Oʻzbekiston Osiyodagi eng boy tarixiy merosga ega mamlakat deb tan olindi

11:00 25 Noyabr 2019 Madaniyat
399 0

Kuala-Lumpur shahrida 22-noyabr kuni Malayziya turizm, sanʼat va madaniyat vaziri oʻrinbosari Muhammad Baxtiyor bin Van Chik Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmonovga Oʻzbekiston “Osiyoning eng boy tarixiy merosga ega mamlakati” deb tan olingani toʻgʻrisidagi diplomni topshirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdirlash marosimida Osiyoning 20 mamlakatidan 1000 ga yaqin kishi ishtirok etgan. Gʻoliblar Malayziyaning Research House of Asia Media kompaniyasi tomonidan Osiyo mintaqasi mamlakatlarida oʻtkazilgan ijtimoiy va marketing tadqiqotlari natijalari asosida aniqlangan.

Research House of Asia Media Malayziyaning yirik nashriyot uylaridan biri boʻlib, The Top 10 of Asia, The Top 10 of Malaysia, The Top 10 of Indonesia, The Top 10 of Singapore, The Top 10 of Thailand hamda The Top 10 of Lifestyle kabi ingliz tilidagi jurnallarni chop etadi.

Top 10 Osiyo jurnalining elektron versiyasi 1 milliondan ortiq obunachiga ega. Ushbu mashhur nashr sahifalarida Oʻzbekistonning madaniy, tarixiy va meʼmoriy merosi, shuningdek, sayyohlik salohiyati toʻgʻrisidagi maqolalar bir necha bor nashr etilgan.

Taqdimot marosimida Oʻzbekistonda UNESCO Butunjahon merosiga kiritilgan 5 ta obyekt mavjudligi, shuningdek, mamlakat Oʻzbekiston milliy oʻziga xosligini, islom madaniyati va meʼmorchiligining koʻplab yodgorliklarini saqlab qolishga erishgani taʼkidlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?