O‘zbekistonda 1 kg paxta uchun qancha to‘lash taklif qilinmoqda?

17:51 10 Iyul 2018 Iqtisodiyot
3433 1
Foto: protoday.uz

O‘zbekistonda yangi mavsumda paxta xomashyosini qo‘lda terib olishda 1 kg uchun 700 so‘m miqdorida pul to‘lanishi mumkin. Bu haqda Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portaliga joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining “2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish bosqichlarida mehnatga haq to‘lash tarif stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, 2018 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xom ashyosini terib olishda qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta xom ashyosi uchun to‘lanadigan mehnat haqini birinchi bosqichda - 700 so‘m, ikkinchi bosqichda - 800 so‘m qilib belgilash taklif qilingan.

Shuningdek, mashinada terilgan paxta xomashyosining 1 tonnasi uchun 350 000 so‘mdan xizmat haqi to‘lash to‘g‘risidagi taklifi ham o‘rtaga tashlangan.

Mazkur takliflar Hukumatga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” va “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyatlari hamda O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xom ashyosini terib olishda qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta xom ashyosi uchun to‘lanadigan mehnat haqi birinchi bosqichda - 450 so‘mni (keyinchalik 500 va 700 so‘mgacha oshirilgan) tashkil qilgan. Shuningdek, mashinada terilgan paxta xomashyosining 1 tonnasi uchun 260 000 so‘mdan xizmat haqi to‘langandi.


Izohlar


Nodir Temirov

Бу йил пахтани машина терадими ёки ...

21:0411.07.2018