Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida

18:53 16 Mart 2020 Hujjatlar
439 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 18-fevralda

qabul qilingan

Senat tomonidan 2020-yil 28-fevralda

maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu qonunning maqsadi

Ushbu qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olish va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi

toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

ariza beruvchi – Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha davlat organiga murojaat qilgan voyaga yetgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki chet davlat fuqarosi yoxud voyaga yetgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs;

bola – oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs;

vatandosh – Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan oʻzidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan oʻzidan oldingi qarindoshlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan boʻlsa hamda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlsa;

yolgʻiz ota yoki ona – bolani tarbiyalayotgan ota (ona), basharti bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlarda ota-onasidan biri haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasa yoxud bunday maʼlumotlar tarbiyalayotgan otaning (onaning) soʻzlariga asosan kiritilgan boʻlsa;

tirikchilikning qonuniy manbai – ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, tadbirkorlik faoliyatidan yoki mulkdan olingan foyda, pensiya, stipendiya, alimentlar, ijtimoiy nafaqalar, moliyaviy jamgʻarmalar yoki oila aʼzolari va boshqa shaxslarning moliyaviy yordami, shuningdek boshqa qonuniy daromadlar;

fuqaroligi boʻlmagan shaxs – Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan va oʻzining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlmagan shaxs;

fuqarolikning oʻzgarishi – Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olish yoki tugatish;

chet davlat fuqarosi – Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va oʻzining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlgan shaxs;

Oʻzbekiston Respublikasining xorijda doimiy yashovchi fuqarosi – Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqqan hamda xorijga doimiy yashashga chiqib ketish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;

yashash – shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoki uning tashqarisida qonuniy asosda turishi;

yashash guvohnomasi – fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yoki chet davlat fuqarosining shaxsini tasdiqlaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashga ruxsat etilganligining tasdigʻi sifatida berilgan hujjat.

4-modda. Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik

Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan oʻzaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yigʻindisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini eʼtirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi.

Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi uchun yagona fuqarolik oʻrnatiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining fuqarosi ayni bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, u qanday asoslarda olinganligidan qatʼi nazar, hamma uchun tengdir.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdir.

Oʻzbekiston Respublikasida har bir inson fuqaro boʻlish huquqiga egadir. Ґyech kim Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum qilinishi, bundan ushbu qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.

Oʻzbekiston Respublikasi oʻz organlari va mansabdor shaxslari orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oldida masʼuldir, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi esa davlat oldida masʼuldir.

Oʻzbekiston Respublikasi oʻz fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda uning hududidan tashqarida amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tiklash, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotish toʻgʻrisidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan farmonlar tarzida qabul qilinadi va imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublik

quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi:

a) 1992-yil 28-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi boʻlmagan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlish istagini bildirgan shaxs;

b) Oʻzbekiston hududida yashagan va 1992-yil 28-iyulga qadar oʻqish uchun Oʻzbekistondan tashqariga chiqib ketgan hamda uzluksiz ravishda taʼlim olgan yoxud harbiy xizmatni oʻtagan va oʻqish yoki harbiy xizmat tugaganidan keyin bir yil ichida Oʻzbekistonga qaytib kelgan hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy propiskadan oʻtgan shaxs, basharti uning chet davlat fuqaroligi mavjud boʻlmasa;

v) ushbu qonun kuchga kirgan kunda Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlgan shaxs;

g) ushbu qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan shaxs.

Ushbu modda birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash fakti doimiy propiskada turganlik toʻgʻrisidagi belgining mavjudligi bilan tasdiqlanadi.

Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, ariza beruvchi ushbu faktlarni sud tartibida aniqlashi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublikni aniqlash chogʻida, ushbu modda birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi bilan bogʻliq holatlar boshlangan paytda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonun hujjatlari qoʻllaniladi.

6-modda. Fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish

1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan oʻtgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari deb tan olingan bola ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

7-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi mavjudligini koʻrsatuvchi boshqa hujjat Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatdir.

quyidagilar oʻn olti yoshga toʻlmagan bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatdir:

tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki maʼlumotnoma (bolaning tugʻilgan joyidan qatʼi nazar) – ota-onasidan birining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi mavjudligini koʻrsatuvchi pasporti yoki boshqa hujjati koʻrsatilganda;

tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki maʼlumotnoma (bola Oʻzbekiston Respublikasida tugʻilgan taqdirda) – fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻlgan ota-onaning (yolgʻiz otaning yoki onaning) Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi koʻrsatilganda.

