Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati axboroti

23:08 17 Mart 2019 Jamiyat
3503 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlash, jurnalistik faoliyat va jurnalistlarning oʻz xizmat vazifasini bajarishiga toʻsqinlik qilish holatlarining oldini olish, ommaviy axborot vositalari orqali yurtimizda har bir jabhada kechayotgan oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarni keng omma eʼtiboriga birinchi manbadan yetkazish borasida katta ishlar qilindi. Ayni yoʻnalishda kamchiliklardan koʻz yummaslik, ochiqlik hamda shaffoflikni taʼminlash, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”ligi gʻoyasining insonparvar va demokratik tamoyillarini hayotga toʻlaqonli tatbiq etish borasida ham izchillik koʻzga tashlanmoqdaki, buni hech kim inkor etolmaydi.

Ammo oxirgi paytlarda axborot makonida yuz berayotgan boshboshdoqliklar, mamlakatimiz xalqaro imidjini jahon hamjamiyatida tushirishi muqarrar boʻlgan xatti-harakatlar, oqibati oʻylanmasdan hamda manbasi va aniqligi surishtirib koʻrilmasdan yozilayotgan materiallaru hamda tarqatilayotgan xabarlarning tobora koʻpayayotgani ayrim veb-saytlarda ishlovchi baʼzi bir jurnalistlarning shov-shuv ortidan quvish va maʼlumotni kim birinchi boʻlib tarqatishga intilishdek nomaqbul “poyga”ga berilib ketganini koʻrsatmoqda.

Buni biz davlat mansabdorlarining lavozimdan olinib, lavozimga qoʻyilishi holatlarida, qaysidir hududda yuz bergan biron voqea yuzasidan tarqatilgan xabarlarda hamda shu kabi koʻplab vaziyatlarda bot-bot kuzatdik. Eng achinarlisi, ayrim jurnalistlarning bunday hollarda aniq hamda haqqoniy maʼlumotni tarqatishga harakat qilmasligi, voqea yuzasidan chuqur tekshiruv va surishtiruv ishlarini olib bormasligi, toʻgʻridan-toʻgʻri xabarni tarqatgan birinchi manbaga havola qilgan holda, garchi sensatsion boʻlsa-da, biroq tagi puch, joriy haqiqatga mos kelmaydigan axborotni tarqatib, oʻz saytining yoki bosma nashrining oʻquvchilari sonini oshirishga urinishlari kishini oʻylantiradi, ranjitadi. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarida eʼlon qilinayotgan har qanday axborotning toʻgʻriligi va haqqoniyligi uchun masʼuliyat hamda qonun oldida javobgarlik belgilangan.

Xususan, xabar.uz sayti va “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy kanalida 13 mart kuni eʼlon qilingan “MIB oʻzining “majburiy” maqomidan ayrilishi mumkin” maqolasi ana shunday mish-mishlarga yoʻl ochganini taʼkidlash lozim. “Prokuraturadagi oʻz manbasiga tayanib” maʼlumot tarqatayotgan mazkur saytning axborotning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini aniqlashtirish uchun Bosh prokuraturaning Matbuot xizmatiga murojaat qilmagani esa yanada ajablanarlidir. Nahotki har bir tashkilotning oʻzgarishlar, yangilanishlar, yutuqlar va kamchiliklar haqida birinchi manba sifatida rasmiy maʼlumot berishga haqli boʻlgan matbuot, axborot xizmatlari, jamoatchilik bilan ishlash boʻlimlari borligini sayt mutasaddilari bilishmasa?! Axir bu xabarni Bosh prokuraturaning matbuot xizmati chuqur oʻrganib, tekshirib, asosli boʻlsa, albatta, tasdiqlashi, navbatdagi feyk-xabar boʻlsa, inkor etishi mumkin va kerak emasmidi?! Yoki kimligi nomaʼlum “manba” Matbuot xizmatidan koʻra ishonchliroqmi?!

Biz faoliyatimiz mobaynida shu paytga qadar xalqimizga tarqatish uchun ommaviy axborot vositalariga ishonchli, toʻgʻri va haqqoniy xabarni yetkazishga harakat qilib kelyapmiz. Bundan keyin ham barcha OAV bilan xuddi shunday ishlashda davom etamiz.

Yuqorida nomi tilga olingan saytda chop etilgan maqolaga kelsak, unda bayon qilingan maʼlumotlar haqiqatga mutlaqo ziddir. Majburiy ijro byurosi oʻz ishini Prezidentimizning 2017 yil 29 mayda imzolangan PF-5059-sonli Farmonida belgilangan tartibda bajarmoqda va kelgusida Byuro faoliyatini, uning nomini va bevosita boʻysunuvchi yuqori tashkilotini oʻzgartirish yoki almashtirish koʻzda tutilmayapti.

OAV vakillaridan iltimos qilib qolamizki, har qanday xabarni uzatishdan avval uning nechogʻli toʻgʻri ekani, haqiqatga mosligi, navbatdagi axborot xuruji emasligiga diqqat qiling. Zarur boʻlsa, qayta-qayta surishtiring, aniqlashtiring!

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Matbuot xizmati kelgusida ham sizlar bilan hamkorlikda ishlash, tugʻilgan savollarga javob berish, maʼlumotlarni aniqlashtirishda yaqindan koʻmaklashishga hamisha tayyor.

Surayyo Rahmonova, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?