Oʻzbekiston qanday qilib “New-York Times” jurnalistlari uchun eng esda qolarli mamlakatga aylandi?

15:20 12 Mart 2020 Welcome to uzbekistan
834 0

Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, AQSHning dunyoga mashhur “New-York Times” nashrida “Eng afsonaviy yoʻldagi 12 kun: Buyuk Ipak yoʻli” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilindi. Unda gazeta fotojurnalisti Toni Senikola va “Sayohatlar” boʻlimi muallifi Charli Uaylder oʻz taassurotlarini oʻquvchilar eʼtiboriga havola etgan.

Material ijodkorlarning 12 kun mobaynida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston boʻylab sayohatiga bagʻishlangan. Mazkur safar mamlakatimiz vakolatxonasi hamda ushbu nashr hamkorligida oʻtgan yil oktyabr oyida uyushtirilgan edi.

“Markaziy Osiyo – Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston dunyoning uzoq asrlar davomida sivilizatsiyalar beshigi hisoblangan, Aleksandr Makedonskiydan tortib Chingizxongacha boʻlgan shaxslarni oʻziga jalb etgan va yaqin-yaqinlargacha gʻarbliklar borishi qiyin yoki umuman tashrif buyurishi imkonsiz sanalgan ajralmas qismidir”, — deya taʼkidlanadi maqolada.

“Bir necha avlodlar tomonidan Budda va Zardusht ibodatxonalari, goʻzal masjid va madrasalar, qadimgi bozorlar va beqiyos tabiat manzaralari uzoq yillar davomida “temir parda” ortiga yashirilgan edi”, — deya taʼkidlab oʻtadi mualliflar.

Nashrda eʼtirof etilishicha, “2016-yilda hokimiyat tepasiga Oʻzbekistonning yangi Prezidenti kelishi bilan Markaziy Osiyo mintaqasi dunyoga ochila boshladi, qoʻshnilari bilan transport-logistika rishtalari yaxshilandi, viza boʻyicha cheklovlar olib tashlandi. Xususan, 2018-yildan boshlab 100dan ortiq mamlakatlar, jumladan, AQSH fuqarolari ham parvoz va yangi elektron vizani tasdiqlagan holda Oʻzbekistonda besh kun davomida vizasiz yurishlari mumkin”.

Amerikalik jurnalistlarning aytishlaricha, “Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qoʻshni davlatlar bilan koʻplab chegara punktlari qayta tiklandi va yangilari paydo boʻldi. Bu gʻarblik turistlarga qoʻshimcha qulayliklar taqdim etdi. Zero, odatda ular mintaqadagi bir nechta mamlakatga bir borganda tashrif buyurishni istashadi”.

Senikola va Uaylder Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xiva shaharlarining tarixiy-madaniy merosiga alohida toʻxtalib oʻtishgan. Ular mushtariylarni Ulugʻbek rasadxonasi, Registon maydoni, Goʻri Amir, Shohi Zinda maqbaralari, Labihovuz, Poyi Kalon majmualari, qadimgi Magʻoki Attoriy masjidi va boshqa tarixiy obidalar bilan tanishtirishadi.

“Sanitariya va yoʻl boʻyidagi sharoitlar, xalqaro kartalar uchun bankomatlar cheklangani, transportda yetib olishdagi noqulayliklar bilan bogʻliq muammolarga qaramasdan, ushbu sayohat hayotimizdagi eng esda qolarli safarga aylandi va oʻshanda bu hech qachon tugamasligini xohladik”, — deya maqolasini yakunlaydi “New York Times” ijodkorlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?