Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida (yangi tahriri)

09:44 12 Noyabr 2019 Hujjatlar
3398 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tartibga solishdan iborat.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining huquqiy maqomi

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) huquqiy maqomi, vakolatlari, vazifalari, faoliyatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Markaziy bank yuridik shaxs boʻlib, u davlatning mutlaq mulkidir va oʻz xarajatlarini oʻzining daromadlari hisobidan amalga oshiradi.

Markaziy bank oʻz vakolatlari hamda vazifalari doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlaridan mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.

Markaziy bank davlatning majburiyatlari yuzasidan, davlat esa Markaziy bankning majburiyatlari yuzasidan, agar ularning oʻzi bunday majburiyatlarni oʻz zimmasiga olmagan boʻlsa yoki qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, javobgar boʻlmaydi.

Markaziy bank, shuningdek uning tasarrufidagi tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi yozilgan muhri va blankasiga ega boʻladi.

4-modda. Markaziy bankning mol-mulki

Markaziy bankning mol-mulki uning pul qimmatliklari va boshqa moddiy qimmatliklaridan iborat boʻlib, ularning qiymati Markaziy bankning balansida aks ettiriladi.

Markaziy bank oʻz balansida aks ettirilgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanishga va uni tasarruf etishga haqli.

 

5-modda. Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlari

Markaziy bank faoliyatining asosiy maqsadlari:

narxlarning;

bank tizimining;

toʻlov tizimlari ishlashining barqarorligini taʼminlashdan iboratdir.

Markaziy bankning bank tizimi barqarorligini taʼminlash boʻyicha faoliyati narxlarning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak.

Foyda olish Markaziy bankning maqsadi hisoblanmaydi.

6-modda. Markaziy bank uchun taqiqlangan faoliyat turlari

Markaziy bank:

uchinchi shaxslarga moliyaviy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanishga, bundan oʻz tasarrufidagi tashkilotlar mustasno;

tijorat faoliyatini amalga oshirishga;

uchinchi shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari boʻyicha kafolatlar berishga;

banklarning kapitallarida va boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas, bundan valyuta birjasining, shuningdek Markaziy bankning faoliyatini taʼminlovchi oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning kapitallarida ishtirok etishi mustasno.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, boshqa davlat organlariga va tashkilotlariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining (bundan buyon matnda Davlat byudjeti deb yuritiladi) taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermaydi.

7-modda. Manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiyaning oldini olishga doir choralar 

Markaziy bank manfaatlar toʻqnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash va boshqarishga oid siyosatni, shuningdek korrupsiyaning oldini olish yuzasidan Markaziy bankning hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarning barcha xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy boʻlgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

 

8-modda. Hisobdorlik

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisobdordir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Markaziy bankning yillik hisobotini auditorlik tashkilotining xulosasi bilan birga koʻrib chiqadi.

9-modda. Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlari

Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha jismoniy va yuridik shaxslar ijro etishi majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlari, agar hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

10-modda. Markaziy bankning tashkiliy tuzilishi

Markaziy bank yagona markazlashtirilgan boshqaruv tizimidir.

Markaziy bank oʻzining vakolatlarini amalga oshirish 
va vazifalarini bajarish uchun oʻz tasarrufida tashkilotlar tashkil etishga haqli.

Markaziy bank Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan hududiy bosh boshqarmalarini tashkil etadi.

Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlar oʻz faoliyatini Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadigan nizom (ustav) asosida amalga oshiradi.

2-bob. Markaziy bankning vakolatlari va vazifalari

11-modda. Markaziy bankning vakolatlari

Markaziy bank:

Oʻzbekiston Respublikasida hisob-kitoblarni amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;

bank tomonidan milliy va chet el valyutasida mijozlarning hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibini belgilaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida pul belgilarini muomalaga kiritadi va muomaladan chiqaradi;

qimmatbaho metallardagi aktivlarni toʻldirish uchun davlatning affinlangan oltin sotib olishga boʻlgan ustuvor huquqini amalga oshiradi;

qimmatbaho metallardan tayyorlangan quymalarni muomalaga chiqaradi;

qimmatbaho metallardan tayyorlangan pul belgilarini sotib olish va sotish tartibini belgilaydi;

banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi;

oʻzi belgilaydigan tartibda va shartlarda banklarga qisqa muddatli kreditlar, shuningdek likvidlilikni tezkor surʼatda qoʻllab-quvvatlash uchun kreditlar beradi;

banklar, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini litsenziyalashda hamda banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini (bundan buyon matnda kredit tashkilotlari deb yuritiladi) va banklar guruhlarini tartibga solish va nazorat qilishda asoslantirilgan mulohazadan foydalanadi;

oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni davlat organlari va tashkilotlaridan soʻrab oladi;

oʻz balansida aks ettirilgan mol-mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi;

oʻz tasarrufidagi tashkilotlarni, shu jumladan valyuta birjasini tashkil etadi;

moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradi, shu jumladan chet el hukumatlariga, boshqa davlatlarning markaziy banklariga bank xizmatlarini koʻrsatadi;

boshqa davlatlarning markaziy banklarida va xalqaro moliya institutlarida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini oʻz vakolatlari doirasida ifoda etadi;

chet davlatlarda vakolatxonalar ochadi;

obligatsiyalar emissiyasini amalga oshiradi;

oʻz nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan kliring va toʻlov bitimlari tuzadi;

kredit tashkilotlaridagi qoidabuzarliklarni aniqlash yuzasidan nazorat tadbirlarini amalga oshiradi, shu jumladan masofadan turib ham amalga oshiradi;

banknotalar va tangalar tasvirlarini aks ettirishga doir talablarni belgilaydi;

banklar uchun hisobvaraqlar ochadi;

autrayt (spot va forvard) sotib olish va sotish yoki kelishuvga binoan qaytarib sotib olish yoʻli bilan, shuningdek bozor vositalarini, valyutalarni va qimmatbaho metallarni kreditlash yoki jalb etish yoʻli bilan moliya bozorlarida faoliyatni amalga oshiradi.

Markaziy bank qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.

12-modda. Markaziy bankning vazifalari

Markaziy bank:

pul-kredit siyosatini, shu jumladan valyuta siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasida inflyatsiya darajasini monitoring, tahlil va prognoz qiladi, tegishli axborot materiallarini hamda statistik maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini, xalqaro investitsiyaviy mavqeini, tashqi qarzini va zaxira aktivlarini oʻz ichiga olgan bank, pul-kredit statistikasini, tashqi sektor statistikasini shakllantirishni hamda eʼlon qilishni amalga oshiradi;

har yili Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga Davlat byudjeti loyihasini tayyorlashga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan iqtisodiy va moliyaviy masalalar boʻyicha axborotni taqdim etadi;

naqd pul muomalasini tashkil etadi;

valyutani tartibga solishni va valyutani nazorat qilishni amalga oshiradi;

valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya hisobi, statistik hisobotlar va boshqa hisobotlar maqsadlari uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida bojxona hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun valyuta kursini muntazam ravishda belgilab boradi;

banklarni va kredit byurolarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi;

banklarning, mikrokredit tashkilotlarining, lombardlarning, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining faoliyatini va qimmatli qogʻozlar blankalarini ishlab chiqarishni litsenziyalaydi, shuningdek kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining va banklar guruhlarining faoliyatini tartibga soladi hamda ushbu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi;

hukumatning fiskal agenti vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan bank operatsiyalarini va boshqa bitimlarni mustaqil ravishda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga binoan amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov tizimlari barqaror ishlashini taʼminlash choralarini koʻradi;

ichki nazorat qoidalariga hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibiga Markaziy bank tomonidan litsenziyalanadigan tashkilotlarning rioya etishi yuzasidan monitoring hamda nazoratni amalga oshiradi;

Xalqaro valyuta fondining Oʻzbekiston Respublikasi valyutasidagi mablagʻlari depozitariysi hisoblanadi, operatsiyalarni va bitimlarni, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan operatsiyalar va bitimlarni amalga oshiradi;

kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, moliyaviy xizmatlarning ochiqligini hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligi darajasini oshirish choralarini koʻradi;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralarini (bundan buyon matnda xalqaro zaxiralar deb yuritiladi), shu jumladan kelishuvga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining zaxiralarini boshqarishni, hisobga olishni va saqlashni amalga oshiradi.

