Oʻzbekiston va Misr hamkorligiga oid 12ta hujjat imzolandi

15:02 05 Sentyabr 2018 Siyosat
1065 1

Koʻksaroyda oʻtgan muzokaralar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.

Ikki mamlakat hukumat va vazirliklari oʻrtasida turizm, investitsiya, soliq, adliya, qishloq xoʻjaligi, madaniy meros va sport sohalari, tashqi ishlar va yoshlar masalalari boʻyicha 12 ta hujjat imzolandi.

Prezidentlar boʻlib oʻtgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, Oʻzbekiston bilan Misr munosabatlarida yangi bosqich boshlanganini taʼkidladi.

“Abdulfattoh as-Sisi janoblarining Oʻzbekistonga birinchi rasmiy tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Ochiq, doʻstona va amaliy ruhda oʻtgan muzokaralarimiz barcha masalalar yuzasidan yondashuv va qarashlarimiz oʻxshashligini koʻrsatdi. Ishonchim komilki, bugungi kelishuvlar Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi munosabatlarni sifat va mohiyat jihatidan boyitib, oʻzaro manfaatli hamkorligimizni yangi, yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misr Prezidenti Oʻzbekiston bilan hamkorlikning barcha sohalari boʻyicha kelishib olganini, bu kelishuvlar kelgusi tashriflarga debocha va ulkan natijalarga poydevor boʻlishini taʼkidladi.

Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga rasmiy tashrifi bugun yakunlanadi.


Izohlar


Abrorxon Obidov

thebestofkhan256@mail.ru

Misr davlati bilan hamkorlik juda yaxshi. Ayniqsa, turizm sohasida ...

19:4006.09.2018