8-modda. Nikohdan oʻtishda va uni bekor qilishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini saqlab qolish

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs bilan nikohdan oʻtishi, shuningdek bunday nikohning bekor qilinishi er-xotinning fuqaroligi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.

Er-xotindan birining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi oʻzgarishi ikkinchisining fuqaroligi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.

Nikohning bekor qilinishi ushbu nikohda tugʻilgan yoki nikoh bekor qilinguniga qadar farzandlikka olingan bolaning fuqaroligi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.

9-modda. Xorijda yashovchi shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligining saqlab qolinishi

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijda yashashi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilishiga sabab boʻlmaydi.

10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijda davlat tomonidan himoya qilinishi

Xorijda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasining himoyasi va homiyligi ostida boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi oʻz diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari orqali Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari chet davlatning qonun hujjatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi va chet davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarda oʻziga berilgan barcha huquqlardan, xalqaro huquqning umum tan olingan normalaridan, xalqaro urf-odatlardan toʻlaqonli foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun choralar koʻrishi shart. Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining konsullik boʻlimlari (bundan buyon matnda konsullik muassasalari deb yuritiladi) ham Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha choralar koʻradi.

11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini chet davlatga topshirishga yoʻl qoʻyilmasligi

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi chet davlatga topshirilishi mumkin emas.

12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlat fuqaroligiga mansubligini tan olmaslik

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet davlat fuqaroligiga mansubligi Oʻzbekiston Respublikasida tan olinmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish yoki fuqaroligini yoʻqotganlik toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinguniga qadar bir vaqtning oʻzida chet davlat fuqaroligiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishi yoki javobgarlikdan ozod etilishi mumkin emas.

2-bob. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olish

13-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olish asoslari

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda olinadi:

tugʻilganlik boʻyicha;

bola farzandlikka olinganda;

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash natijasida.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va ushbu qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra ham olinishi mumkin.

14-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tugʻilganlik boʻyicha olish

Bola oʻzining tugʻilgan joyidan qatʼi nazar, agar tugʻilgan paytida:

a) ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlsa;

b) uning ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlsa yoki bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud uning turgan joyi nomaʼlum boʻlsa;

v) uning ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi esa chet davlat fuqarosi boʻlsa, tugʻilganlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi.

Ushbu modda birinchi qismining “v” bandida nazarda tutilgan holda bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan ota-onasining yoxud boshqa qonuniy vakillarining iltimosnomasiga binoan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan, ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻlgan bola tugʻilganlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan, ota-onasi nomaʼlum boʻlgan bola Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosidir.

Otasi yoxud onasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan bolaga otalik yoxud onalik belgilangan yoki tan olingan taqdirda, bola, tugʻilgan joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi.

15-modda. Ota-onasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmagan bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini aniqlash

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan, ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) u tugʻilgan paytda chet davlat fuqarolari boʻlgan yoxud ota-onasidan biri chet davlat fuqarosi, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan bola tugʻilganlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olmaydi.

16-modda. Bola farzandlikka olinganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan, chet davlat fuqarosi boʻlgan yoxud fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan bola Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi.

Biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan er-xotin tomonidan farzandlikka olinayotgan, chet davlat fuqarosi boʻlgan yoxud fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan bola Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi.

Biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, boshqasi esa chet davlat fuqarosi boʻlgan er-xotin tomonidan farzandlikka olinayotgan, chet davlat fuqarosi boʻlgan yoxud fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan bola farzandlikka oluvchilarning oʻzaro kelishuviga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oladi.

17-modda. Bola farzandlikka olingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini saqlab qolishi

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida farzandlikka olingan bola Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini saqlab qoladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan, biri chet davlat fuqarosi, boshqasi esa Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan er-xotin tomonidan farzandlikka olingan bolaga farzandlikka olganlarning iltimosnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishga ruxsat berilishi mumkin.

3-bob. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash

18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish turlari

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish:

umumiy tartibda;

soddalashtirilgan tartibda;

alohida tartibda amalga oshiriladi.

19-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan boʻlsa;

b) fuqaroligi boʻlmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan eʼtiboran va Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan boʻlsa;

v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʻlsa;

g) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga olsa;

d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu modda birinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan shart Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda boʻlgan va nikoh tuzilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududida turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bunda, agar fuqaroligi boʻlmagan shaxs bir yil ichida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq boʻlmagan muddatga chiqqan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.