Markaziy bank ushbu Qonun bilan belgilangan maqsadlariga erishish uchun qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

3-bob. Markaziy bankning moliyaviy holati

13-modda. Markaziy bankning ustav kapitali

Markaziy bank ustav kapitalining miqdori bir trillion soʻmni tashkil etadi. Ustav kapitali miqdorini koʻpaytirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Markaziy bankning ustav kapitali boshqa shaxslarga berilishi yoki undan zakalat taʼminoti sifatida foydalanilishi mumkin emas.

14-modda. Foydani aniqlash va taqsimlash

Markaziy bankning foydasi har bir moliya yili uchun zaxiralar shakllantirilganidan, umidsiz, shubhali qarzlar va boshqa aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarning oʻrni qoplanganidan, barcha daromadlar hamda xarajatlar hisobga olinganidan, shuningdek aktivlar va passivlar haqiqatda baholanganidan soʻng aniqlanadi.

Markaziy bankning chet el valyutasi kursining yoki qimmatbaho metallar qiymatining oʻzgarishi natijasida xalqaro zaxiralarni qayta baholashdan hosil boʻladigan realizatsiya qilinmagan daromadlari va xarajatlari xalqaro zaxiralarga oid operatsiyalar boʻyicha qayta baholash fondiga kiradi. Mazkur realizatsiya qilinmagan daromad Davlat byudjetiga yoʻnaltirilmaydi.

Markaziy bankning foydasi uning boshqaruvi tomonidan belgilangan tartibda, yillik hisobotni tasdiqlash bilan bir vaqtda taqsimlanadi.

Markaziy bank boshqaruvining qaroriga binoan aniq maqsadli zaxiralar va fondlar shakllantirilishi mumkin.

Aniq maqsadli zaxiralar va fondlar belgilangan tartibda toʻldirilganidan keyin foydaning qolgan qismi Davlat byudjeti daromadiga yoʻnaltiriladi. Agar ustav kapitali va umumiy zaxiralar summasi Markaziy bankning muomaladagi pullar hamda Markaziy bankka nisbatan moliyaviy talablar sifatida belgilanadigan pul majburiyatlarining, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va xalqaro moliya tashkilotlari oldidagi majburiyatlar mustasno, oʻn foizidan kamrogʻini tashkil etsa, Davlat byudjeti daromadiga foydaning ellik foizdan oshmaydigan miqdori oʻtkaziladi.

Yillik hisobot koʻrib chiqilmaguniga qadar foydaning qolgan qismini Davlat byudjetiga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

15-modda. Markaziy bankning yillik hisoboti

Markaziy bankning hisobot davri kalendar yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar etib belgilanadi. Yillik hisobot auditorlik tashkilotining xulosasi ilova qilingan holda 15-maydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati koʻrib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Markaziy bankning yillik hisoboti:

iqtisodiyot holatining tahlilini;

Markaziy bankning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni, shu jumladan pul-kredit siyosatining va bank sektori holatining sharhini oʻz ichiga oladi.

Markaziy bank har yili yillik hisobotni oʻzining rasmiy 
veb-saytida eʼlon qiladi.

16-modda. Markaziy bank faoliyatining ichki auditi

Markaziy bank faoliyatining ichki auditi Markaziy bankning ichki auditorlik xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Ichki auditorlik xizmati oʻz faoliyatida Auditorlik qoʻmitasiga hisobdordir.

Markaziy bankda uch nafar aʼzodan, shu jumladan bir nafar mustaqil aʼzodan iborat boʻlgan Auditorlik qoʻmitasi tashkil etiladi. Auditorlik qoʻmitasining vakolatlari va faoliyatining reglamenti, uning huquqiy maqomi, shuningdek uning aʼzolariga nisbatan talablar Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi.

Auditorlik qoʻmitasining aʼzolari Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tayinlanadi. Auditorlik qoʻmitasi tarkibiga Markaziy bank boshqaruvining aʼzolari kiritilishi mumkin.

Auditorlik qoʻmitasi oʻz faoliyatida Markaziy bank boshqaruviga hisobdordir.

Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatining ichki auditi yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi.

17-modda. Markaziy bank faoliyatining tashqi auditi

Markaziy bank faoliyatining tashqi auditi Auditning xalqaro standartlariga muvofiq auditorlik tashkilotlari tomonidan har yili oʻtkaziladi.

Markaziy bank faoliyatini tekshirish jarayonida tashqi auditor tomonidan olingan axborot maxfiydir va u Markaziy bankning roziligisiz oshkor etilishi mumkin emas.

Tashqi auditni oʻtkazuvchi auditorlik tashkilotiga nisbatan qoʻyiladigan talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

4-bob. Markaziy bankni boshqarish

18-modda. Markaziy bank boshqaruvi

Markaziy bankning oliy organi Markaziy bank boshqaruvidir.

Markaziy bank boshqaruvi Markaziy bank faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi va uni boshqaradi.

19-modda. Markaziy bank boshqaruvining tarkibi

Markaziy bank boshqaruvi toʻqqiz nafar kishidan iborat boʻladi.

Markaziy bank raisi Markaziy bank boshqaruvining raisi boʻladi. Markaziy bank boshqaruvining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvi tarkibiga Markaziy bank raisi, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari, shuningdek boshqaruvning ikki nafar mustaqil aʼzosi kiradi.

Markaziy bank boshqaruvining mustaqil aʼzolari Markaziy bank raisining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

20-modda. Markaziy bank boshqaruvining vakolatlari

Markaziy bank boshqaruvi:

pul-kredit siyosatining asosiy parametrlarini, shu jumladan likvidlilikni berish va olib qoʻyish boʻyicha Markaziy bank operatsiyalarining hajmlari, limitlari va normativlarini, Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalarini, shu jumladan qayta moliyalashtirish stavkasini va (yoki) asosiy stavkani, majburiy zaxira talablarining miqdorlarini (majburiy zaxiralar normativlarini, majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyentini) va beriladigan kreditlarga doir taʼminot turlarining roʻyxatini belgilaydi;

kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini tasdiqlaydi;

Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini tasdiqlaydi;

Markaziy bankning xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishi, shuningdek xalqaro shartnomalar va bitimlar tuzishi hamda ularga qoʻshilishi masalasini koʻrib chiqadi;

pul belgilarining nominal qiymatini, namunalarini va ularni qaytarib olish shartlarini belgilaydi;

Markaziy bankning buxgalteriya hisobini, hisobotini va moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritish tartibini belgilaydi;

kredit tashkilotlari, shu jumladan tizimli ahamiyatga molik banklar hamda banklar guruhlari uchun prudensial normativlarni hisoblab chiqarish tartibini va ularning yoʻl qoʻyiladigan qiymatlarini belgilaydi;

kredit tashkilotlari uchun moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazish, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini tasdiqlaydi;

kredit tashkilotlari, banklar guruhlari va kredit byurolari uchun moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etish qoidalarini, uning tuzilishini va mazmunini tasdiqlaydi;

bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarni berish, qayta rasmiylashtirish va chaqirib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;

mikrokredit tashkilotlarining, lombardlarning, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining va kredit byurolarining faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda bekor qilish haqida, shuningdek qimmatli qogʻozlarning blankalarini ishlab chiqarishni litsenziyalash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;

Markaziy bankning tashkiliy tuzilmasini, Markaziy bank markaziy apparatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha bosh boshqarmalarining tuzilmasini hamda ularning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;

Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish hamda tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;

Markaziy bankning xarajatlari va daromadlari smetasini tasdiqlaydi;

Markaziy bankning yillik va moliyaviy hisobotlarini koʻrib chiqadi;

Markaziy bank tarkibiy boʻlinmalarining hamda tasarrufidagi tashkilotlarning rahbarlarini tasdiqlaydi;

Markaziy bank tarkibiy boʻlinmalari, oʻz tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini va maʼruzalarini eshitadi;

Markaziy bankning Kredit qoʻmitasi va Bank nazorati qoʻmitasi nizomini hamda tarkibini tasdiqlaydi;

Markaziy bank Kredit qoʻmitasining va Bank nazorati qoʻmitasining hisobotlarini hamda maʼruzalarini eshitadi;

Markaziy bank faoliyatini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda boshqarishga doir siyosatni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq Markaziy bank xodimlarini ishga yollash, mehnat shartnomasini bekor qilish, ularning mehnatiga haq toʻlash shartlarini, shuningdek ularning kreditlar olishi tartibini belgilaydi;

bank tizimi masalalari boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan talablar doirasida qarorlar qabul qiladi;

xalqaro zaxiralarni boshqarish, hisobga olish va saqlash strategiyasini belgilaydi;

kredit tashkilotlarining oʻz xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarini amalga oshirishi chogʻidagi faoliyatiga doir minimal talablarni tasdiqlaydi;

kredit byurolarining faoliyatiga doir talablarni tasdiqlaydi;

Markaziy bank vakolatlariga kiritilgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqadi va hal qiladi.

21-modda. Markaziy bank boshqaruvining majlislari

Markaziy bank boshqaruvining majlislari oyiga kamida bir marta oʻtkaziladi.

Markaziy bank boshqaruvining majlislari Markaziy bank raisi tomonidan chaqiriladi. Majlislar Markaziy bank boshqaruvining kamida uch nafar aʼzosi talabi boʻyicha ham chaqirilishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi majlislariga Markaziy bank raisi, rais boʻlmagan taqdirda esa uning birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlaridan biri raislik qiladi.

Markaziy bank boshqaruvi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda boshqaruv majlisi vakolatli boʻladi. Markaziy bank boshqaruvining qarorlari hozir boʻlgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi boʻladi.

Markaziy bank boshqaruvi majlislari, qoida tariqasida, yopiq tartibda oʻtkaziladi.

Markaziy bank boshqaruvining ochiq majlislarini oʻtkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi, oʻtkaziladigan joyi hamda vaqti Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvining majlislari reglamentga muvofiq oʻtkaziladi.

Markaziy bank boshqaruvining toʻxtami qaror tarzida qabul qilinadi.

22-modda. Markaziy bank raisi

Markaziy bank raisi:

Markaziy bank va uning boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi, bankning fondlarini tasarruf etadi hamda Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javobgar boʻladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida va xorijda Markaziy bank nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;

ichki audit xizmatiga rahbarlik qiladi;

Markaziy bank faoliyati masalalarini hal qiladi, bundan ushbu Qonunga binoan Markaziy bank boshqaruvining vakolatlariga kiritilgan masalalar mustasno;

Markaziy bank boshqaruvining qarorlarini imzolaydi, buyruqlar va farmoyishlar qabul qiladi;

Markaziy bankning faoliyatini va joriy operatsiyalarini tezkor boshqarishga doir harakatlarni bajaradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisobot taqdim etadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarda, sudlarda, banklar va muassasalarda, xalqaro va chet el tashkilotlarida Markaziy bank faoliyatiga doir barcha masalalar boʻyicha Markaziy bank nomidan ish yuritadi;

ayrim masalalarni hal qilishni oʻz oʻrinbosarlariga, markaziy devonning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga, Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha bosh boshqarmalari rahbarlariga topshiradi;

jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabulini oʻtkazadi.

Markaziy bank raisining vakolat muddati – besh yil.

Markaziy bank raisi boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.

23-modda. Markaziy bank raisini egallab turgan lavozimidan ozod qilish uchun asoslar

Markaziy bank raisi egallab turgan lavozimidan quyidagi asoslarga koʻra ozod qilinishi mumkin:

vakolat muddati tugaganda;

egallab turgan lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida sabablari koʻrsatilgan arizasiga koʻra;

oʻziga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

sogʻligʻining holatiga koʻra oʻz xizmat vazifalarini bajara olmaganda, davlat tibbiy komissiyasining xulosasi asosida;

vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganda;

egallab turgan lavozimiga munosib boʻlmagan xatti-harakatlar sodir etganda, shu jumladan ushbu Qonunni qoʻpol ravishda buzganda va Markaziy bank manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganda.

24-modda. Markaziy bank raisining oʻrinbosarlari

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Markaziy bank raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari egallab turgan lavozimidan quyidagi asoslarga koʻra ozod qilinishi mumkin:

egallab turgan lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida sabablari koʻrsatilgan arizasiga koʻra;

oʻziga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

sogʻligʻining holatiga koʻra oʻz xizmat vazifalarini bajara olmaganda, davlat tibbiy komissiyasining xulosasi asosida;

vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganda;

egallab turgan lavozimiga munosib boʻlmagan xatti-harakatlar sodir etganda, shu jumladan ushbu Qonunni qoʻpol ravishda buzganda va Markaziy bank manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganda.

Ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish chogʻida manfaatlar toʻqnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bank raisi oʻz oʻrinbosarlari, mustaqil tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari oʻrtasida vakolatlarning taqsimlanishini, shu jumladan pul-kredit siyosatini amalga oshirish, xalqaro zaxiralarni boshqarish, moliya bozorlari sohasida bank tomonidan tartibga solish, nazorat qilish va tekshirishni amalga oshirish chogʻida vakolatlarning taqsimlanishini taʼminlashi shart.

 

25-modda. Markaziy bankning xodimlari

Markaziy bank xodimlarini ishga yollash, mehnat shartnomasini bekor qilish, ularning mehnatiga haq toʻlash shartlari va boshqa mehnatga oid munosabatlar Markaziy bank tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Markaziy bank xodimlariga quyidagilar taqiqlanadi:

haq toʻlanadigan biror-bir boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanish, bundan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish mustasno;

banklar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish;

oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan bank sirini tashkil etuvchi axborotni yoxud qonun hujjatlariga muvofiq foydalanilishi cheklangan boshqa axborotni oshkor etish yoki uchinchi shaxslar manfaatlarini koʻzlab undan foydalanish.

Markaziy bank xodimlarini tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvlarini oʻtkazish uchun jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Markaziy bank xodimlarining malakasini va kasbiy darajasini baholash tartibi Markaziy bank tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.

5-bob. Markaziy bankning pul-kredit siyosati

26-modda. Markaziy bankning pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish

Markaziy bank narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadidan kelib chiqqan holda quyidagi chora-tadbirlar vositasida pul-kredit siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi:

makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, shu jumladan inflyatsiya koʻrsatkichlari prognozlarini shakllantirish, shuningdek uning maqsadli koʻrsatkichini belgilash;

kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

pul-kredit koʻrsatkichlarining maqsadli moʻljallarini belgilash;

qayta moliyalashtirish stavkasini va (yoki) asosiy stavkani, shuningdek Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalarini belgilash;

Markaziy bankda banklarning majburiy zaxiralariga doir normativlarni, shuningdek majburiy zaxiralar summasiga nisbatan oʻrtachalash koeffitsiyentini belgilash;

pul bozorida likvidlilikni taqdim etish va uni olib qoʻyish boʻyicha operatsiyalar oʻtkazish;

ichki valyuta bozorida intervensiyalarni amalga oshirish;

Markaziy bankning kommunikatsiya siyosatini oʻtkazish.

27-modda. Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari

Markaziy bank har yili keyingi moliya yili boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini bu haqda xabardor etadi.

Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagi axborotni:

oʻtkazilayotgan pul-kredit siyosatining asosiy prinsiplarini;

iqtisodiyotning oʻtgan davrdagi rivojlanish sharhini;

iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollarini, asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozini, shu jumladan inflyatsiya, toʻlov balansi va pul-kredit koʻrsatkichlarining prognozini;

kelgusi yil uchun inflyatsiyaning maqsadli koʻrsatkichlarini, 
pul-kredit siyosatining asosiy parametrlari va pul-kredit siyosati boʻyicha koʻrilayotgan choralarni, shuningdek pul-kredit siyosatining maqsadlariga erishish tavakkalchiliklari tahlilini oʻz ichiga oladi.

Markaziy bank oʻz rasmiy veb-saytida:

har yili – pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini;

har chorakda – pul-kredit siyosatining sharhlarini;

har oyda – pul-kredit siyosatining asosiy koʻrsatkichlarini, shu jumladan pul massasining dinamikasi va tarkibini, bank tizimiga doir statistik maʼlumotlarni, Markaziy bankning operatsiyalari toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan maʼlumotlarni eʼlon qiladi.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga pul-kredit siyosati va bank sektorining holati toʻgʻrisidagi har choraklik axborotni taqdim etadi.

28-modda. Pul-kredit koʻrsatkichlarining maqsadli moʻljallari

Markaziy bank inflyatsiyaning maqsadli koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, bir yoki bir nechta pul-kredit koʻrsatkichlari oʻzgarishining maqsadli moʻljallarini belgilashi mumkin.

29-modda. Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalari

Markaziy bank har xil turdagi pul-kredit operatsiyalari boʻyicha bir yoki bir nechta foiz stavkasini belgilashi mumkin.

Markaziy bank amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati doirasida bozor foiz stavkalari darajasiga taʼsir koʻrsatish uchun foiz siyosatini qoʻllaydi.

Markaziy bank pul-kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalarini oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

30-modda. Majburiy zaxira talablari

Pul-kredit siyosatini amalga oshirish doirasida Markaziy bank banklar jalb qilgan majburiyatlar ostida banklar tomonidan Markaziy bankda deponentga oʻtkaziladigan majburiy zaxiralarning normativlarini belgilaydi.

Markaziy bank majburiy zaxira talablarining miqdorini, banklarning zaxiralar deponentga oʻtkaziladigan majburiyatlari tarkibini, hisob-kitob qilish va zaxiralash tartibini, shuningdek majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyentini tasdiqlaydi.

Majburiy zaxiralarning normativlari barcha banklar uchun bir xildir.

Majburiy zaxiralar banklarning Markaziy bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi mablagʻlarini deponentga oʻtkazish yoʻli bilan va (yoki) Markaziy bankda ochilgan vakillik hisobvaragʻida majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyenti miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblangan majburiy zaxiralarning oʻrtachalashtirilgan miqdorini saqlab turish yoʻli bilan ushlab turiladi.

Majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyenti qiymati 0 dan 1 gacha oraliqda boʻlgan son bilan ifodalangan koʻpaytiruvchidan iboratdir.

Minimal zaxira talablari normativlarining oʻzgarishi bunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kamida bir oydan soʻng amalga kiritiladi.

Undiruvni Markaziy bankdagi hisobvaraqlarda banklar tomonidan deponentga oʻtkazilgan majburiy zaxiralarga qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.

31-modda. Pul bozorida likvidlilikni taqdim etish va olib qoʻyishga doir operatsiyalar

Markaziy bank bozor foiz stavkalari darajasiga taʼsir koʻrsatish, shuningdek bank tizimining likvidliligini ushlab turish va tartibga solish maqsadlarida pul bozorida likvidlilikni taqdim etish va olib qoʻyish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiradi. Mazkur operatsiyalar:

taʼminot ostidagi kreditlarni;

“svop” operatsiyalarini;

ochiq bozordagi operatsiyalarni;

qayta moliyalashtirishning maxsus mexanizmlarini;

depozit operatsiyalarini;

Markaziy bank obligatsiyalarining emissiyasini oʻz ichiga oladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan operatsiyalar umum qabul qilingan xalqaro amaliyot hisobga olingan holda Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa vositalarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.

32-modda. Markaziy bankning kreditlari boʻyicha taʼminot

Markaziy bankning kreditlari boʻyicha quyidagilar taʼminot boʻlishi mumkin:

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining xalqaro zaxiralari toifasiga kiruvchi valyuta qimmatliklari;

Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari;

banklarning kreditlari boʻyicha talab qilish huquqi;

likvidlilik va umum qabul qilingan xalqaro amaliyot hisobga olingan holda roʻyxati Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qarz vositalari hamda boshqa qimmatliklar, shuningdek kafilliklar va bank kafolatlari.

Markaziy bank banklarni kreditlash shartlarini oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

33-modda. Tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qoʻllab-quvvatlash

Likvidlilikning vaqtinchalik taqchilligi yuzaga kelganda toʻlovlarning uzluksizligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank likvidlilikni saqlab turish uchun tijorat banklariga uch oygacha boʻlgan muddatga qisqa muddatli kreditlar tarzida tezkor yordam berishga haqli. Mazkur kreditlar boʻyicha foiz stavkasi Markaziy bankning boshqa kreditlariga doir amaldagi stavkalardan kam boʻlmasligi va u bankning aktivlari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.

Mamlakatning moliyaviy tizimi barqarorligiga tahdid tugʻilgan alohida hollarda Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan kreditni nisbatan yuqori foiz stavkasi bilan uzoqroq muddatga berishga yoʻl qoʻyiladi.

34-modda.Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari

Bozorning foiz stavkalari va bank tizimidagi likvidlilik darajasiga taʼsir koʻrsatish maqsadida Markaziy bank ochiq bozorda:

Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlarini, shuningdek Markaziy bankning oʻzi chiqargan obligatsiyalar tarzidagi qarz majburiyatlarini;

Markaziy bankning qaroriga koʻra boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olishi va sotishi mumkin.

Markaziy bank Davlat byudjetini moliyalashtirish uchun ochiq bozordagi operatsiyalardan foydalanishga, Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari birlamchi joylashtirilganda ularni sotib olishga haqli emas.

Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari limiti Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

35-modda. Markaziy bankning obligatsiyalari

Markaziy bank faqat pul-kredit siyosatini amalga oshirish maqsadida obligatsiyalar emissiyasini amalga oshiradi.

Obligatsiyalarning emissiyasi, joylashtirilishi, muomalada boʻlishi hamda muomaladan chiqarilishi tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

36-modda. Ichki valyuta bozoridagi valyuta intervensiyalari

Markaziy bankning valyuta intervensiyalari pulga boʻlgan umumiy talab va taklifga taʼsir koʻrsatish, shuningdek soʻm kursining ortiqcha oʻzgarishlarini yumshatish uchun ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish-sotish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

37-modda. Markaziy bankning pul bozoridagi ishtiroki

Pul bozori milliy va chet el valyutalaridagi pul mablagʻlarini joylashtirish hamda jalb etish boʻyicha (birjada va birjadan tashqari) savdolarni tashkil etish hamda amalga oshirish tizimidir.

Markaziy bank pul bozoridagi oʻz operatsiyalarining hajmlarini, turlarini va oʻtkaziladigan joyini belgilaydi.

38-modda. Markaziy bank tomonidan mijozlarga bank xizmati koʻrsatish

Markaziy bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlarining, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining asosiy hisobvaraqlariga, shu jumladan ular harbiy qismlarining, shuningdek Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlarning hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha bank operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.

 

6-bob. Oʻzbekiston Respublikasining pul tizimi va pul muomalasini tashkil etish

39-modda. Oʻzbekiston Respublikasining pul tizimi

Oʻzbekiston Respublikasining pul tizimi Oʻzbekiston Respublikasining pul birligini, pul muomalasini tashkil etishni va uni tartibga solishni oʻz ichiga oladi.

