Oʻzbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

11:23 14 Mart 2020 Hujjatlar
252 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining F a r m o n i

Qurilish sohasida islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, qurilishning barcha bosqichlarida shaffoflikni taʼminlash maqsadida:

1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududida 2028-yil 31-dekabrga qadar shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatidan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda, shu jumladan, loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish bosqichida 1-ilovada keltirilgan xorijiy normativ hujjatlar qoʻllanishiga ruxsat etiladi:

mahalliy loyiha-qidiruv tashkilotlarini jalb etgan va milliy normativ hujjatlarga nomutanosib boʻlgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni taʼminlash boʻyicha maxsus texnik shartlarni ishlab chiqqan holda, xorijiy normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarining moslashtirilishi;

zarur hollarda moslashtirilgan loyiha hujjatlarini koʻrib chiqish uchun vakolatli organ tomonidan jalb qilingan mustaqil xorijiy mutaxassislar va konsultantlar xizmatlari uchun toʻlov xarajatlari, ushbu hujjatlarni koʻrib chiqish natijalaridan qatʼiy nazar, buyurtmachi (investor) tomonidan qoplanishi;

b) 2020-yil 1-iyuldan:

soliq va statistika hisobotlari maʼlumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va toʻlangan soliqlar, ish haqi toʻlash fondi va boshqa mezonlar) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi;

v) 2020-yil 1-sentyabrdan:

soliq va statistika hisobotlari maʼlumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va toʻlangan soliqlar, ish haqi toʻlash fondi va boshqa mezonlar), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi maʼlumotlari (qurilishi tugallangan obyektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi hamda boshqa mezonlar) asosida qurilish ishlari hajmlari va obyektlariga muvofiq tabaqalashtirilgan holda avtomatik tarzda shakllantiriladigan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi;

g) 2021-yil 1-yanvardan:

qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillari, loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining xarid tartib-taomillarida belgilangan malaka talablariga muvofiqligini baholashda ularning elektron reytingi maʼlumotlaridan foydalanish va boshqa elektron tizimlar bilan integratsiyalash imkoniyatini hisobga olgan holda, elektron shaklda onlayn rejimida amalga oshiriladi;

qurilish sohasida oʻtkaziladigan davlat xaridlarida elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar (ish tajribasi, moliyaviy barqarorligi, shtatida malakali xodimlarning mavjudligi va boshqa mezonlar) boʻyicha ijobiy koʻrsatkichlarga ega boʻlgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi;

davlat xaridlarida ishtirok etish uchun ruxsat berishda elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar boʻyicha ijobiy koʻrsatkichlarga ega boʻlgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning dastlabki malakaviy baholashdan oʻtishi, shuningdek, tanlov (tender) hujjatlarining umumiy va texnik qismlarini taqdim etishi talab etilmaydi;

davlat buyurtmachilari va davlat xarid subyektlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlari kompleks ekspertiza oʻtkazish uchun belgilangan muddatlarda energiya samaradorligi talablariga muvofiqligi boʻyicha majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi shart;

qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillarida gʻolib deb topilgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari ishlar (xizmatlar) narxining kamida oʻttiz foizini oʻz kuchi bilan bajarishi boʻyicha talab joriy etiladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida xususiy tadbirkorlik subyektlarini buyurtmachi funksiyasini bajarishga jalb qilish boʻyicha eksperiment (keyingi oʻrinlarda – eksperiment) oʻtkazish toʻgʻrisidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berilsin:

Toshkent shahrida 2021-2022-yillarda loyihalashtirilishi va qurilishi rejalashtirilgan 10 ta qurilish obyektini tanlab olish;

eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga koʻra xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan injiniring xizmatlarini koʻrsatish

(shu jumladan, texnik nazorat va loyiha boshqaruvi) yuzasidan shartnomalar imzolash;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan eksperimentda ishtirok etuvchi qurilish obyektlari va xususiy tadbirkorlik subyektlari roʻyxatining tasdiqlanishi.

Belgilab qoʻyilsinki, eksperiment tanlab olingan obyektlarning qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ular foydalanishga topshirilguniga qadar amalga oshiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qoshida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik meʼyorlash markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etilsin.

4. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

qurilishda meʼyorlash tizimidagi va innovatsion texnologiyalarni joriy qilishdagi muammolarni oʻrganib borish;

qurilish sohasidagi xalqaro normalar, qoidalar va standartlarni oʻrganish va tahlil qilish asosida milliy normativ hujjatlarni ular bilan uygʻunlashtirish;

binolar, inshootlar va ularning alohida elementlariga boʻlgan xavfsizlik talablarini, shuningdek, bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

normativ, shu jumladan, xorijiy hujjatlarning ilmiy-texnik kutubxonasi va elektron bazasini tashkil qilish va yuritish;

xorijiy va xalqaro tashkilotlar, konsultantlar va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda ularni milliy normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishga jalb qilish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qoshidagi Qurilishda texnik meʼyorlash markazining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 20 nafardan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Markaz faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, XMI/XHMTning texnik koʻmak mablagʻlari (grantlari) va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Markaz shtat birliklari tegishli vazirlik va idoralarning boshqaruv xodimlarini 2020-yilda maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ikki oy muddatda 2020-2023-yillarda shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish

va qayta koʻrib chiqish dasturini (keyingi oʻrinlarda – Dastur) tasdiqlasin.

