Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻzaro hamkorlikda Ahmad Yassaviy haqida film suratga oladi

17:50 23 Dekabr 2019 Madaniyat
258 0

Yaqinda “Oʻzbekkino” Milliy agentligida Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova hamda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov oʻrtasida hamkorlik aloqalari xususida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda XII asrda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan yassaviya tariqatining asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy haqida hamkorlikda film suratga olishga kelishildi.

Shuningdek, 2020-yilning boshida Qozogʻistonda oʻtkazilishi moʻljallanayotgan “Oʻzbek kinosi kunlari”, xususan, filmlar namoyishi boʻyicha ham kelishuvga erishildi.

Ushbu film Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamkorligi tarixida noyob voqea sifatida qardoshlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Aktoti Raimkulova “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida olib borilayotgan ishlar, yangi loyihalar bilan tanishdi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida olib borayotgan siyosati bizni lol qoldiradi. Men mamlakatingiz bilan madaniy aloqalar olib borishdan juda xursandman. Oʻylaymanki, kino sohasida hamkorlikda amaliy ishlarni olib borsak, bu ikkala davlat uchun ham manfaatlidir”, — dedi Qozogʻiston madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova.

“2020-yilda Qozogʻistonda “Oʻzbek kinosi kunlari” oʻtkazilishi hududlar oʻrtasidagi kino sohasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi deb oʻylayman, – qoʻshimcha qildi Qozogʻiston madaniyat va sport vaziri, – ikki mamlakat kino industriyasi rahbarlari va kinoijodkorlarning bunday birlashuvi albatta besamar ketmasligi kerak”.

“Qozogʻiston kinoijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan filmlar bugungi kunda koʻplab xalqaro festivallarda yuqori oʻrinlarda eʼtirof etilmoqda. Doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda Oʻzbekiston-Qozogʻiston kinoijodkorlarining birlashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, kino sanʼati orqali oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, bilim va tajriba almashish mumkin. Bu esa sifatli kinolarimizni koʻpayishiga, xalqlarimiz yanada yaqin boʻlishiga xizmat qiladi”, deydi “Oʻzbekkino” rahbari.

Uchrashuv soʻnggida Aktoti Raimkulova “Oʻzbekkino” Milliy agentligi qoshidagi “Kino sanʼati” muzeyiga oʻz esdalik sovgʻasini topshirdi. Firdavs Adbuxoliqov ham oʻz navbatida oʻzining “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” deb nomlangan 10 jildlik asarlarini (kitoblarini) Qozogʻiston madaniyat va sport ishlari vaziriga sovgʻa sifatida taqdim etdi.

“Mamlakatingizning boy tarixi bilan tanishish, betakror urf-odat va anʼanalarini oʻrganish, meʼmoriy yodgorliklari misolida asriy tamaddun yutuqlaridan bahramand boʻlish istagida edim. Ushbu kitoblaringiz bilan meni benihoya shod etdingiz,” – deya Aktoti Raimkulova oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Bugungi kunda ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.

Turli yirik tadbirlarning oʻtkazilishi xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy doʻstlik rishtalarini ulugʻlashdek mushtarak maqsadlarga erishishida muhim oʻrin tutmoqda. Bugungi uchrashuv ham shu hamkorlik anʼanalarining davomi boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?