Oʻzbekiston Respublikasining pul birligi soʻmdir. Bir soʻm yuz tiyindan iborat.

Soʻm Oʻzbekiston Respublikasidagi yagona cheklanmagan qonuniy toʻlov vositasidir.

Oʻzbekiston Respublikasi pul belgilarining nominal qiymati Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Soʻmning ramz tarzidagi grafik belgisi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pul muomalasini tashkil etadi.

Soʻm va oltin oʻrtasida yoki boshqa qimmatbaho metallar oʻrtasida nisbat belgilanmaydi.

40-modda. Pul belgilarini muomalaga chiqarish

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy toʻlov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega. Pul belgilari banknotlar va tangalar tarzida, shu jumladan qimmatbaho metallar tarzida chiqariladi.

Muomaladagi pul belgilari Markaziy bankning qatʼiy majburiyatlari boʻlib, ushbu pul belgilari uning barcha aktivlari bilan taʼminlanadi.

Pul belgilarining namunalari, shuningdek ularning dizayni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi. Pul belgilarining dizayni Markaziy bankning mulkidir. Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisidagi xabar, shuningdek ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Markaziy bank va banklar talabga koʻra bir nominal qiymatdagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday toʻlovsiz yoki vositachilik haqisiz ayirboshlashni amalga oshiradi.

Pul belgilarining himoya elementlariga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Markaziy bank muhim sanalarga oid va esdalik pul belgilarini, shu jumladan qimmatbaho metallardan tayyorlangan pul belgilarini muomalaga chiqarishga haqli.

Numizmatika va kolleksiyalash maqsadlarida pul belgilarini sotish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.

Markaziy bank yoʻq qilib yuborilgan, yoʻqotilgan, qalbaki, yasama va qonuniy kuchini yoʻqotgan pul belgilarining oʻrnini qoplamaydi.

Pul belgilarini qalbakilashtirish va qonunga xilof ravishda tayyorlash qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

41-modda. Pul belgilarini tayyorlash va saqlash

Markaziy bank pul belgilarining tayyorlanishini, muomalaga chiqarilmagan pul belgilarining saqlanishini, bosma qoliplar va boʻyoqlarning saqlanishi hamda yoʻq qilinishini taʼminlaydi, naqd pullarni saqlash, tashish va inkasso qilish, shuningdek ularni yoʻq qilib yuborish qoidalarini belgilaydi.

42-modda. Muomaladagi pul belgilaridan foydalanishga qoʻyiladigan talablar

Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan pul belgilari Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida toʻlovlarning barcha turlarida, shuningdek hisobvaraqlarga, omonatlarga oʻtkazish va joʻnatma sifatida oʻtkazish uchun oʻz nominal qiymati boʻyicha qabul qilinishi shart.

43-modda. Shikastlangan pul belgilari

Markaziy bank pul belgilarining muomalaga yaroqliligini aniqlash hamda shikastlangan pul belgilarini almashtirish tartibini belgilaydi va eʼlon qiladi.

Banklar shikastlangan pul belgilarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq cheklovlarsiz almashtirib beradi.

44-modda. Pul belgilarini muomaladan chiqarish

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining har qanday pul belgilarini muomaladan chiqarishga haqli. Buning uchun Markaziy bank boshqaruvining ayirboshlash tartibi va vaqti koʻrsatilgan eʼlon qilingan qarori asos boʻlib xizmat qiladi.

Ayirboshlash uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan muddat tugagach ayirboshlanishi kerak boʻlgan pul belgilari qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotadi.

45-modda. Toʻlovlarni amalga oshirish

Toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pul yoki naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshiriladi.

Naqd pulsiz hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi hududida banklar orqali amalga oshiriladi.

46-modda. Toʻlov tizimlarining ishlashini taʼminlash

Markaziy bank toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash maqsadida:

toʻlov tizimining strategiyasini belgilaydi va amalga oshiradi;

oʻz vakolatlari doirasida toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

toʻlov xizmatlari bozorida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir talablarni belgilaydi;

toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatini tartibga solishni hamda nazorat qilishni amalga oshiradi.

Markaziy bank banklarga va toʻlov tashkilotlariga, toʻlov tizimlari operatorlariga toʻlovlarga hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatilishini tashkil etishda, shu jumladan bank kartalari hamda boshqa toʻlov vositalari orqali toʻlagan holda koʻmaklashishga, bunday operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilashga va tegishli koʻrsatmalar berishga haqlidir.

7-bob. Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish, shuningdek xalqaro zaxiralarni boshqarish

47-modda. Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish

Markaziy bank valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish davlat organidir.

Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida:

valyutani tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;

banklarning valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishga doir faoliyatini tartibga solishni va nazorat qilishni amalga oshiradi;

valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalashni va tartibga solishni amalga oshiradi;

banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasi limitlarini va boshqa prudensial normativlarni belgilaydi;

chet el valyutasidagi hisobvaraqlarni ochish tartibini belgilaydi;

valyuta kursini aniqlash tartibini belgilaydi.

48-modda. Xalqaro kliring va toʻlov bitimlari

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan kliring muassasalari bilan oʻz nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi nomidan kliring hamda toʻlov bitimlari, shuningdek har qanday shartnomalar tuzishga haqlidir.

49-modda. Xalqaro zaxiralar

Xalqaro zaxiralar Markaziy bankning va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli aktivlaridan iboratdir.

Markaziy bank oʻzining balans hisobvaraqlarida xalqaro zaxiralarni shakllantiradi, bu zaxiralar:

monetar oltinni;

Xalqaro valyuta fondidagi mablagʻ jalb qilishga doir maxsus huquqlarni va zaxira pozitsiyasini;

chet el valyutasini;

chet el hukumatlari, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan chiqarilgan yoki kafolatlangan qimmatli qogʻozlarni;

xalqaro standartlarga muvofiq xalqaro zaxiralar tarkibiga kiritiladigan boshqa aktivlarni oʻz ichiga oladi.

Majburiyatlari xalqaro zaxiralarga kiritiladigan mamlakatlar va xalqaro moliya tashkilotlarining roʻyxati Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Xalqaro zaxiralar Markaziy bankning pul-kredit siyosatini amalga oshirish, shuningdek xalqaro operatsiyalar boʻyicha hisob-kitoblarni taʼminlash uchun yetarli boʻlgan darajada saqlab turiladi.

50-modda. Chet el valyutasidagi operatsiyalar

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq hamda umum qabul qilingan xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda chet el valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshirishga haqlidir.

8-bob. Markaziy bankning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan munosabatlari

51-modda. Markaziy bankning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan hamkorligi

Markaziy bank hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati 
pul-kredit va soliq-byudjet siyosati sohasida hamkorlik qiladi.

Markaziy bank va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining iqtisodiy siyosat uchun ahamiyatga ega boʻlgan moʻljallanilayotgan harakatlar hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisida bir-birini xabardor qilishi va muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazishi shart.

Markaziy bank oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining iqtisodiy siyosati amalga oshirilishiga, uning asosiy maqsadlariga ziyon yetkazmagan holda, koʻmaklashadi.

Markaziy bank va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tizimli moliyaviy tanazzul vujudga kelishining oldini olish va uning oqibatlarini kamaytirish maqsadida moliyaviy barqarorlik uchun tavakkalchilik omillarini birgalikda baholash, kelishilgan qarorlar majmuini ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirish orqali moliyaviy tizim barqarorligini taʼminlash masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi.

52-modda. Davlat sektoriga mablagʻ jalb qilish masalalaridagi maslahatlashuvlar

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kelgusi moliya yilida kreditlashning ichki va tashqi manbalaridan mablagʻ jalb qilish, shu jumladan ushbu mablagʻni jalb qilish doirasida toʻlanadigan summalarni berish masalalari, shuningdek kreditlar berishning taklif etilayotgan muddatlari hamda shartlari yuzasidan Markaziy bank bilan maslahatlashadi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va uning davlat organlari olayotgan barcha qarzlar hamda kreditlar toʻgʻrisida Markaziy bankka xabar beradi.

