Oʻzbekiston “Virus-Free” xalqaro turizm yoʻnalishida birinchilardan biri boʻlishi mumkin

02:31 06 May 2020 Welcome to uzbekistan
310 0

Oʻzbekistonda COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatish borasidagi saʼy-harakatlar doirasida milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirishni taʼminlashda ilgʻor usullar (“nou-xau”) oʻrganilmoqda va joriy etilmoqda. Xususan, turizm sohasida sayyohlik sanoati obyektlarini epidemiyalardan himoya qilish uchun sertifikatlashtirish tizimining yangi modellarini joriy qilish rejalashtirilgan. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Bu boradagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda turkiyalik mutaxassislar bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar oʻtkazdi.

Undan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda turistik obyektlarning epidemiyalarga qarshi xavfsizligini sertifikatlash boʻyicha Turkiya tajribasini oʻrganish va Oʻzbekistonda tatbiq etish boʻyicha tajriba almashishdan iborat. Shuningdek, muloqot chogʻida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbirda yaqin istiqbolda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) koʻmagida turizm sohasi vakillari uchun maʼlumotlar almashish hamda “VIRUS-FREE” – turistik obyektlarni sertifikatlash standartlarini ishlab chiqishni sinxronlashtirish uchun veb-seminar tashkil etishga kelishib olindi. 

Taʼkidlash joiz, Turkiya dunyoda birinchilardan boʻlib sayyohlik obyektlarini yuqumli kasalliklardan, shu jumladan koronavirusning yangi turi boʻlmish SOVID-19 dan sertifikatlash tizimini ishlab chiqdi. Buning uchun tegishli virusga qarshi gigiyena talablari ishlab chiqildi. “Virus Free System” sertifikatlash tizimini shu yilning may oyidan joriy etish boshlanadi.

Tizim mehmonlarni qabul qilish, turar joy va dam olish bilan bogʻliq harakatlarni umumlashtiradi. Sertifikatlashtirish jarayoni uchta asosiy bosqichda amalga oshiriladi.

Yangi tizimga koʻra, transport vositalari, mehmonxonalar, aeroportlar, restoranlar, agentliklar, muzeylar va tarixiy joylarda tozalash ishlarini olib borishga alohida eʼtibor beriladi. Bundan tashqari, turizm sanoatining barcha xodimlari immunitet toʻgʻrisidagi guvohnoma olishlari talab etiladi. Turoperatorlar, shuningdek, tibbiy infratuzilma inventarizatsiyasi, intensiv terapiya va oddiy sunʼiy shamollatish apparatlarini ishlatish boʻyicha koʻnikmalarni egallashlari lozim.

Xodimlar maxsus treninglardan oʻtkaziladi. Unda mutaxassislar pandemiya sharoitida ishlashga oʻrgatiladi. Aeroportlar, mehmonxonalar, restoranlar, muzeylar va arxeologik joylarni oʻz ichiga olgan infratuzilma obyektlari ijtimoiy masofani saqlash uchun moslashtiriladi.

Ushbu sertifikatlashtirishdan oʻtish boʻyicha mehmonxonalarda xodimlar va sayyohlarning xavfsizligi uchun ijtimoiy masofani taʼminlashga yetarli joy boʻlishi kerak. Xususan, “Shved stoli” shaklidagi bufetlar faoliyati taqiqlanadi. Bitta xonada stol va stullar soni kamayadi, shunda ular orasida ijtimoiy masofa yetarli darajada saqlanadi. Avtobuslar sayyohlarni diqqatga sazovor joylarga cheklangan miqdorda olib borishlari kerak boʻladi. Avtobuslarda sayyohlar oʻrtasida oʻrtacha 1,5-2 metr masofani taʼminlash shart. Sayyohlar va xodimlar haroratini kuzatish uchun pirometrlardan foydalaniladi. Tizimning barcha ishtirokchilari shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiya bilan jihozlanganligi kafolatlanadi. Mehmonxonalarda va shunga oʻxshash muassasalarda, kasallik avj olgan taqdirda qanday harakat qilish kerakligini biladigan xavf menejeri boʻlishi shart.

Turkiya va Oʻzbekiston tizimni muvaffaqiyatli sinab koʻrish boʻyicha yangi strategiya ustida ishlamoqda.

Birinchi bosqichda yangi amaliyot ichki turizm bozorida sinovdan oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqichda tomonlar ushbu sertifikat turini xalqaro standartga aylantirishga harakat qiladilar.

“Virus Free System”ning yangi standartlarini amalga oshirishda hamkor davlatlar, shuningdek, xalqaro tuzilmalar, jumladan, Jahon sayyohlik tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti (SECTRIC, SMIIK), Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va boshqa tuzilmalar salohiyati jalb qilinadi.

Turkiya vitse-prezidenti F.Oktay 2020-yil 23-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov bilan onlayn muzokaralar chogʻida Turk tomoni Oʻzbekistondagi loyihalardan biri sifatida yangi sertifikatlash tizimidan foydalanishni rejalashtirayotganini taʼkidladi.

Xususan, ilgari Buxoroda Turkiya sarmoyasini jalb qilgan holda mehmonxona qurishga kelishib olingan edi. Kelajakda mazkur mehmonxonaga sertifikat beriladi va u yangi tizim boʻyicha dunyodagi birinchi loyihalardan biriga aylantiriladi.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, SOVID-19 pandemiyasi tugagandan keyingi davrda Oʻzbekiston sayyohlar uchun diqqatga sazovor joyga aylanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?