Oʻzbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi

08:44 24 Iyul 2019 Hujjatlar
469 0

MUQADDIMA

Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatni soʻz va axborot erkinligisiz tasavvur etib boʻlmasligini eʼtirof etib, biz — Oʻzbekiston Jurnalistlari mazkur kasb etikasi kodeksini (keyingi oʻrinlarda – Kodeks) qabul qildik.

Kodeks Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (BMT Bosh Assambleyasi, 1948-yil), Jurnalistikada kasb etikasi xalqaro prinsiplari (YUNESKO, 1983-yil), Jurnalistlar odob-ahloqi prinsiplari xalqaro deklaratsiyasi (Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining kongressi, 1954-yil) va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunchiligi inobatga olingan holda ishlab chiqildi.

Kodeks jurnalistlar va barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻz kasb majburiyatlarini bajarishda rioya etishi shart boʻlgan maʼnaviy-axloqiy yoʻnalishlarni belgilaydi.

1.JURNALISTNING KASB MAJBURIYATI

Haqqoniylik, xolislik, adolat, fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlariga hurmat Oʻzbekiston jurnalistlari faoliyatining asosiy qoidasi hisoblanadi.

Jurnalist oʻzining soʻz va axborot erkinligini taʼminlash yoʻlidagi faoliyati jamiyat oldidagi burchi ekani va uning materiallari jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini toʻliq anglaydi.

Jurnalist Oʻzbekistonning amaldagi qonunlari va xalqaro huquq normalariga asoslanib ish olib boradi, media makonda ijtimoiy masʼuliyat muhitini yaratgan holda sohada oʻzini-oʻzi boshqarish tizimini vujudga keltirish va mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi, jurnalist obroʻ-eʼtibori va shaʼnini himoya qiladi.

2. JURNALISTNING IJTIMOIY MASʼULIYATI

Jurnalist jamiyat uchun axborot toʻplashi, tayyorlashi, tarqatishi, shuningdek fuqarolarning oʻz fikrlarini bildirishlari uchun erkin maydon yaratadi.

3. BETARAFLIK VA XOLISLIK

Jurnalist betaraf boʻlishi, voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi, muomala madaniyati va ochiqlik tamoyillariga amal qiladi.

Jurnalist oʻz kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan foydalanmasligi (qoʻrqitish, taʼmagirlik, tovlamachilik, igʻvogarlik, mukofot vaʼda qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullardan foydalanish), shuningdek oʻz xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yoʻlida foydalanmaydi.

Jurnalist har qanday sharoitda ham yolgʻon axborot eʼlon qilmasligi, dalillarni buzib koʻrsatmasligi va ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni ataylab yashirmaydi.

4. AXBOROTNING ISHONCHLILIGI

Oʻzi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning majburiyatidir. Jurnalist haqqoniyligiga ishonch hosil qilgan axborotnigina tarqatadi va sharhlaydi (kamida ikkita mustaqil manba orqali axborotni tekshirib koʻrishi tavsiya etiladi).

Ishonchsiz va dalillarga asoslanmagan axborot tarqatgan taqdirda jurnalist zudlik bilan oʻz xatosini tan olishi, uzr soʻrab, xatosini tuzatish chorasini koʻradi.

Jurnalist fikr va nuqtai nazar xilma-xilligini hurmat qiladi.

5. AXBOROT MANBAI VA UNING MAXFIYLIGI

Jurnalist jismoniy yoki yuridik shaxslarning axborot taqdim etishni rad etish yoki taqdim etishdan tiyilish huquqini tan oladi.

Jurnalist axborot manbaining ruxsatisiz maʼlumotlarni oshkor qilmasligi, axborotdan gʻarazli yoxud uchinchi shaxs manfaatlarini koʻzlab foydalanmaydi.

Jurnalist maxfiy yoʻl bilan olingan axborot manbaiga nisbatan kasb sirini saqlaydi. Jurnalistdan axborot manbani oshkor etishga majburlashga hech kimning haqqi yoʻq.

