Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

17:10 23 Avgust 2019 Siyosat
227 0

2019-yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi ish boshladi.

Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan soʻng senatorlar koʻrib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishga kirishdi.

Senatorlar ishni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqishdan boshladi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni kamsitishning barcha shakllariga barham berish, gender tenglikni taʼminlash ayollarga nisbatan shunchaki adolatli munosabat sifatida emas, balki mamlakatning iqtisodiy oʻsishini davom ettirish, barqarorligi va har tomonlama rivojlanishini taʼminlashning asosiy shartlaridan biri sifatida koʻrib chiqilmoqda. Aynan shu sababli bu yoʻnalishdagi ishlar, eng avvalo, jinslar tengligi huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan ushbu Qonun ham aynan shunga qaratilgan. Mamlakat tarixida ilk bor xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni kafolatlash bilan bogʻliq munosabatlar toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan yagona Qonunda tartibga solinmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, “gender”, “gender-huquqiy ekspertiza”, “jins boʻyicha bevosita kamsitish”, “jins boʻyicha bilvosita kamsitish” kabi ushbu sohaning asosiy tushunchalariga aniq izohlar berilmoqda. Avval ushbu tushunchalarning taʼriflari boʻlmaganligi bois huquqni qoʻllash amaliyotida noaniqliklar kelib chiqayotgan edi.

Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashning qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jinsi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi, ochiqlik va shaffoflik, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ustuvor ahamiyat berish kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Hujjatda davlat jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sogʻliqni saqlash, taʼlim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlanishini kafolatlashi belgilab qoʻyilmoqda.

Davlat statistika organlari gender koʻrsatkichlari asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yigʻishi, unga ishlov berishi, toʻplashi, saqlashi, tahlil qilishi va eʼlon qilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat organlarining (Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli organ, boshqa davlat organlarining) va fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash sohasidagi vazifalari hamda vakolatlari aniq belgilab qoʻyilmoqda.

Jins boʻyicha kamsitish hollari ustidan shikoyat qilishning, buning natijasida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplashning tartibi, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi gender bagʻrikenglik va tenglikni qonunchilik darajasida taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladilar. Bu mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida juda dolzarbdir, chunki bu, eng avvalo, inson jamiyatda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarini muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar.

Majlisda taʼkidlanganidek, joriy yilning oʻzida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan bir qancha zoʻravonlik holatlari qayd etildi. Ayrim ayollar sodir etilgan jinoyatlar natijasida jabrlangan. Yangi Qonun bunday muammolarning oldini olishga, xotin-qizlarni maishiy hayotda, ishda, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda jabr-zulmdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi. Qonunda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek vakolatli organlar va tashkilotlar – Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, bandlik va mehnat munosabatlari, taʼlim, sogʻliqni saqlash idoralari, Xotin-qizlar qoʻmitasi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xotin-qizlarni himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarining vazifalari belgilanmoqda.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi yordam koʻrsatish, maslahat berish mexanizmi hamda chora-tadbirlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiqlar va zoʻravonlik holatlarining oldini olish toʻgʻrisida axborot olishni taʼminlash maqsadida respublikaning butun hududida tunu kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmogʻi (ishonch telefoni) faoliyat koʻrsatishini taʼminlashi belgilab qoʻyilmoqda.

Profilaktika suhbati muayyan shaxsni jamiyatda umum qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy hamda huquqiy oqibatlarini tushuntirish, shuningdek qonunda belgilangan javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish maqsadida tashkil etiladi. Profilaktika suhbati tazyiq va zoʻravonlik hollarini aniqlagan vakolatli organ vakili tomonidan tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etishga moyil shaxslar bilan oʻtkaziladi.

Shu bilan birga, Qonunda himoya orderini berish va uning muddatini uzaytirish, tazyiq qurbonlariga nisbatan himoya orderi, himoya orderi mazmuni, shuningdek himoya orderida nazarda tutiladigan cheklovlar nazarda tutilmoqda.

Qonunda bunday hollarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek bu kabi qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, jabrlangan shaxslarni himoya qilishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan har qanday shakldagi zoʻravonlikka murosasiz munosabatni qaror toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar aks etgan. Ushbu Qonunning qabul qilinishi jamiyatda xotin-qizlarga boʻlgan munosabatni yanada yaxshilashga, ularga hurmat bilan munosabatda boʻlishni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama mavzusi boʻldi.

