Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkentda oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi

12:21 08 May 2019 Sport
293 0

Oʻzbekiston milliy jamoasi iyun oyidagi FIFA kunlarida KXDR milliy jamoasiga qarshi Toshkentda oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazadi. Bu haqda OʻFA rasmiy sayti xabar berdi.

“Muzokaralar natijasiga koʻra, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi terma jamoasi bilan kelishuvga erishildi. Joriy yilning 7 iyun kuni Shimoliy Koreya terma jamoasi poytaxtimizda mehmon boʻladi”, – deyiladi OʻFA xabarida.

Eslatib oʻtamiz, ushbu ikki jamoa 2018 yil oktyabr oyida ham Toshkentda oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazgan va unda mezbonlar Marat Bikmayevning har ikki boʻlimda kiritgan bittadan goli evaziga gʻalaba qozongandi (2:0). Bu – Oʻzbekiston milliy jamoasining argentinalik bosh murabbiy Ektor Kuper qoʻl ostidagi ilk gʻalabasi boʻlgan.

Oʻzbekiston milliy jamoasi shu yilning sentyabr oyidan boshlab 2022 yil Qatarda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati saralash bahslaridagi ishtirokini boshlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?