20-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

a) Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan, nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan loaqal bitta oʻzidan oldingi qarindoshga ega boʻlsa;

b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʻlsa;

v) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga olsa;

g) davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Ushbu modda birinchi qismining “a” bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega boʻlgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega boʻlgan vatandoshga va (yoki) uning oila aʼzolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni koʻrib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.

qabul qilingan qaror asosida shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini berish toʻgʻrisida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan davlat fuqaroligidan chiqadigan boʻlsa.

Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.

Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi.

21-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga alohida tartibda qabul qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ushbu qonunning 19 va 20-moddalari talablari qoʻllanilmagan holda Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.

22-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash

Agar ilgari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan shaxsning fuqaroligi ushbu qonun 25-moddasi birinchi qismining “a” va “g” bandlariga muvofiq yoʻqotilgan boʻlmasa, u Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqiga ega. Iltimosnomada Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilish sabablari koʻrsatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnoma boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish ushbu qonunning 19, 37 va 38-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini bir martadan ortiq tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi.

4-bob. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tugatish

23-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tugatish asoslari

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagilar oqibatida tugatiladi:

a) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish;

b) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotganlik.

24-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish ushbu qonunning 37 va 39-moddalarida belgilangan tartibda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi.

25-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini yoʻqotish asoslari

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda yoʻqotiladi:

a) shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida;

b) agar xorijda doimiy yashovchi shaxs yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan boʻlsa;

v) agar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish bila turib yolgʻon maʼlumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida amalga oshirilgan boʻlsa;

g) agar shaxs chet davlatning foydasini koʻzlab faoliyat koʻrsatgan holda yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish yoʻli bilan jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan boʻlsa;

d) agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan boʻlsa;

ye) agar shaxs chet davlatning fuqaroligini tugʻilganlik boʻyicha yoxud chet davlat fuqarosi boʻlgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan boʻlsa va yigirma bir yoshga toʻlguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan boʻlsa.

Shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganligi uning erining (xotinining) va farzandining (bolalarining) fuqaroligi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.

26-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet davlat harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati
va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi faktlarini aniqlash

Chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirgan shaxslarni aniqlash uchun konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralarning maʼlumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini oʻrganadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (bundan buyon matnda Tashqi ishlar vazirligi deb yuritiladi) xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

27-modda. Xorijda doimiy yashayotgan va doimiy konsullik hisobiga turmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash

Xorijda doimiy yashayotgan va yetti yil mobaynida doimiy konsullik hisobiga turmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun konsullik muassasalari:

konsullik muassasasiga shaxsan murojaat qilgan shaxslarning murojaatlarini yoxud konsullik muassasalariga Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgan maʼlumotlarni tekshiradi;

shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi toʻgʻrisidagi chet davlatning soʻrovnomalarini oʻrganadi;

oʻz konsullik okruglaridagi mamlakatlarda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi;

xorijga doimiy yashashga chiqib ketgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (bundan buyon matnda Ichki ishlar vazirligi deb yuritiladi) har chorakda beradigan soʻrovnomalariga koʻra doimiy konsullik hisobi roʻyxatlari boʻyicha tekshiradi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda, Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va uni materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

Xorijda doimiy yashayotgan va yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi konsullik muassasasiga doimiy konsullik hisobiga qoʻyish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Konsullik muassasasi ariza beruvchining shaxsini aniqlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan shaxslarning roʻyxati bilan solishtiradi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining doimiy konsullik hisobiga oʻz vaqtida turmaganligi sabablarini oʻrganadi. Bunda ariza beruvchiga ushbu qonun 25-moddasining qoidalari tushuntiriladi.

Uzrli sabablar mavjud boʻlganda konsullik muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini doimiy konsullik hisobiga qoʻyish uchun hujjatlarni qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Kasallik, yashab turilgan mamlakatda konsullik muassasasi mavjud emasligi va fuqaroga bogʻliq boʻlmagan boshqa sabablar uzrli sabablar hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining doimiy konsullik hisobiga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi axborot Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.

28-modda. Bila turib yolgʻon maʼlumotlarni yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilinganligi faktini aniqlash

Bila turib yolgʻon maʼlumotlarni yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi olinganligi fakti aniqlangan taqdirda Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlariga topshiradi.