Senat tomonidan oʻtkazilgan tahlil va oʻrganishlar natijalariga koʻra joriy yilning birinchi yarim yilligida Dasturning 139 ta bandi ijrosini taʼminlash belgilangan. Shundan 101 ta bandning ijrosi taʼminlandi va 22 ta band muddatidan oldin bajarildi. Hozirgi kunda ijrosi taʼminlangan bandlar soni jami 123 tani tashkil etmoqda.

Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida hisobot davrida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga oʻsdi. Byudjet daromadlari qariyb 51 trln. soʻmni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi. Mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,6 trln. soʻmdan ortiq yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar koʻp mablagʻ qoldi.

Mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida asosiy kapitalda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushi 2,5 barobarga ortdi va 1,7 mlrd. dollarga yetdi.

Joylarda tadbirkorlar va investorlarning muammolarini hal qilish maqsadida tashkil etilgan “Bosh vazir qabulxonalari” investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan samarali institutlar sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada mustahkamlash va mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash maqsadida masʼul vazirlik va idoralar biriktirildi.

Mamlakat iqtisodiyotida oʻtgan davr mobaynida investitsiyaviy muhitni takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli amaliy ishlarga qaramay, hududlarda investitsiyaviy faoliyatni yaxshilash borasida jiddiy kamchilik va muammolar mavjud.

Jumladan, xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar chogʻida qonun hujjatlarining barqaror emasligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tez-tez oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi, bir-biriga zid boʻlayotgan normalar mavjudligi xorijiy sarmoyadorlar va ichki investorlarga salbiy taʼsir qilayotganligi alohida taʼkidlandi.

Mazkur holatlar qonun ijodkorligida “aqlli tartibga solish” zamonaviy modeli elementlarining keng qoʻllanilmasligi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining taʼsirini majburiy baholash tizimi joriy etilmaganligi natijasida kelib chiqmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda investitsiyaviy faoliyatni tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirish toʻgʻrisidagi Prezidentimizning topshiriqlari toʻliq bajarilmasdan qolmoqda. Xususan, xorijiy investorlarning huquqlarini kafolatlash boʻyicha “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va kiritish topshirigʻi hanuzgacha bajarilmagan.

Bundan tashqari, Dasturning erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi bandi ham bajarilmasdan kelmoqda. Ushbu bandda belgilangan “Maxsus erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi parlamentga hozirga qadar kiritilmagan.

Investitsiyaviy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun kreditlar olish jiddiy muammo boʻlib qolmoqda. Tijorat banklarida resurslarning yetishmasligi, foiz stavkalarining yuqoriligi, kredit buyurtmalarini koʻrib chiqishda byurokratik toʻsiqlar mavjudligi, oʻz navbatida, tadbirkorlarning eksport majburiyatlarini bajarishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida Dasturda koʻzda tutilgan investitsiyaviy loyihalar soni 9088 ta boʻlib, ularning umumiy qiymati 60,3 trln. soʻmni tashkil etadi, yaratilishi koʻzda tutilgan ish oʻrinlari esa 172488 ta. Biroq birinchi yarim yillikda jami 3332 ta loyiha (37%) boʻyicha umumiy qiymati 13,6 trln. soʻmlik (23%) loyihalar amalga oshirilib, bor-yoʻgʻi 38252 ta ish oʻrni (22%) yaratilgan.

Hududlarda investitsiya loyihalarini birinchi yarim yillikda amalga oshirish darajasi 44 foizni tashkil etdi. Bunda Toshkent shahri (27%), Toshkent viloyati (31%) va Qashqadaryo viloyati (37%) eng ortda qolayotgan hududlar hisoblanadi.

Vazirlik va idoralar tomonidan respublikaning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarni qoniqarli deb boʻlmaydi.

Vazirlar Mahkamasiga Dasturda belgilangan muddatlarda bajarilmagan bandlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish, shuningdek viloyatlar va tumanlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Oliy Majlis Senati tomonidan aniqlangan, investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish tavsiya etildi. Muhokama yakunlari boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Soʻzga chiqqanlar mamlakatning amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek aholi turmush darajasi va sifatini yaxshilash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar natijasida energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoj yildan-yilga oshib borayotganligini qayd etdilar. Bu iqtisodiyot va ijtimoiy sohani samarali va ishonchli energiya manbalari bilan taʼminlash zaruratini keltirib chiqardi.

