Oʻzbekiston oʻz Gollivudini yaratmoqchi

09:39 15 Avgust 2019 Jamiyat
103 0

2020-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekistonda rebate tizimi yoʻlga qoʻyiladi, birinchi marta LocationEXPOuz mahalliy kinolokatsiyalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Har yili xalqaro kinotadbirlarda Oʻzbekistonning milliy pavilyoni tashkil etiladi. Shuningdek, xorijiy kinokompaniyalarga tashkiliy hamda texnik jihatdan koʻmak beriladi va bu, shubhasiz, mahalliy kinoturizmni rivojlantirishda katta samara koʻrsatadi.

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2020-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston hududida audiovizual mahsulot yaratuvchi xorijiy kinokompaniyalar muayyan shartlarni bajargan taqdirda, xarajatlarning bir qismi, film syomkasiga sarflangan mablagʻning 20 foizgacha boʻlgan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Rebate - syomkalar oʻtayotgan mamlakat hududlarining hukumati tomonidan kino ishlab chiqarishga ketgan xarajatlarni qoplash. Bu prodyuserlarga muayyan shartlarni bajargan taqdirda, film syomkasiga sarflangan malblagʻning bir qismini qaytarish imkonini beradi. Endi Oʻzbekiston kinoprodyuserlar uchun munosib kurashga kirishmoqda, zero, bu nafaqat sayyohlar oqimi va mamlakat imijiga, balki loyihadan mamlakatda qoladigan byudjetga ham taʼsir qiladi. Shuningdek, Oʻzbekistonda birinchi marta mahalliy kinolokatsiyalarning LocationEXPOuz koʻrgazmasi tashkil qilinib, uni har yili PROlogue xalqaro kinofestivali doirasida oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. LocationEXPOuz – bu butun dunyoning yetakchi kinoprodyuserlari, kinokompaniyalari va lokeyshn menejerlarini syomkalar uchun bizning mahalliy kinolokatsiyalarimiz, ishlab chiqarish texnik sharoitlarimiz bilan tanishtiruvchi “shouril”, bundan maqsad xorijiy kino ishlab chiqaruvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga jalb qilishdan iboratdir. Hujjatga muvofiq, xalqaro kinotadbirlarda Oʻzbekiston Milliy pavilyonining tashkil etilishi, LocationEXPOuz koʻrgazmasining oʻtkazilishi hamda xorijiy kinokompaniyalarga beminnat tashkiliy va ishlab chiqarish-texnik yordam koʻrsatish Oʻzbekiston Milliy kinokomissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tashkilotiga har yili yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishda mablagʻ ajratish vazifasi yuklatilgan. Shu bilan birga, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qoshidagi Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash byudjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan Oʻzbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari haqida qisqa va toʻliq metrajli badiiy filmlar, hujjatli-xronikal filmlar semkasi uchun loyiha qiymatining 30 foizi miqdorida, lekin 3 mlrd soʻmdan oshmagan holda grantlar ajratiladi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasining tahlili shuni koʻrsatadiki, kinoturizm maʼlum bir mamlakatda kinofilmlar tasvirga olishda jahonning mashhur kinokompaniyalarini ragʻbatlantirib, turistik oqimni oshirish, investitsiyalar jalb qilish va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini mustahkamlash maqsadidagi kuchli marketing jihozi sifatida qoʻllaniladi. Global Tourism and Travel Competitive Intelligence Research tadqiqotlariga koʻra, 2015-2017-yillarda filmlar sharofati bilan butun dunyo boʻylab 80 milliondan ziyod kishi sayohat qilgan. 2018-yilda kinosayohat uchun asosiy manzillar sifatida BAA, XXR, AQSH, Yaponiya, Gretsiya, Gruziya kabi mamlakatlar qayd etilgan. Bugunga kelib, dunyoning 97 mamlakatida davlat xorijiy kinokompaniyalarga Rebate tizimi boʻyicha – xarajatlarning 10-35 foizini qoplab berish imkonini taqdim etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?