Bila turib yolgʻon maʼlumotlarni yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi olinganligi fakti sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan belgilanadi.

qaror chiqargan sud qarorning koʻchirma nusxasini Ichki ishlar vazirligiga yoki Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.

Sudning qarori asosida Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

29-modda. Chet davlatning foydasini koʻzlagan holda faoliyat koʻrsatgan yoxud tinchlik
va xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganligi faktini aniqlash

Chet davlatning foydasini koʻzlagan holda faoliyat koʻrsatgan yoxud tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining jamiyat hamda davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganligi fakti sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanadi.

Ґukm chiqargan sud hukmning koʻchirma nusxasini Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.

Sudning hukmi asosida Ichki ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

30-modda. Chet davlat fuqaroligini ixtiyoriy ravishda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash

Chet davlat fuqaroligini ixtiyoriy ravishda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun ichki ishlar organlari va konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralarning maʼlumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini oʻrganadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga ushbu qonunning 25-moddasi qoidalari tushuntiriladi. Bunda Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

31-modda. Chet davlatning fuqaroligini tugʻilganlik boʻyicha yoxud chet davlat fuqarosi boʻlgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash

Chet davlatning fuqaroligini tugʻilganlik boʻyicha yoxud chet davlat fuqarosi boʻlgan otasining yoki onasining fuqaroligi asosida, voyaga yetmagan yoshida olgan va yigirma bir yoshga toʻlguniga qadar chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolarini aniqlash uchun ichki ishlar organlari va konsullik muassasalari manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning maʼlumotlarini tekshiradi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning kelib tushayotgan murojaatlarini oʻrganadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fakt aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga yoki uning qonuniy vakiliga ushbu qonunning 25-moddasi qoidalari tushuntiriladi.

Agar shaxs yigirma bir yoshga toʻlguniga qadar chet davlatning fuqaroligini tugatish toʻgʻrisida axborot taqdim etmasa, Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi xulosa tayyorlaydi va xulosani materiallar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuboradi.

5-bob. Ota-onasining fuqaroligi oʻzgargan taqdirda va farzandlikka olinganda bolaning fuqaroligi

32-modda. Ota-onasining fuqaroligi oʻzgargan taqdirda bolaning fuqaroligi oʻzgarishi

Agar oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olsa yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqsa, ushbu bolaning fuqaroligi oʻzgarishi mumkin.

Ota-ona (yolgʻiz ota yoki ona) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini oʻzgartirganda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolaning fuqaroligi, basharti bola fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib qolmasa, oʻzgarishi mumkin.

Ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onasining fuqaroligi oʻzgarganda, bolaning fuqaroligi oʻzgarmaydi. Bolaning fuqaroligi oʻzgargan taqdirda, ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onasining roziligi talab qilinmaydi.

33-modda. Oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini saqlab qolishi

Agar Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashab turgan bolaning ota-onasi (yolgʻiz otasi yoki onasi) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqsa va bunda ular oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan bolaning tarbiyasida ishtirok etmasa, ota-onasining notarial tartibda tasdiqlangan arizasiga, vasiyning yoxud homiyning iltimosnomasiga koʻra bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini saqlab qoladi.

34-modda. Ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan taqdirda bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi

Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa chet davlat fuqarosi boʻlib qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olayotgan otaning yoki onaning iltimosnomasiga koʻra, tugʻilgan joyidan qatʼi nazar, bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olishi mumkin.

Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi boʻlib qolaversa, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan va doimiy yashayotgan bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi.

Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini oladi.

Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan boʻlsa, boshqasi esa fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashayotgan bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olayotgan otaning yoki onaning iltimosnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olishi mumkin.

35-modda. Ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqqan taqdirda bolaning Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini saqlab qolishi

Agar ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqayotgan boʻlsa, boshqasi esa Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlib qolaversa, bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini saqlab qoladi. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqayotgan otasining yoki onasining iltimosnomasiga koʻra, bolaga Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqishga Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini saqlab qolgan otasining yoki onasining yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda ruxsat berilishi mumkin.

36-modda. Bolaning fuqaroligini oʻzgartirish chogʻida uning roziligini olish zarurligi

Ota-onasining fuqaroligi oʻzgarganda yoki bola farzandlikka olingan taqdirda oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolaning fuqaroligi faqat uning yozma roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.

