoshlar oʻrtasida nizolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

2018 yilda uy joyga egalik bilan bogʻliq 13,5 mingdan ortiq nizolarning sudlarda koʻrib chiqilgani buning dalilidir.

Umid qilamizki, masʼul vazirlik va idoralar, xususan “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda hokimliklar yuqoridagi dolzarb muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish choralarini koʻradilar”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?