53-modda. Depozitariy vazifalari

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining, shuningdek boshqa davlat organlarining pul mablagʻlarini va valyuta qimmatliklarini depozitga qabul qilishi mumkin. Markaziy bank depozitariy sifatida pul mablagʻlarini oladi va beradi, ularning hisobini yuritadi. Markaziy bank koʻrsatib oʻtilgan depozitlar boʻyicha foizlar toʻlashi mumkin.

54-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining fiskal agenti vazifalari

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan shartlar asosida faoliyat yuritib, quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va davlat boshqaruvi organlarining fiskal agenti sifatida ish yuritishi mumkin:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan emitentlangan qarz majburiyatlarini (qimmatli qogʻozlarni) joylashtirishda, joylashtirishni roʻyxatga olishda;

qarz majburiyatlarining (qimmatli qogʻozlarning) qiymatini, ular boʻyicha foizlarni va boshqa toʻlovlarni toʻlashda;

qarz majburiyatlari (qimmatli qogʻozlar) boʻyicha hisobvaraqlarni yuritishda va ularga doir toʻlov operatsiyalarini bajarishda;

qarz majburiyatlari (qimmatli qogʻozlar) boʻyicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlatning qimmatli qogʻozlarini chiqarish va davlat qarzini qaytarish jadvali hamda hajmi masalalari yuzasidan ularning bank tizimi likvidliligiga taʼsiri va pul-kredit siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda maslahat beradi.

55-modda. Axborot almashish

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy bank oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida doimiy ravishda tegishli statistik axborot almashishni amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari Markaziy bankka u oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan iqtisodiy axborotni taqdim etadi.

9-bob. Markaziy bankning kredit tashkilotlari bilan oʻzaro munosabatlari

56-modda. Majburiyatlar boʻyicha javobgarlik

Markaziy bank va kredit tashkilotlari bir-birining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi.

57-modda. Banklarning Markaziy bankdagi hisobvaraqlari

Markaziy bank banklarning hisobvaraqlarini yuritishga 
va ulardan depozitlarni qabul qilishga haqli.

58-modda. Markaziy bankning statistik maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va tarqatishdagi vakolatlari

Markaziy bank bank tizimi ehtiyojlari uchun hamda tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan statistik maʼlumotlarni almashish uchun axborot tarmogʻini yaratadi va saqlab turadi.

Markaziy bank oʻz vakolatlari doirasida statistik maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va tarqatish qoidalarini tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan kelishib oladi.

Markaziy bank oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun tegishli davlat boshqaruvi organlaridan yoki bevosita tadbirkorlik faoliyati subyektlaridan axborotni (shu jumladan maxfiy axborotni) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soʻrab olishga haqli.

59-modda. Markaziy bankning ustuvor huquqi

Markaziy bankka qarzdorning Markaziy bankdagi hisobvaraqlaridagi qoldiqlari va boshqa aktivlari hisobidan oʻzining qonun hujjatlarida belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq beriladi.

Markaziy bank oʻzining ustuvor huquqini hisobvaraqlardagi qoldiqlarni ushlab qolish yoki boshqa aktivlarni maqbul narxlarda sotish va sotish xarajatlari chegirib tashlanganidan keyin oʻziga tegishli boʻlgan miqdordagi tushumni ushlab qolish orqali amalga oshirishi mumkin.

10-bob. Kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining va banklar guruhlarining faoliyatini, shuningdek qimmatli qogʻozlar blankalarini ishlab chiqarishni tartibga solish va nazorat qilish

60-modda. Markaziy bankning tartibga solishga doir vazifalari

Markaziy bank tartibga solishga doir vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagilarni belgilaydi:

banklarni va kredit byurolarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining reyestrini yuritish tartibi hamda shartlarini;

amalga oshirilishi uchun Markaziy bank tomonidan beriladigan litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarini litsenziyalash tartibini;

bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibini;

banklar aksiyalarining potensial oluvchisini baholash tartibi va shartlarini;

chet ellik muassislarga (aksiyadorlarga) nisbatan ular tomonidan bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish chogʻida qoʻyiladigan qoʻshimcha talablarni;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet davlatlar banklarining vakolatxonalarini ochish, akkreditatsiya qilish, ularning faoliyatini amalga oshirish va tugatish tartibini;

chet elda shoʻba bankni va filialni ochish uchun banklar boshqaruvi hamda moliyaviy holatining yetarliligi mezonlarini;

mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdorini;

banklarga aloqador boʻlgan shaxslar bilan bitimlar tuzish, shu jumladan ularga kreditlar berish boʻyicha cheklovlarni;

kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining va kredit byurolarining axborot xavfsizligiga doir minimal talablarni;

kredit tashkilotlari, toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari va kredit byurolarining binolariga, ularning himoya qilinishini taʼminlashga, uskunalar, tashkiliy-texnik vositalar bilan jihozlanishiga hamda dasturiy taʼminotiga doir talablarni;

banklarning faoliyatini tugatish va banklarni tugatish, 
shu jumladan ixtiyoriy shaklda tugatish tartibini;

banklarni, mikrokredit tashkilotlarini, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini va kredit byurolarini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlarini;

tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlash uslubiyotini;

banklarning va banklar guruhlarining moliyaviy ahvoli yomonlashishiga taʼsir etuvchi omillarni aniqlash uslubiyotini;

Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalar va vakolatlardan kelib chiqqan holda boshqa talablarni.

Berilgan litsenziyalar toʻgʻrisidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak va u tanishib chiqish uchun ochiq boʻlishi lozim.

Markaziy bank Banklar va kredit byurolarining davlat reyestrini, banklarga, mikrokredit tashkilotlariga, lombardlarga, toʻlov tashkilotlariga, toʻlov tizimlari operatorlariga, valyuta birjalariga, kredit byurolariga hamda qimmatli qogʻozlar blankalarini ishlab chiqarish uchun berilgan litsenziyalarning reyestrlarini, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining reyestrini yuritadi.

61-modda. Markaziy bankning nazoratga doir vazifalari

Nazoratga doir vazifalarini amalga oshirish uchun Markaziy bank:

kredit tashkilotlari uchun moliyaviy operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy va nazoratga doir hisobotlarni, shu jumladan yillik hisobotni tuzish hamda taqdim etish, tavakkalchiliklarini baholash hamda ularning faoliyatini nazorat qilish uchun zarur boʻlgan axborotni taqdim etish boʻyicha majburiy boʻlgan qoidalarni;

faoliyatni va operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari va kredit byurolari uchun majburiy boʻlgan qoidalarni;

“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda foydani taqsimlash uchun banklar tomonidan Markaziy bankning roziligini olish tartibini;

konsolidatsiya chegaralarini (perimetrini) va usullarini aniqlash tartibini;

banklar guruhining asosiy banki tomonidan banklar guruhining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan konsolidatsiyalashgan hisobotni va axborotni tuzish hamda Markaziy bankka taqdim etish tartibini;

banklar guruhining ishtirokchilari tomonidan banklar guruhining asosiy bankiga banklar guruhining faoliyati toʻgʻrisidagi konsolidatsiyalashgan hisobotni tuzish uchun zarur boʻlgan oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etish tartibini;

banklarning hamda banklar guruhlarining ichki nazoratiga va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga, shuningdek banklardagi korporativ boshqaruvga, shu jumladan banklarning kuzatuv kengashlari aʼzolarining mustaqilligiga doir talablarni;

banklarning va banklar guruhlarining moliyaviy ahvolini tiklash rejalarining mazmuniga hamda ularni yangilashga doir talablarni, ularni taqdim etish va baholash tartibini;

kredit tashkilotlari, shu jumladan tizimli ahamiyatga molik banklar va banklar guruhlari uchun prudensial normativlarni hisoblab chiqarish tartibini hamda ushbu normativlarning yoʻl qoʻyiladigan qiymatlarini;

banklar, tizimli ahamiyatga molik banklar va banklar guruhlari uchun likvidlilik hamda kapitalning yetarliligi koeffitsentlariga qoʻshimcha ustamalarni;

toʻlanadigan haq miqdorlarining bazaviy darajasini aniqlash tartibini, shu jumladan jismoniy shaxs boʻlgan omonatchilarga toʻlanadigan har qanday foizlarni va foizsiz toʻlovlarni, natura shaklidagi daromadlarni, shuningdek bank omonati shartnomalari boʻyicha pul mukofotlari qiymatlarining bazaviy darajadan ogʻishining eng yuqori darajasini;

banklarda vaqtinchalik boshqaruvni amalga oshirish tartibini;

banklarning kuzatuv kengashi, boshqaruvi aʼzolarini va muhim ahamiyatga ega xodimlarini baholashdan oʻtkazish tartibini, ularning malaka talablariga muvofiqlik mezonlarini, shuningdek ularni kelishib olish tartibini belgilaydi.

