Oʻzbekiston va Germaniya kompaniyalari ishtirokida V2V formatidagi kooperatsion birja oʻtkazildi

18:15 14 Avgust 2019 Jamiyat
116 0

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan birgalikda 2019-yil 13-16-avgust kunlari Germaniya Federal Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etdi. Bu haqda SSP axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu tashrif doirasida, 2019-yil 14-avgust kuni qoʻshma biznes loyihalarini amalga oshirish maqsadida oʻzbek va nemis kompaniyalari ishtirokida V2V formatidagi kooperatsion birja oʻtkazildi.

Delegatsiya tarkibidan qishloq xoʻjaligi, uzumchilik, chorvachilik, qurilish, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi kompaniyalar oʻrin olgan.

Ushbu uchrashuvning maqsadi - Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, Germaniya kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iboratdir.

Tadbir davomida Germaniya delegatsiyasi vakillari Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishning ijobiy dinamikasini taʼkidlab, respublikamiz hukumatining iqtisodiyotning turli sohalarini erkinlashtirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlarni yuqori baxoladilar.

Reynland-Pfals fedaral oʻlkasi Iqtisodiyot, transport, qishloq xoʻjaligi va uzumchilik vazirligi boshqarma boshligʻi, delegatsiya rahbari J. Vayngarten, “Davlatingiz rahbari olib borayotgan iqtisodiy siyosati hamda islohotlar Germaniyada iliq taassurotlar uygʻotmoqda. Shu tufayli biz tarafdan Oʻzbekiston iqtisodiyot sohasida nemis kompaniyalarining aʼlo darajadagi sifatli texnikalarini yetkazib berish imkoniyati mavjud. Bugungi uchrashuv esa Oʻzbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralari oʻrtasida kelgusida tajriba va fikr almashish uchun yangi imtiyozlar yaratdi” - deya, ommaviy axborot vositlariga intervyu berdi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Germaniya sarmoyadorlari ishtirokidagi 161 ta korxona, shu jumladan, 100 foiz chet el kapitali ishtirokidagi 42 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

2019-yilning birinchi choragida oʻzaro savdo hajmi 137,8 mln.AQSH dollar, xususan, eksport - 9,4 mln.AQSH dollarni, import - 128,5 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.

Eksportning asosiy pozitsiyalari transport, telekommunikatsiya va turizm, trikotaj va toʻqimachilik maxsulotlari, noorganik kimyo mahsulotlari, dukkakli oʻsimliklar va sabzavotlar, paxta iplari va matolari, meva maxsulotlari va boshqalardir.

Import esa mexanik va elektr jihozlari, transport vositalari, farmatsevtika mahsulotlari, turli xil xizmatlar, kimyoviy mahsulotlar, jonli hayvonlar, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar, atirlar, kosmetika va gigiyena vositalari hissasiga toʻgʻri keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?