Belgilansinki, Dasturni amalga oshirish doirasida:

milliy normativ, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish, qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish qurilish sohasida tajribaga ega boʻlgan xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda amalga oshiriladi;

tarmoq vazirliklari va idoralari ishlab chiqilgan va qayta koʻrib chiqilgan normativ, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni tasdiqlashdan oldin ularning loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga kelishish uchun majburiy tartibda kiritilishini taʼminlaydi;

tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan byudjet mablagʻlari

va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish ishlarining moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

7. Shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarni isloh qilish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) 3-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

Muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Ramatov):

vazirlik va idoralarning normativ, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish faoliyati muvofiqlashtirilishini;

vazirlik va idoralarning normativ hujjatlar, shu jumladan, texnik topshiriqlar va tanlov hujjatlarini ishlab chiqish hamda qayta koʻrib chiqish boʻyicha yillik va uzoq muddatli dasturlari kelishilishi va ularning ijrosi ustidan tizimli monitoring oʻrnatilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

bir oy muddatda qurilish tarmogʻini isloh qilish, shu jumladan, milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etish maqsadida xalqaro ekspertlar

va konsultantlarni jalb etishda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga amaliy yordam koʻrsatsin;

2020-yilda milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish, shuningdek, xalqaro ekspertlar va konsultantlar xizmatlari toʻlovini amalga oshirish uchun bir oy muddatda Qurilish vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 15 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin;

2021-2023-yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini ishlab chiqishda milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni ajratishni nazarda tutsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Qurilish vazirligi uch oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida, bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining turlari va boshqa mezonlarga qarab minimal talablarni tabaqalashtirgan holda qurilish sohasida mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligiga oid meʼyorlarni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qurilish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda qurilish sohasida xarid tartib-taomillarini tashkil qilish va oʻtkazish tartibini, shu jumladan, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashda xarid hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha talablarni takomillashtirishga doir takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:

a) 2020-yil 1-avgustga qadar xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda quyidagilar ishlab chiqilishini taʼminlasin:

Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2020-2025-yillarga moʻljallangan strategiyasi;

shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarga nomutanosib boʻlgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni taʼminlash boʻyicha maxsus texnik shartlarni kelishish va tasdiqlash tartibini;

“fast-track” usuli (bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan “tayyor holda topshirish” shartlari (Engineering Procurement Construction) asosida obyektlarni qurishga ruxsat berish tartibini;

b) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagi hukumat qarorlari loyihalarini kiritsin:

ikki oy muddatda – eksperimentda ishtirok etayotgan qurilish obyektlari va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tasdiqlash haqida;

eksperiment natijasidan kelib chiqib hamda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda – markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan va buyurtmachi funksiyasini xususiy tadbirkorlik subyektlari bajaradigan obyektlar qurilishini tashkil qilish va moliyalashtirish, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar qoshidagi qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi xizmatlari faoliyatini isloh qilish haqida;

v) Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda keng jamoatchilikni jalb etgan holda 2020-yil 1-mayga qadar koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda quyidagi talablarni oʻrnatish nazarda tutilsin:

ulush kiritish asosida uy-joylarni qurish uchun mablagʻlarni jalb etishdan avval kelishilgan loyiha-smeta hujjatlarining mavjud boʻlishi, quruvchi tashkilotning bank hisob raqamlarida jamlanadigan ulush qoʻshganlarning mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanishni cheklab qoʻyish;

qurilishda ulush kiritish asosida ishtirok etish boʻyicha shartnomalarni majburiy tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ulush kiritish asosida qurilishda ishtirok etish uchun mablagʻlarni jalb etuvchi qurilish tashkilotlarining yagona reyestrini yuritish;

g) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar kasbga muvofiqlik sertifikatlari berilishini taʼminlagan holda qurilish sohasi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etsin;

d) Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingini yaratish doirasida:

2020-yil 1-aprelga qadar loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingini shakllantirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini aniqlasin hamda ularni vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga taqdim etish tartibi belgilansin;

elektron reytinglarni joriy etish uchun oʻrnatilgan muddatlarda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirgan holda zarur dasturiy taʼminotni ishlab chiqsin;

ye) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yangilash boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

j) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga

4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini tashkil qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov – mazkur Farmonning sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlasin, normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish uchun masʼul boʻlgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin va aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot

va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari – iqtisodiyot va sanoat vaziri J.A.Qoʻchqorov – qurilish sohasida xarid tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartiblariga ilgʻor xorijiy tajribaning joriy qilinishini, shuningdek, milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I.Zakirov – loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari, idoraviy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda qurilish sohasida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi meʼyorlarini takomillashtirish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Sh.S.Xidoyatov – barcha milliy normativ hujjatlarning bosqichma-bosqich va sifatli ishlab chiqilishi va qayta koʻrib chiqilishini, qurilish sohasiga, shu jumladan, xarid tartib-taomillariga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev – mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid brifinglar, press-konferensiyalar tashkil etib, maqolalar va tematik telekoʻrsatuvlar eʼlon qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 13-mart


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?