Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar haqida batafsil maʼlumot berildi

15:07 27 Mart 2020 Jamiyat
601 0

Illyustrativ surat

Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilishi holatlari 83 tani tashkil etmoqda. Ulardan 35 nafari erkak, 48 nafari esa ayollar. Shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar bermoqda.

Yosh jihatdan qaraydigan boʻlsak, 0-9 yoshgacha – 5 nafar, 10-19 yoshgacha – 2 nafar, 20-29 yoshgacha – 24 nafar, 30-39 yoshgacha – 17 nafar, 40-49 yoshgacha – 16 nafar, 50-59 yoshgacha – 11 nafar, 60-69 yoshgacha – 7 nafar hamda 70 – 79 yoshgacha boʻlganlar ham 1 nafarni (miokard infarktdan vafot etgan bemor) tashkil etmoqda.

Hozirga qadar Fransiya, Turkiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni hamda Shveysariya davlatlarida boʻlib qaytgan 23 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan boʻlib, 60 nafar fuqaro esa ular bilan yaqin muloqotda boʻlgani uchun yuqtirib olishgan.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning 6 nafari Fargʻona, 5 nafari Namangan va 3 nafari esa Andijon viloyatlaridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Shu yilning 22-mart kuni Istanbul–Buxoro charter reysida yurtimizga olib kelinib, karantinga olingan fuqarolar orasidan poytaxtlik, Toshkent va Andijon viloyatidan 3 nafar kishida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangandi. Ayni paytda ushbu bemorlar Buxoro viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanishmoqda. Qolgan bemorlar esa poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan barcha bemorlarga standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surushtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha zarur profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?