Markaziy bank nazoratga doir vazifalarini amalga oshirish uchun:

kredit tashkilotlaridan, ularga aloqador boʻlgan shaxslardan, toʻlov tashkilotlaridan, toʻlov tizimlari operatorlaridan, valyuta birjalaridan, kredit byurolaridan, shuningdek banklar guruhlaridan, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslardan va kredit tashkilotlarining assotsiatsiyalaridan (uyushmalaridan) hisobotlarni, shuningdek boshqa hujjatlarni soʻrab olishga va tekshirishga, olingan axborotni tushuntirib berishni talab qilishga;

kredit tashkilotlarini, toʻlov tashkilotlarini, toʻlov tizimlari operatorlarini, valyuta birjalarini, kredit byurolarini, bank tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarni, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazishga;

banklarning, mikrokredit tashkilotlarining, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining va kredit byurolarining ichki auditiga doir talablarni belgilashga;

banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan beriladigan isteʼmol kreditlari va mikroqarzlar, shuningdek lombardlar tomonidan beriladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari va toʻlovlarining eng yuqori qiymatlarini belgilashga;

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash jamgʻarmasiga banklar tomonidan har chorakda oʻtkaziladigan kalendar badaliga qoʻshimcha ajratmalar miqdorini belgilashga;

umidsiz aktivlarni hisobdan chiqarish shartlari va tartib-taomilini belgilashga;

kredit tashkilotlari va kredit byurolari uchun hisobot shakllarini hamda uni tuzish uslubiyotini, taqdim etish davriyligi va muddatlarini belgilashga;

bankdan konsolidatsiyalashgan hisobot taqdim etishni talab qilishga;

moliyaviy ahvoli yomonlashgan taqdirda banklarga va banklar guruhlarining asosiy banklariga moliyaviy ahvolini tiklash chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi tiklash rejalarini ishlab chiqish hamda taqdim etishga doir talabnoma yuborishga;

kredit tashkilotlariga, toʻlov tashkilotlariga, toʻlov tizimlari operatorlariga, valyuta birjalariga va kredit byurolariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida, shu jumladan kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborishga;

banklar aksiyalariga bevosita va bilvosita egalik qiluvchilarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning moliyaviy ahvoli hamda ishchanlik obroʻsi haqida axborot soʻrashga va olishga;

mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari va kredit byurolari rahbarlari hamda bosh buxgalterlariga nisbatan malaka talablarini qoʻyishga, shuningdek ularni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etishning oʻziga 
xos xususiyatlarini belgilashga haqli.

62-modda. Kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar

Markaziy bank kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha vazifalarni bajarish uchun quyidagi choralarni koʻradi:

kredit tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilaydi;

kredit tashkilotlari faoliyatidagi ularning xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi tizimli kamchiliklarni aniqlaydi, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini koʻradi;

oʻz xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻygan kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi;

kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining buzilgan huquqlarini tiklash borasida maslahatlar beradi va koʻmaklashadi;

moliyaviy xizmatlarning ochiqligini hamda aholining va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligi darajasini oshirish choralarini koʻradi.

Markaziy bank xalqaro tajribani va Oʻzbekiston Respublikasi moliya bozorining oʻziga xos xususiyatini inobatga olgan holda moliyaviy ochiqlik indikatorlarini belgilaydi hamda oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

Markaziy bankda kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish xizmati tashkil etiladi.

Markaziy bank nazorat tadbirini oʻtkazishga haqli boʻlib, uning jarayonida Markaziy bank xodimlari kredit tashkiloti tomonidan bank xizmatlarining isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish chogʻida oʻz faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida kredit tashkilotining faoliyati doirasida bitimlar tuzish yoki operatsiyalarni bajarish boʻyicha harakatlarni amalga oshiradi.

Nazorat tadbiri kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda oʻtkaziladi.

63-modda. Asoslantirilgan mulohazaning Markaziy bank tomonidan qoʻllanilishi

Qonun hujjatlarida belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda Markaziy bank tomonidan qoʻllaniladigan, koʻrib chiqilayotgan masalaning haqiqiy yoki iqtisodiy mazmuni rasmiy mazmunidan ustuvorligini nazarda tutuvchi professional baholash asoslantirilgan mulohazadir.

Asoslantirilgan mulohaza asosida qarorlar qabul qilish Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi vakolatiga kiradi.

Markaziy bank asoslantirilgan mulohazadan:

bankni tashkil etish uchun dastlabki ruxsatnomani, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish (berishni rad etish) chogʻida, shuningdek Markaziy bank tomonidan tartibga solish va nazoratga doir vazifalarni amalga oshirish chogʻida bankning bevosita hamda bilvosita muassislarining va aksiyalari egalarining, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning moliyaviy holatini hamda ishchanlik obroʻsini baholash;

kredit tashkilotiga nisbatan birgalikda harakat qilayotgan shaxslarni aniqlash;

kredit tashkilotiga aloqador boʻlgan shaxslarni aniqlash hamda kredit tashkiloti tomonidan ancha qulay shartlar asosida bitimlar tuzilganligi faktlarini aniqlash;

kredit tashkilotida tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazorat tizimi sifatini samarali ichki siyosatlarning mavjudligi hamda amalga oshirilishi nuqtayi nazaridan baholash;

aktivlarni va majburiyatlarni baholash, shu jumladan ularning kredit tashkilotida tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiqligi nuqtayi nazaridan baholash uchun foydalanishga haqli.

Asoslantirilgan mulohaza Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlari va banklar guruhlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish doirasida olingan axborotga, jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan, davlat organlaridan, shu jumladan chet el nazorat organlari hamda tashkilotlaridan, boshqa ochiq manbalardan olingan va asoslantirilgan mulohazani shakllantirish uchun muhim boʻlgan boshqa axborotga asoslanadi.

Asoslantirilgan mulohazani shakllantirish va undan foydalanish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi hamda qonuniylik, asoslantirilganlik, xolislik va bir xil yondashish prinsiplariga asoslanadi.

64-modda. Markaziy bankning tartibga solish va nazoratga doir vazifalarini amalga oshirish

Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilish vazifalarini Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi amalga oshiradi.

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasining vazifalari, vakolatlari va funksiyalari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning faoliyatini inspeksiya qilish (tekshirish) Markaziy bankning vakolatli xodimlari va Markaziy bank tomonidan belgilanadigan auditorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Markaziy bank bankning ichki auditi oʻtkazilayotganda auditorlardan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga, shu jumladan tartib-taomillar va uslubiyotlarga rioya etilishini talab qilishga, shuningdek bevosita auditorlardan bank auditi bilan bogʻliq axborotni olishga haqli.