6-bob. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish chogʻida hujjatlarni tayyorlash tartibi

37-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarga doir umumiy talablar

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchi tomonidan shaxsan beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashab turgan shaxs iltimosnomani doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda yashayotgan shaxs esa konsullik muassasasiga beradi. Uzrli sabablar mavjud boʻlganda (kasallik, konsullik muassasasining mavjud emasligi) notarial tartibda tasdiqlangan iltimosnoma ishonchli shaxslar orqali berilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan ularning tuzilish sanasi koʻrsatilgan holda imzolanishi kerak. Agar ariza beruvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi oqibatida yoki biron-bir boshqa sabablarga koʻra iltimosnomani oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, uning topshirigʻiga koʻra oʻzga shaxs ariza beruvchi va ichki ishlar organining mansabdor shaxsi yoxud konsullik muassasasining konsullik mansabdor shaxsi hozirligida iltimosnomani yoki boshqa hujjatni ariza beruvchi hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligining sababini koʻrsatgan holda imzolashi mumkin. Bunday hollarda ichki ishlar organining mansabdor shaxsi yoki konsullik muassasasining konsullik mansabdor shaxsi tomonidan iltimosnomaga bu haqda yozib qoʻyiladi.

38-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish yoki uni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

soʻrovnoma;

pasport va (yoki) yashash guvohnomasi;

nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;

bola iltimosnomada koʻrsatilgan taqdirda, uning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi va agar mavjud boʻlsa yashash guvohnomasi;

tirikchilikning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;

davlat boji (konsullik yigʻimi) toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:

ariza beruvchining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan, nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan oʻzidan oldingi qarindoshining pasporti yoxud manfaatdor vazirlikning, davlat qoʻmitasining yoki idoraning iltimosnomasi;

sudlanganlik holati yoʻqligini yoki mavjudligini tasdiqlovchi hujjat.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga alohida tartibda qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga pasport (yashash guvohnomasi) ilova qilinadi.

39-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

soʻrovnoma;

pasport;

nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;

bola iltimosnomada koʻrsatilgan taqdirda, uning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi va agar mavjud boʻlsa pasporti;

davlat boji (konsullik yigʻimi) toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat.

Agar Oʻzbekiston Respublikasida ariza beruvchining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan eri (xotini), ota-onasi, shuningdek uning qaramogʻidagi shaxslar doimiy yashasa, ariza beruvchi ushbu shaxslarning oʻziga nisbatan mulkiy eʼtirozlari mavjud emasligi haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan arizalarini taqdim etishi shart.

40-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash va undan chiqish masalalariga oid hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi

Iltimosnomani qabul qilgan ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning toʻgʻri rasmiylashtirilganligini uch ish kuni ichida tekshiradi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi ariza beruvchidan qoʻshimcha hujjatlar taqdim etishni talab qilishga yoxud zarur axborotni boshqa davlat organlaridan soʻrab olishga haqli. 

Iltimosnoma ushbu qonunning 37, 38 va 39-moddalarida koʻrsatilgan barcha hujjatlar ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan paytdan eʼtiboran koʻrib chiqish uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.

7-bob. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqish muddatlari va koʻrib chiqishni tugatish asoslari

41-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqish muddatlari

Ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin ushbu qonunning 52-moddasida belgilangan tartibda tuziladigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga materiallarni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi talabnomani uch ish kuni ichida kiritadi. 

Talabnomani koʻrib chiqish, tekshiruv oʻtkazish va xulosa tayyorlash muddati bir oyni tashkil etadi. qoʻshimcha hujjatlar yoki maʼlumotlar olish zarur boʻlganda talabnomani koʻrib chiqish va xulosa tayyorlash muddati bir oygacha uzaytirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni qabul qilgan konsullik muassasasi ularni diplomatik pochta jadvalini hisobga olgan holda Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasiga yuborish uchun materiallarni Ichki ishlar vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tayyorlash muddati bir oydan oshmasligi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqishning umumiy muddati talabnoma Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga kiritilgan sanadan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.