Bugungi kunda respublika tabiiy energiya resursi boʻlgan tabiiy gazga qaram boʻlib qolgan. Elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmida bu manbadan foydalanish 85 foizni tashkil etadi. Shuni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Hukumati mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash uchun energetika tarmogʻini rivojlantirishning turli variantlarini koʻrib chiqdi. Bunda mamlakat yadro energetikasi tarmogʻini shakllantirish vazifasi asosiy yoʻnalish sifatida belgilab olindi.

Bunday qaror qabul qilishda koʻplab omil va holatlar hisobga olindi. Energetika xavfsizligini taʼminlash, atrof muhitga uglerod chiqarishni kamaytirish, atom elektr stansiyalari xavfsizligi koʻrsatkichlariga boʻlgan ishonchni oshirish zarurati, iqtisodiyot nuqtayi nazaridan yadro energetikasi raqobatbardoshligi ana shunday omillar sirasiga kiradi.

Natijada Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan 2018-yil yanvarda mamlakatimizda AES barpo etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Oʻsha yilning sentyabrida Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida “3+” avlodiga mansub, ikkita energiya blokidan iborat boʻlgan, belgilangan quvvati 2 400 megevattni tashkil etadigan atom elektr stansiyasini barpo etish toʻgʻrisida bitim tuzildi. Bu Xalqaro atom energiyasi agentligining (MAGATE) barcha xavfsizlik talablariga javob beradi. Mazkur obyektni Jizzax viloyati Forish tumanida barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu hududgeografik joylashuvi va boshqa zarur omillar nuqtayi nazaridan qulay hisoblanadi.

Loyihani amalga oshirish maqsadida mamlakatda zarur salohiyatni shakllantirish boʻyicha izchil ish olib borildi. Eng avvalo, tegishli normativ-huquqiy baza shakllanmoqda, ushbu Qonun uning asosi boʻladi.

Qonuniylik, xavfsizlik, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, atrof muhitni himoya qilish ustuvorligi, atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar faoliyati mustaqilligi, ochiqlik va oshkoralik, xalqaro majburiyatlarni bajarish ixtiyoriyligi kabi atom energiyasidan foydalanishning asosiy tushunchalari Qonunda mustahkamlanmoqda, prinsiplari belgilanib, atom energiyasidan foydalanish obyektlari – yadroviy qurilmalar, saqlash punktlari, yadroviy materiallar, yadroviy yoqilgʻi, yadroviy reaktorlarning issiqlik ajratuvchi toʻplamlari, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi, radioaktiv chiqindilar nazarda tutilmoqda.

Milliy yadroviy infratuzilmani rivojlantirish, yadroviy qurilmalar va saqlash punktlarini barpo etish, atom energiyasidan foydalanishda atrof muhit va aholi himoya qilinishini taʼminlash, xavfsiz yadro yoqilgʻisi davrini tashkil etish, atom energetikasi uzoq muddatli rivojlanishini taʼminlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda. Senatorlar fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilish ustuvorligi, xavfsizlikning taʼminlanishi, axborotning ochiqligi, yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari ekanligini taʼkidladilar.

Soʻzga chiqqanlar Qonun atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yoʻnalishni ishlab chiqish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatorlar “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqish bilan ishni davom ettirdilar.

Muhokama chogʻida barkamol, sogʻlom avlodni tarbiyalash, milliy genofondni mustahkamlash, onalar va bolalarni himoya qilish mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari ekanligi qayd etildi. Bunda tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Koʻrib chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat ham aynan shunga yoʻnaltirilgan.

Qonunning maqsadi ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir belgilangan talablarga rioya etilishini taʼminlashdan iborat.

Ushbu hujjat Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.

Qonunni dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun manfaatdor vazirliklar va idoralar, ilmiy doiralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi, ularning taklif va tavsiyalari eʼtiborga olindi. Qonun har tomonlama oʻrganib chiqilib, uni tamomila qayta koʻrib chiqish zarur degan xulosaga kelindi. Xususan, soʻzga chiqqanlar taʼkidlab oʻtganlaridek, mazkur Qonundagi ayrim normalar uning nomi va maqsadlariga mos kelmaydi, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati va xavfsizligi talablariga rioya qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish mexanizmlari oʻz aksini topmagan, qolaversa boshqa qonunlardagi normalar mazkur Qonunda takrorlangan.

Shundan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senati mazkur Qonunni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirma birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?