“Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻli qurilishi masalasi muhokama qilindi

18:36 20 May 2020 Iqtisodiyot
77 0

Bugun 20-may kuni Oʻzbekiston transport vaziri Elyor Gʻaniyev, Qirgʻiziston transport va yoʻl vaziri Janat Beyshenov, Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish boʻyicha davlat qoʻmitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori oʻrinbosari Chjen Chipin boshchiligida videokonferensiya aloqa shaklida uchrashuv oʻtkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn uchrashuvda tomonlar “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻl qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelgusi amaliy choralarni muhokama qilishdi.

Xususan, ushbu loyiha yuzasidan tomonlar taqdim etilgan temir yoʻl qurilishi marshrutlari boʻyicha yagona toʻxtamga kelish, loyihalash va qurilish ishlarida qoʻllanilayotgan texnik standartlar, loyihani moliyalashtirish manbalari va boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Videoanjumanda Elyor Gʻaniyev soʻzga chiqib, pandemiya sharoitida davlat chegaralari orqali temir yoʻl transportida yuklarni tashish dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani taʼkidladi.

“Sanitariya-epidemiologiya standartlari shartlariga muvofiq deyarli barcha transport turlarida yuk tashuvlariga cheklovlar qoʻyilmoqda. Karantin choralari tufayli davlatlarimiz oʻrtasida avtomobilda yuk tashuvlari cheklangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlar fonida eng xavfsiz, ishonchli transport vositasi esa temir yoʻl boʻlib qolmoqda. Aynan shu jihatning oʻzi ham mazkur loyihani hayotga tezroq tatbiq etish zarurligi koʻrsatmoqda”, dedi E.Gʻaniyev.

Uchrashuvda Xitoy va Qirgʻiziston tomoni mazkur temir yoʻl liniyasi oʻtishi mumkin boʻlgan hududlar boʻyicha bergan takliflari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar taqdim etilgan temir yoʻl qurilishi marshrutlari boʻyicha yagona toʻxtamga kelish yuzasidan, har bir yoʻnalish boʻyicha loyihaning texnik va iqtisodiy jihatlarini yana bir karra koʻrib chiqishga va kelasi haftada xuddi shu formatda uchrashuv oʻtkazishga kelishib olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?