Markaziy bank kredit tashkilotlari, toʻlov tashkilotlari hamda toʻlov tizimlari operatorlari uchun majburiy boʻlgan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir ichki nazorat qoidalarini maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda tasdiqlaydi.

65-modda. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish

Markaziy bank quyidagi harakatlarni va (yoki) faoliyatni bajarish va (yoki) amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beradi:

birgalikda harakat qiluvchi shaxslar yoki shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida bankning ustav kapitalidagi:

1) besh va undan koʻproq foizni, lekin koʻpi bilan yigirma foizni;

2) yigirma va undan koʻproq foizni, lekin koʻpi bilan ellik foizni;

3) ellik foizni va undan koʻproq foizni tashkil etadigan ulush bevosita yoxud bilvosita sotib olinayotganda;

oluvchiga bogʻliq boʻlmagan holatlarda ushbu qismning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan miqdorlarda bank aksiyalari olinganda;

bank tomonidan boshqa bankning aksiyalari sotib olinayotganda;

banklar tomonidan oʻz aksiyalari sotib olinayotganda;

bank filiali roʻyxatga olinayotganda;

banklar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida shoʻba banklar va vakolatxonalar ochilayotganda, filiallar tashkil etilayotganda, banklarning kapitalida ishtirok etilayotganda, shu jumladan chet el banklari tashkil etilayotganda;

banklar tomonidan naqd chet el valyutasi va (yoki) milliy valyuta Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotganda hamda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilayotganda;

banklarda auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishda (sertifikat koʻrinishida);

bank tomonidan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari autsorsingga topshirilayotganda;

bank qayta tashkil etilayotganda;

bank ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda.

66-modda. Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazish

Markaziy bank kredit tashkilotlarini, toʻlov tashkilotlarini, toʻlov tizimlari operatorlarini, valyuta birjalarini, kredit byurolarini, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarni, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarni tavakkalchiliklarni baholash natijalari asosida inspeksiyadan oʻtkazadi, shuningdek ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning soʻrovlari, jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari boʻyicha alohida masalalar yuzasidan tekshiruvdan oʻtkazishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazish tartibi Markaziy bank tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Inspeksiya (tekshiruv) davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan kelishuvsiz hamda ular xabardor qilinmasdan amalga oshiriladi.

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslar faoliyatining inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkaziladigan sohasi yoʻnalishini Markaziy bank tarkibiy boʻlinmalarining vazifalaridan kelib chiqqan holda belgilaydi.

Markaziy bank tomonidan nazoratga doir vazifalarni bajarishga toʻsqinlik qilinganligi uchun Markaziy bank nazorat qilishi lozim boʻlgan shaxslarga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllanilishi mazkur shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazishdan ozod etmaydi.

Markaziy bankning inspeksiya va tekshirish oʻtkazishni amalga oshiruvchi boʻlinmalarining vakolatlari, ularning majburiyatlarini taqsimlash Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.

Inspeksiya (tekshiruv) oʻtkazish uchun Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlarning, shuningdek banklar va sohaga oid boshqa tashkilotlarning xodimlari jalb etilishi mumkin.

67-modda. Markaziy bank tomonidan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar

Markaziy bank banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq banklarga, banklarning bevosita hamda bilvosita aksiyadorlariga, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlariga, kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolariga, shuningdek banklarning muhim ahamiyatga ega xodimlariga nisbatan choralar hamda sanksiyalar qoʻllashga haqli.

Mikrokredit tashkiloti, lombard va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti qonun hujjatlari talablarini, shu jumladan belgilangan prudensial normativlarni buzgan taqdirda Markaziy bank:

ularning oʻz kapitalining besh foizigacha miqdorda jarima undirishga;

ayrim operatsiyalarni oʻtkazishni uch oygacha boʻlgan muddatga cheklashga;

mikrokredit tashkilotining va lombardning litsenziyasi amal qilishini tugatishga;

ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotini ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan chiqarishga haqlidir.

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari kredit tashkilotlari tomonidan buzilganligi aniqlangan taqdirda Markaziy bank ularga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq choralar va sanksiyalar qoʻllashga haqli.

Kredit tashkilotlariga, toʻlov tashkilotlariga, toʻlov tizimlari operatorlariga, valyuta birjalariga va kredit byurolariga, shuningdek qimmatli qogʻozlar blankalarini ishlab chiqaruvchilarga choralar va sanksiyalar qoʻllash tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Markaziy bank ayni bir qoidabuzarlik boʻyicha bir vaqtning oʻzida yoki ketma-ket bir nechta choralar va (yoki) sanksiyalar qoʻllashga haqlidir.

11-bob. Yakunlovchi qoidalar

68-modda. Xalqaro hamkorlik

Markaziy bank xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning markaziy banklari hamda bank nazorati va monetar siyosat boʻyicha boshqa organlari bilan hamkorlik qiladi hamda axborot almashishni amalga oshiradi.

Markaziy bank nazorat vazifalarini amalga oshirish bilan bogʻliq axborotni almashish yuzasidan milliy va chet el organlari bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida bitimlar tuzishga haqli.

Markaziy bank chet davlatdan kelib tushgan axborotni uni taqdim etgan shaxsning roziligi boʻlgan taqdirda va tegishli shaxs qaysi maqsadlarda rozilik bergan boʻlsa, oʻsha maqsadlarda oshkor qilishga haqli.

69-modda. Markaziy bankning kommunikatsiya siyosati

Markaziy bank pul-kredit siyosatining va bank tizimining barqarorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarning taʼsirchanligini oshirish maqsadida Markaziy bank siyosatining maqsadlari va mohiyatini jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish orqali kommunikatsiya siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Markaziy bankning kommunikatsiya siyosati tahliliy materiallarni, sharhlarni, statistik maʼlumotlarni, intervyularni, maʼruzalarni eʼlon qilish, shuningdek matbuot brifinglari tashkil etish orqali va umumeʼtirof etilgan xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda boshqa usullar bilan amalga oshiriladi.

Markaziy bank bank tizimi faoliyatining shaffofligini taʼminlash uchun oʻzining rasmiy veb-saytida quyidagi axborotni:

banklarni nazorat qilish hamda tartibga solish sohasida qabul qilingan qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini va ularning qoʻllanilishiga doir tavsiyalarni;

banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlishi uchun banklar tomonidan qoʻllaniladigan tizimlar, strategiyalar, tartib-taomillar hamda mexanizmlarni tekshirishda va banklar duchor boʻlgan yoki duchor boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni baholashda foydalaniladigan umumiy mezonlar hamda uslubiyotlarni;

banklarning rahbarlari roʻyxatini;

banklarning hisobotlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni, bundan bank sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar mustasno;

koʻrilgan choralar va sanksiyalarni eʼlon qiladi hamda muntazam ravishda yangilab turadi.

70-modda.Markaziy bankning xodimlarini oʻz vazifalarini bajarishi chogʻida huquqiy jihatdan himoya qilish

Markaziy bank, uning xodimlari, tashqi ekspertlar va vaqtinchalik boshqaruvchilar, shuningdek nazorat qilishga doir vazifalarni bajaradigan ushbu Qonunda belgilangan boshqa shaxslar, shu jumladan ularning vakolatlari tugatilganidan yoki Markaziy bankda ishlashi tugaganidan keyin faqat oʻz vazifalarini bajarishi chogʻida insofsizlik bilan amalga oshirgan harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgar boʻladi.

Markaziy bank ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning manfaatlarini, mazkur shaxslar ushbu Qonunga muvofiq bajaradigan vazifalar munosabati bilan qoʻzgʻatilgan sud ishini va maʼmuriy ishni yuritishda, shu jumladan ularning vakolatlari tugatilgan yoki Markaziy bankda ishlashi tugagan hollarda, ifodalashga doir xarajatlarni toʻlaydi.

71-modda. Markaziy bankning qarorlari ustidan shikoyat qilish

Markaziy bankning qarorlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

72-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?