42-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqishni tugatish

quyidagi holatlar Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqishni tugatish asoslari hisoblanadi:

a) shaxsning davlat oldida bajarilmagan majburiyatlari yoki fuqarolar yoxud davlat organlari va boshqa tashkilotlar manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan uning mulkiy majburiyatlari mavjudligi;

b) shaxsning qidiruvda ekanligi;

v) agar shaxs ayblanuvchi sifatida jinoiy javobgarlikka tortilgan, sudlangan va jazoni oʻtayotgan boʻlsa;

g) shaxsga nisbatan qonuniy kuchga kirgan va ijro etilishi lozim boʻlgan sud hukmining mavjudligi;

d) bila turib yolgʻon maʼlumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etganlik;

ye) Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi manfaatlariga zidlik;

j) shaxsning vafot etganligi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqish tugatilganligi toʻgʻrisida ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi arizachini yoki uning qonuniy vakilini Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqish tugatilganligi sabablarini koʻrsatgan holda yozma shaklda xabardor qiladi.

Ushbu modda birinchi qismining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan holatlar bartaraf etilgan taqdirda, shaxs ichki ishlar organiga yoki konsullik muassasasiga qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqish tugatilgan taqdirda toʻlangan davlat boji yoki konsullik yigʻimi qaytarib berilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha takroriy murojaat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni koʻrib chiqishni tugatish haqida qaror qabul qilganidan soʻng bir yil oʻtgach ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan qabul qilinadi. Ariza beruvchiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan yangi holatlar yuzaga kelgan taqdirda, takroriy iltimosnoma koʻrsatilgan muddatdan oldin ham koʻrib chiqilishi mumkin.

8-bob. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublikni aniqlash va fuqaroligini tan olish tartibi

43-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublikni aniqlash

Shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini aniqlash toʻgʻrisidagi ariza uning doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda doimiy yashayotgan shaxs tomonidan esa konsullik muassasasiga beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublikni aniqlash shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini aniqlash toʻgʻrisidagi ariza va arizaga ilova qilingan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Ariza beruvchida uning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda ariza beruvchiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjat beriladi.

Ariza beruvchida zarur hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, shuningdek ariza beruvchining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligiga nisbatan shubha paydo boʻlganda ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tekshiruv oʻtkazish uchun tegishli davlat organlariga soʻrovnoma yuboradi. Tekshiruv yakunlari boʻyicha xulosa chiqariladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti ushbu qonun 5, 6, 13 – 16 va 32 – 36-moddalarining talablari buzilgan holda olinganligi fakti aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti ichki ishlar organining xulosasiga asosan olib qoʻyiladi. Pasporti olib qoʻyilayotgan shaxs mazkur xulosadan norozi boʻlgan taqdirda, u oʻzining Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansubligi yoki mansub emasligi toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun sudga murojaat qilishga haqli.

Ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida koʻrsatilgan xulosalar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlari yoki viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.

44-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni rasmiylashtirish tartibi

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani rasmiylashtirish haqidagi soʻrovnoma doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda doimiy yashab turgan shaxs tomonidan esa konsullik muassasasiga topshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi soʻrovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;

pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;

davlat boji yoki konsullik yigʻimi toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani rasmiylashtirish haqidagi soʻrovnomani ichki ishlar organlari tomonidan koʻrib chiqishning umumiy muddati Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasiga talabnoma kiritilgan paytdan eʼtiboran bir oyni tashkil etadi. Soʻrovnomani koʻrib chiqish jarayonida shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi yoki mansub emasligi tekshiriladi. Koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha ichki ishlar organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.

45-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olishni rasmiylashtirish masalalariga oid materiallarni tayyorlash

Fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi ariza doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga topshiriladi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

soʻrovnoma;

fuqaroligi boʻlmagan shaxsga yashash guvohnomasi;

nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;

arizachining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgarganligi haqidagi maʼlumotnoma (oʻzgarishlar mavjud boʻlsa);

davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat.

Fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi arizani ichki ishlar organlari tomonidan koʻrib chiqishning umumiy muddati ariza topshirilgan kundan eʼtiboran uch oyni tashkil etadi.

Ushbu qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan holatlar tasdiqlangan taqdirda, fuqaroligi boʻlmagan shaxs tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlari yoki viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanib, Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan xulosaga asosan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

9-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi

46-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasini tuzish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini hal etishga doir konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish maqsadida besh yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi.

Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-koʻmaklashuvchi organdir. Komissiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Komissiya rais, rais oʻrinbosari, kotib va Komissiyaning boshqa aʼzolaridan tarkib topadi.

Komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari va boshqa aʼzolari uning ishida jamoatchilik asosida ishtirok etadi.

Komissiya majlisida rais yoʻq boʻlgan taqdirda uning vazifalari rais oʻrinbosarining zimmasiga yuklatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

47-modda. Komissiyaning asosiy vazifalari

Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga oid iltimosnomalarni koʻrib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga fuqarolik masalalari yuzasidan takliflar kiritish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan fuqarolik masalalariga oid qarorlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini tahlil qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mazkur yoʻnalishda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar kiritish;

fuqarolik masalalari boʻyicha xalqaro amaliyotni va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish.

48-modda. Komissiyaning huquqlari

Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi huquqlarga ega:

yurituvida turgan ish yuzasidan tegishli davlat organlaridan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha qoʻshimcha hujjatlar va materiallarni talab qilib olish;

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etish, tegishli takliflarni Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga kiritish;

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari yuzasidan zarur boʻlgan qoʻshimcha axborot olish uchun oʻz majlislariga davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakillarini taklif etish.

Komissiya Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid iltimosnomalarni koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida ushbu qonun 42-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga koʻra qaror qabul qiladi.

49-modda. Komissiyaning ishini tashkil etish va qarorlarini qabul qilish tartibi

Komissiyaning zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida ikki marta oʻtkaziladigan majlislari Komissiya ishining tashkiliy shaklidir.

Komissiyaning majlislari uning aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlganda vakolatlidir.

Komissiya majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ishtirok etishi hamda muhokama etiladigan masalalar yuzasidan maʼruza qilishi mumkin.

Komissiya qarori majlisda hozir boʻlgan Komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Komissiya aʼzolarining ovozlari teng boʻlib qolganda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va uning majlisida ishtirok etgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.

Komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni dastlabki tarzda ishlab chiqish va tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladi.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

50-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid qarorlarni ijro etuvchi organlar

Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarga nisbatan fuqarolik masalalariga oid qarorlarni ijro etish Ichki ishlar vazirligi va uning tegishli boʻlinmalari zimmasiga, xorijda yashaydigan shaxslarga nisbatan esa Tashqi ishlar vazirligi va tegishli konsullik muassasalari zimmasiga yuklatiladi.

Oʻziga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish boʻyicha qaror qabul qilingan shaxs bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolik masalalariga oid qarori kuchga kirgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan xabardor qilinadi.

51-modda. Fuqarolik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha berilishi lozim boʻlgan hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu qonunda belgilangan tartibda olgan shaxsga ichki ishlar organi yoxud konsullik muassasasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjat beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi tugatilgan shaxsga ichki ishlar organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasida doimiy propiskaga ega boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi tugatilgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotganida unga ichki ishlar organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl hujjati beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqish ruxsat etilgan shaxsga, shu jumladan bolaga Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi tugatilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.

52-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasi

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha manfaatdor davlat organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, shuningdek hujjatlarni va maʼlumotlarni kiritish, hisobga olish hamda monitoring qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasining ishlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

53-modda. Nizolarni hal etish

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

54-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

55-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini
oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish

1. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRq–600-sonli qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda):

5-moddasining 6-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisida beriladigan arizalardan” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash va undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomalardan yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi arizalardan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

22-moddasining uchinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish toʻgʻrisidagi arizalardan” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash va undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomalardan yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi arizalardan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonuniga ilovaning 6-bandi “i” kichik bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish yoki fuqaroligidan chiqarish toʻgʻrisida arizalar berish uchun” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash va undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomalardan yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi arizalardan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.

2. quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:

1) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi 632–XII-sonli qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 338-modda);

2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi 633–XII-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 339-modda);

3) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 714–II-sonli qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) I boʻlimining 10-bandi;

4) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRq–389-sonli qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 310-modda) 1-moddasi;

5) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRq–411-sonli qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 276-modda) 1-moddasi;

6) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRq–542-sonli qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 267-modda) 2-moddasi.

56-modda. Ushbu qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar ushbu qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

57-modda. qonun hujjatlarini ushbu qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

58-modda. Ushbu qonunning kuchga kirishi

Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.

Ushbu qonunning 6, 45-moddalari va 55-moddasining
1-bandi 2020-yil 1-apreldan eʼtiboran amalga kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti               Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2020-yil 13-mart

№ OʻRQ—610


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?