Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasida yangi rahbariyat tezkor yigʻilish oʻtkazdi

17:06 25 Iyun 2019 Sport
398 0

Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining majlislar zalida tashkilotning ishini rivojlantirish va undagi kamchiliklarni bartaraf etish mavzusida tezkor yigʻilish oʻtkazildi. Unda assotsiatsiyaning hududiy boʻlimlari rahbarlari, bosh murabbiy, bosh hakam va maʼmuriy-boshqaruv xodimlari ishtirok etishdi.

Yigʻilishda assotsiatsiya raisi hududiy boʻlim rahbarlari bilan tanishib, ularning talab va takliflarini tingladi. Albatta, bugungi kunda boʻlimlarda ish darajasi qoniqarli, deb boʻlmaydi. Tezkorlik bilan yangi reja asosida ish olib borish kerakligi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etib, murabbiylar faoliyatini yaxshilash, yoʻl qoʻyilgan xatolar ustida ishlab, ularni toʻliq oʻrganib chiqish kerakligi taʼkidlab oʻtildi.

Sportchilarning belbogʻlar tasnifi uchun yigʻiladigan badal pullarini qonuniy tarzda hududiy federatsiyalar ixtiyorida qoldirish, viloyatlarda yetishmayotgan jihozlarni aniqlab chiqish, Olimpiya oʻyinlari vazn toifasi boʻyicha saralovchi turnir ish rejasini tayyorlash, viloyatlardagi iqtidorli sportchilar roʻyxatini tuzish, shuningdek, xalqaro hakamlik toifalariga ega referilar sonini oshirish va ularning xalqaro seminarlardagi ishtiroklarini taʼminlash eng dolzarb masalalardan ekanligi qayd etildi. Ushbu yigʻilishda belgilangan barcha ishlar yuzasidan toʻliq nazorat assotsiatsiya rahbari zimmasida qoldirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?