Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash vaqtida virusni yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga 100 million soʻm kompensatsiya toʻlanadi

19:56 26 Mart 2020 Jamiyat
134 0

Illyustrativ surat

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq:

koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan;

zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovi belgilandi:

vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million soʻm;

oʻrta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million soʻm;

kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million soʻm;

boshqa xodimlarga – 5 million soʻm.

Maxsus toʻlovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida toʻlab beriladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million soʻm;

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida ogʻir ahvolga tushgan va sogʻligʻi tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila aʼzolariga esa 250 million soʻm miqdorida bir martalik toʻlovlar toʻlanadi.

Ushbu toʻlovlar qonun hujjatlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlar hamda mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi yoki uning vafoti munosabati bilan toʻlanadigan toʻlovlarni saqlab qolgan holda qoʻshimcha ravishda amalga oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?