6. MILLIYLIK VA MAʼNAVIYAT

Jurnalist qanday mavzuga qoʻl urmasin milliy oʻziga xoslik, milliy maʼnaviyat va axloqiy qadriyatlarga, shu bilan birga boshqa millat va elatlarning urf-odat va madaniyatiga nisbatan hurmat saqlaydi. Materialni tarqatishda adabiy til qoidalariga amal qiladi.

Jurnalist hech bir xalq va elatning milliy, diniy yoki irqiy kamsitilishiga yoʻl qoʻymaydi.

Jurnalist mamlakatning axborot makonidagi nufuzi va jahon axborot maydonidagi imijiga putur yetkazmaslikka intiladi.

7. SHAXSIY HAYOTGA HURMAT. SHAXS SHAʼNI VA QADR-QIMMATINI HIMOYALASH

Jurnalist odamlarning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini hurmat qiladi. Shaxs shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga yoʻl qoʻymaydi.

Jurnalist odamlarning shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarni faqat ularning roziligi va hujjatlarning sir saqlanishiga rioya qilgan holda eʼlon qiladi.

Jurnalist noqonuniy yoʻl va nomaqbul vositalar yordamida odamlarning shaxsiy hayoti haqida axborot toʻplash, ovoz yozib olish va materiallar toʻplashi mumkin emas.

Jurnalist jinoiy ishni yorituvchi materialni tayyorlayotganida aybsizlik prezumpsiyasiga amal qiladi.

8. PLAGIAT

Jurnalist oʻz faoliyatida plagiatga yoʻl qoʻymaydi. Plagiat (koʻchirmakashlik) hech bir havola koʻrsatmay oʻzga manbaning matni, ovozi, kadri hamda tasvirini oʻzlashtirib olishdir.

Jurnalist boshqa ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar muallifligidagi materiallardan foydalanganida yoki ularga murojaat qilganida aniq manbani koʻrsatishga burchlidir.

9. JURNALISTLAR BIRDAMLIGI

Jurnalistlar kasbiy birdamlik talablariga rioya qiladilar. Jurnalist professional obroʻ-eʼtiboriga putur yetkazadigan va ijtimoiy burchiga zid boʻlgan ishlarga qoʻl urmaydi, ommaviy axborot vositalaridan gʻarazli maqsadlarda va hamkasblari oʻrtasida kelishmovchiliklar keltirib chiqarish yoʻlida foydalanmaydi.

Professional faoliyati uchun taʼqib ostiga olingan jurnalist jurnalistlar birdamligi tuygʻusi va prinsiplaridan kelib chiqqan holda hamkasblari himoyasida boʻladi.

10. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI BOʻYICHA JAMOATCHILIK KENGASHI

Jurnalist kasb etikasi talablari va meʼyorlari buzilish holatlarini kuzatish, tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarish maqsadida ommaviy axborot vositalari boʻyicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.

Jamoatchilik kengashi nizomi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi konferensiyasida tasdiqlanadi.

Jamoatchilik kengashi yetti kishidan iborat tarkibda besh yillik muddatga Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi konferensiyasida saylanadi.

Jamoatchilik kengashi:

— milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan (tarqatilgan) materiallarni jurnalistning kasb etikasi meʼyorlari nuqtai nazaridan oʻrganadi, tahlil qiladi, baholaydi, xulosa chiqaradi;

— jurnalistlik faoliyati bilan bogʻliq bahsli holatlarga oydinlik kiritilishida yordamlashadi;

— Kodeks meʼyorlariga rioya etilmaslik holatlari yuzasidan taqdim etilgan murojaatlarni koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi;

jurnalist kasb etikasiga taalluqli boshqa masalalarni jamoatchilik eʼtiboriga havola etadi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Jamoatchilik kengashining qarori Ommaviy axborot vositalarida chop etiladi.

Jamoatchilik kengashi qarori jurnalistni intizomiy, maʼmuriy yoki boshqa turdagi javobgarliklarga tortish uchun asos hisoblanmaydi, u tavsiya xususiyatiga ega.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining IV konferensiyasi

Toshkent shahri, 2019-yil, 17-iyul


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?